Amirov Zafar Aktamovichning

Falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Huquqbuzarliklarning oldini olishda huquqiy tarbiyaning roli», 12.00.01–Davlat va huquq nazariyasi va tarixi. Huquqiy ta’limotlar tarixi (yuridik fanlar).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Yu57.

Ilmiy rahbar: Mamatov Xudoyor Teshaevich, yuridik fanlar doktori, dotsent.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.23.01.

Rasmiy opponentlar: Turg‘unov Ilhom Turg‘unovich, yuridik fanlar doktori, Yakubov Shuxrat Ummatalievich, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshiriladigan huquqiy tarbiyaning nazariy va tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishga oid taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

normativ-huquqiy hujjatlar mazmuni va mohiyatini fuqarolarga teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar hamda ijtimoiy reklamalar, videolavha va infografikalar kabi innovatsion usullar orqali etkazish huquqbuzarliklarning oldini olish samaradorligini oshirishning muhim omili ekanligi asoslangan;

normativ-huquqiy hujjatlar, ularga oid rasmiy sharhlar va ularni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi tushuntirishlarning matnlari kabi huquqiy axborot fondlarini shakllantirish hamda ularni sun’iy to‘siqlarsiz erkin olish va foydalanishda ochiqlikni ta’minlash lozimligi asoslangan;

barcha turdagi ommaviy axborot vositalarida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda huquqbuzarliklarning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan axborotlarning yoritilishi lozimligi asoslab berilgan;

korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida ta’lim muassasalarida huquqiy ta’lim-tarbiyaga, mutaxassislarni kasbiy tayyorlashning sifatini oshirishga qaratilgan maxsus kurslarni joriy etish maqsadga muvofiqligi asoslantirilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

huquqbuzarliklarning oldini olishda huquqiy tarbiyaning rolini takomillashtirish borasida o‘tkazilgan tadqiqot natijalari asosida:

huquqiy targ‘ibot ishlari ommaviy axborot vositalarida huquqqa oid teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar tashkil etish, bosma va elektron ommaviy axborot vositalariga huquqiy-axborot materiallarini joylashtirish hamda ijtimoiy reklamalar (videolavhalar, infografikalar va boshqalar) kabi innovatsion usullar orqali amalga oshirilishi lozimligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining «Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida»gi qonuni 19-moddasi (Normativ-huquqiy hujjatlarni huquqiy targ‘ibot yo‘li bilan tarqatish)ga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2017 yil 21 sentyabrdagi 06/1-05/651-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif normativ-huquqiy hujjatlarning o‘z vaqtida ijrochilar hamda fuqarolarga etkazilishi va amaliyotga joriy etilishini ta’minlashga xizmat qilib, huquqbuzarlik va uning oqibati haqida faqat eshitish emas, balki ommaviy axborot vositalarida ko‘rish orqali jamiyat a’zolarini qonunga amal qilish majburiyatini ich-ichidan his qilishga xizmat qiladi;

huquqiy axborot fondlari shakllantirilishi lozimligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining «Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida»gi qonuni 11-moddasi (Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlashda ta’lim muassasalarining ishtiroki)ga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2017 yil 21 sentyabrdagi 06/1-05/651-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif yoshlarning huquqiy axborot va me’yoriy-huquqiy manbalardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lishi va undan erkin foydalanishini ta’minlash orqali ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati yuksalishi hamda huquqbuzarliklarning oldini olishda faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qiladi;

ommaviy axborot vositalari korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishga, shu jumladan, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan tadbirlarni yoritishi lozimligi to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunining 15-moddasi (Ommaviy axborot vositalarining korrupsiyaga qarshi kurashishda ishtirok etishi)ga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2018 yil 23 yanvardagi 06/72-son ma’lumotnomasi). Bu fuqarolarning korrupsiya va uning natijasi qanday oqibatlarga olib kelishini anglashi hamda ularning korrupsiyadan tiyilishiga xizmat qilgan. Bundan tashqari, jamiyat a’zolarini korrupsiyaga nisbatan befarq bo‘lmaslikka o‘rgatgan;

ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy ta’lim va tarbiya belgilangan davlat ta’lim standartlariga muvofiq amalga oshirilishi, davlat ta’limni boshqarish organlari va ta’lim muassasalari korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini inobatga olgan holda ta’lim muassasalarida huquqiy ta’lim va tarbiyaga, mutaxassislarni kasbiy tayyorlashning sifatini oshirishga, ta’lim dasturlarini doimiy ravishda takomillashtirib borishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishi lozimligi to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunining 18-moddasi (Ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy ta’lim va tarbiya)ga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2018 yil 23 yanvardagi 06/72-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning qabul qilinganligi bo‘lg‘usi mutaxassislar onggida korrupsiyaga qarshi kurashish immunitetini hosil qilishga, ularning o‘z kasb yo‘nalishiga oid huquq normalarini adolatli tarzda amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirishga hamda korrupsiya va unga oid huquqbuzarliklarning oldini olishga muayyan darajada xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish