Muydinova Arofatoy Urinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon


I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek milliy uyg‘onish adabiyotida muvashshahchilik: an’ana va individuallik”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Fil2452.
Ilmiy rahbar: Pardayev Qo‘ldosh Uzaqovich, filologiya fanlar doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Chirchiq davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01. 
Rasmiy opponentlar: Quvvatova Dilrabo Xabibovna, filologiya fanlari doktori, professor; Radjapova Burobiya Tangirovna, filologiya fanlari nomzodi, yetakchi ilmiy xodim. 
Yetakchi tashkilot: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi o‘zbek milliy uyg‘onish davri adabiyoti namoyandalari ijodidagi muvashshah she’rlar tadqiqi orqali ijodkorlar adabiy-estetik olami va badiiy mahoratini aniqlash, adabiy muhitlardagi muvashshahchilikning xos xususiyatlarini ochib berishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi.
Muvashshahchilikning genetik ildizlari XI-XII asrlarga tegishli ekanligi, o‘sha davrda Ispaniyada arab she’riyatining muvashshah va zajal shakllari keng rivojlangani aniqlangan va ushbu she’r shakllari musammat janrining paydo bo‘lishi va poetik takomiliga ham muayyan darajada ta’sir ko‘rsatgani isbotlanib, muvashshahning qadimiy she’riy shakllardan ekanligi aniqlangan;
milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti ijodkorlari yaratgan muvashshah she’rlar tekshirilishi natijasida davr shoirlarining yaqin do‘stlari kimlar bo‘lgani, ijtimoiy va adabiy hayoti, shoirlar adabiy davrasi, ijodiy hamkorligi kabi ko‘plab masalalar aniqlanib, XIX asr oxiri – XX asr boshlarida muvashshahchilik takomillashgani, Furqat, Muqimiy, Zavqiy, Feruz, Haziniy, Muhsiniy, Muhyi, Qoriy, Kamiy, Xislat kabi shoirlar bu an’anada yetakchilik qilgani dalillangan;
muvashshahning tavshih lafziy san’ati asosida yaratilgan she’riy shakl ekanligi, bir janr ichida ko‘pincha boshqa janr va shakl unsurlari mavjud bo‘lishini hisobga olgan holda muvashshahlarni muvashshah-qit’a, muvashshah-ruboiy, muvashshah-muammo, muvashshah-g‘azal, muvashshah-muxammas, muvashshah-murabba’, muvashshah-musamman, muvashshah-mustazod kabi guruhlashtirish mumkinligi isbotlangan; 
muvashshah-g‘azallarning baytlari ismdagi harflar miqdori bilan belgilanishi, muvashshahlardagi “mullo”, “abdu”, “mir”, “hoji” singari ismlar oldiga qo‘shiladigan; “xon”, “jon”, “qori”, “mahzum”, “bek”, “boy” kabi ism oxiriga qo‘shiladigan so‘z va qo‘shimchalar hisobiga baytlar miqdori oshib borishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotida muvashshahchilik an’anasi va uning har bir shoir ijodidagi individual xususiyatlari tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
milliy uyg‘onish davri adabiyoti ijodkorlari yaratgan muvashshah she’rlar tadqiqi natijasida davr shoirlarining yaqin do‘stlari kimlar bo‘lgani, ijtimoiy va adabiy hayoti, shoirlar adabiy davrasi, ijodiy hamkorligiga doir ilmiy-nazariy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2017-2020-yillarda bajarilgan OT-F1-030 raqamli “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyani (7-jild) chop etish” mavzusidagi fundamental loyihaning Qo‘qon, Xorazm adabiy muhitiga bag‘ishlangan jildida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 2023-yil 21-yanvardagi 04/1-131-son ma’lumotnomasi). Natijada, muvashshahning tavshih lafziy san’ati asosida yaratilgan she’riy shakl ekanligi, bir janr ichida ko‘pincha boshqa janr va shakllar unsurlari mavjud bo‘lishini hisobga olgan holda muvashshahlarni muvashshah-g‘azal, muvashshah-ruboiy, muvashshah-qit’a, muvashshah-muxammas, muvashshah-murabba’ kabi guruhlashtirishga oid tahliliy materiallar bilan boyishiga asos bo‘lgan;
milliy uyg‘onish davri adabiyotidagi turkiy tilda yaratilgan muvashshah she’rlarning badiiy xususiyatlari, shoirlarning lirikadagi mahorati, har bir ijodkorning o‘ziga xos yondashuvi, muvashshahning qadimiy she’riy shakllardan ekanligi, XI-XII asrlarda Ispaniyada arab she’riyatining muvashshah va zajal janrlari keng rivojlangani, musammatlarning vujudga kelishida muvashshah va zajal kabi bandli she’r shakllarining ta’siri kuchli ekanligiga doir ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2020-2022 yillarda bajarilgan PZ-2020042022 raqamli “Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 2023-yil 21-yanvardagi 04/1-130-son ma’lumotnomasi). Natijada, muvashshah she’riy asarlarning tarixiy ildizlari, o‘zbek she’riyatida muvashshahchilik an’anasi, adabiy muhitlardagi muvashshah asarlarning o‘ziga xos xususiyatlari, poetik mazmuni singari masalalar tahliliga oid materiallar bilan boyishiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish