Ulug‘muratov Jurabek Farxodovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Anilin pardozli tuyaqush charmining xossalariga yog‘sizlantirish texnologik jarayonining ta’sirini tadqiq qilish” 05.06.03 – “Teri, mo‘yna, poyabzal va teri-galantereya buyumlari texnologiyasi” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/T2407
Ilmiy rahbar: Begaliev Xashim Xikmatdjanovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti, DSc.03/30.12.2019.T.08.01.
Rasmiy opponentlar: Baxadirov G‘ayrat Ataxanovich texnika fanlari doktori, professor; Kazakov Farxod Farmonovich texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Namangan muhandislik-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tuyaqush terilaridan yuqori sifatli ekzotik charm olishda yog‘sizlantirish jarayoni tadqiqotlari asosida tuyaqush teri xomashyosiga ishlov berish texnologiyasini takomillashtirish, o‘tkazilgan tadqiqotlar asosida olingan tuyaqush charmlariga anilinli pardozlash usulini qo‘llash va tuyaqush charmlarining fizik – kimyoviy xossalarini tadqiq qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yog‘sizlantirish jarayoniga uglevodorodlarni va ekologik zarasiz, ionogen bo‘lmagan va anion aktiv tarkibga ega sirt aktiv moddalarni qo‘llagan holda, tuyaqush terilariga ishlov berishning takomillashtirilgan va ixcham texnologiyasi ishlab chiqilgan;
tuyaqush teri dermasini yog‘sizlantirish jarayonida yog‘sizlantiruvchi emul`siya tarkibida uglevodorod  va ekologik zararsiz ionogen bo‘lmagan va anion aktiv tarkibga ega sirt aktiv moddalarning 50:50 optimal nisbatdagi miqdori aniqlangan;
taklif etilgan tarkib asosida yog‘sizlantirish jarayonida teri to‘qimasidagi tabiiy yog‘ miqdorining kamayganligi fizik-kimyoviy,  skanerli mikroskopiya (SEM) va element tahlillar o‘tkazish natijasida aniqlangan;
tuyaqushi teri xomashyosiga ishlov berishdagi yog‘sizlantirish texnologik jarayoni tadqiqotlarida matematik rejalashtirish usuli qo‘llanilib, jarayonning optimal  texnologik  parametrlari ishlab chiqilgan va tuyaqush charmlarini pardozlashda anilin pardozlash usullarini  keng  qo‘llash imkoniyati  xosil bo‘lishi asoslangan;
yog‘sizlantiruvchi emul`siyadagi to‘yingan alkanlar va ekologik zararsiz ionogen bo‘lmagan va anion aktiv sirt aktiv moddalarning teri to‘qimasi strukturasidagi lipidlarni ma’lum bir darajagacha, bir tekis evakuatsiyalanishi natijasida, anilin kompozisiya bilan pardoz qilingan tuyaqush charm yuza sirti mereyasidagi pat follikula tutamlarini o‘zgarishsiz  saqlanib qolishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Anilin pardozli tuyaqush charmining xossalariga yog‘sizlantirish texnologik jarayonining ta’sirini tadqiq qilish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
tuyaqush teri xomashyosiga ishlov berishda yog‘sizlantirish jarayonlarini o‘tkazish texnologik reglamenti “OSIYO – CHARM FAYZ” MChJ da joriy qilingan. (“O‘zcharmsanoat” uyushmasining 2022 yil 23 noyabrdagi FB-7/4072-sonli ma’lumotnomasi). Natijada yog‘sizlantirish jarayonida uglevodorod kerosin va SAMlarni qo‘llash orqali tuyaqush teri to‘qimasi tarkibidagi tabiiy yog‘ miqdorini kamayish hisobiga tuyaqush charmining fizik-mexanik xossalarining yaxshilanishi aniqlangan;
tuyaqush teri xomashyosiga ishlov berishdagi tayyorlov, oshlash oldi va oshlash jarayonlarini o‘tkazish texnologik reglamenti “ULKAN-LAZIZ” MChJ da joriy qilingan. (“O‘zcharmsanoat” uyushmasining 2022 yil 23 noyabrdagi FB-7/4072-sonli ma’lumotnomasi). Natijada yog‘sizlantirish jarayoni tadqiqotlari asosida takomillashgan xromli oshlangan “Wet blue” charmining pishish harorati nazorat namunasidan 6,5 0S yuqori bo‘lishiga erishilgan;
tuyaqush teri xomashyosiga ishlov berishdagi bo‘yash-yog‘lash jarayonlarini o‘tkazish texnologik reglamenti “ULKAN-LAZIZ” MChJ da joriy qilingan. (“O‘zcharmsanoat” uyushmasining 2022 yil 23 noyabrdagi FB-7/4072-sonli ma’lumotnomasi). Natijada yog‘sizlantirish tadqiqotlari asosida olingan tuyaqush “Krast” charmining mustahkamlik chegarasi 0,4 MPA ga, 10 MPa kuch bilan cho‘zilganda uzayish miqdori 6,4 %ga oshishiga erishilgan;
anilin pardozli tuyaqush charmlarini olishda takomillashgan yog‘sizlantirish va pardozlash jarayonlarini ixcham texnologiyasi “TABIIY CHARM” XK da joriy etilgan. (“O‘zcharmsanoat” uyushmasining 2022 yil 23 noyabrdagi FB-7/4072-sonli ma’lumotnomasi). Natijada anilin pardozli tuyaqush charmining 10 MPa kuch bilan cho‘zilganda uzayishi miqdori 7,3 % ga hamda bug‘ o‘tkazuvchanligi 5,36 % oshishiga erishilgan.
anilin pardozli tuyaqush charmni yog‘sizlantirish jarayonida yangi yog‘sizlantiruvchi tarkibli texnologiyasi “ULKAN-LAZIZ” MChJ da joriy etilgan. (“O‘zcharmsanoat” uyushmasining 2022 yil 23 noyabrdagi FB-7/4072-sonli ma’lumotnomasi). Natijada yog‘sizlantirish jarayonida yangi yog‘sizlantiruvchi tarkib qo‘llash orqali teri dermasidagi tabiiy yog‘ni miqdori 2,41 % ga kamayish hisobidan anilin pardozli tuyaqush charmining fizik-kimyoviy va mexanik xossalarini yaxshilanishiga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish