Ro‘zmetov Navro‘zbek Alisherovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Diabetik panja sindromining jarroxlik asoratlarida rekonstruktiv-plastik operatsiyalarni optimallashtirish», 14.00.27 – Xirurgiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Tib2906.
Ilmiy rahbar: Matmurotov Kuvondik Jumaniyozovich, tibbiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Andijon davlat tibbiyot instituti DSc.04/30.12.2019.Tib.95.01.
Rasmiy opponentlar: Xamdamov Baxtiyar Zaripovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Yakubov Farxod Radjapovich, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: oyoqdagi rekonstruktiv-plastik tashrixlarni takomillashtirish orqali diabetik panja sindromida neyrotrofik yaralarni davolash natijalarini yaxshilashdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
diabetik panja sindromining neyropatik shakli neyroishemik shaklidan ko‘ra funksional jihatdan tayanch funksiyasini saqlab qolish uchun qulayroq ekanligi aniqlangan;
panjaning yiringli-nekrotik yarasi bo‘lgan bemorlarda yara nuqsonining joylashuvi tashrixdan keyingi natijalarga bevosita ta’sir ko‘rsatishi, tovon sohasi esa eng muhim hisoblanishi hamda alohida e’tiborni va davolash strategiyasini talab qilishi isbotlangan;
diabetik panja sindromi bilan og‘rigan bemorlarda yara nuqsonining joylashuviga bog‘liq holda yiringli-nekrotik zararlanishlarda rekonstruktiv plastik tashrix turlarini tanlash va uning xususiyatlari aniqlangan;
diabetik panja sindromi fonida oyoqning yarali nuqsonlari bo‘lgan bemorlarda kritik ishemiyada dastlab revaskulyarizatsiya qilish va yiringli-nekrotik o‘choqni sanatsiya qilish bilan tavsiflanuvchi rekonstruktiv plastik tashrixlarni amalga oshirishning differensial usuli takomillashtirilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Diabetik panja sindromida oyoqlarda bajariladigan rekonstruktiv plastik tashrixlarni takomillashtirish orqali neyrotrofik yaralarni davolash natijalarini yaxshilash bo‘yicha ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
diabetik panja sindromining xirurgik asoratlarini davolash natijalarini yaxshilash bo‘yicha tadqiqotning ilmiy natijalari asosida ishlab chiqilgan «Diabetik panjaoyoq sindromining xirurgik asoratlarini davolash natijalarini prognozlash» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023 yil 11 yanvardagi 08-00232-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan tavsiyalar diabet fonida yiringli-nekrotik yaralari bo‘lgan bemorlarni xirurgik davolash strategiyasini tanlashni optimallashtirish, shuningdek, takroriy xirurgik aralashuvlar ehtimolini kamaytirish imkonini bergan;
diabetik panja sindromi fonida oyoqlarda bajariladigan plastik tiklovchi tashrixlarni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy tadqiqot natijalari asosida ishlab chiqilgan «Diabetik panja sindromining asoratlangan shakllarida ikkilamchi plastik tashrixlar» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023 yil 11 yanvardagi 08-00232-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan tavsiyalar DPS fonida plastik amaliyotlarning taktik va texnik jihatlarini takomillashtirish, oyoqlarning funksionalligini saqlab qolish va tayanch-harakat vazifasini oshirish imkonini bergan;
olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlashning amaliy faoliyatiga, jumladan, Xorazm viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga va Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasiga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023 yil 11 yanvardagi 08-00232-son ma’lumotnomasi). Joriy etish natijalari diabetik panja sindromi fonida yiringli-nekrotik yaralarda amalga oshiriladigan rekonstruktiv plastik tashrixlarning taktik jihatlarini takomillashtirish, oyoqlarning funksionalligini saqlab qolish va tayanch-harakat vazifasini oshirish, bemorlarning shifoxonada qolish muddatlarini qisqartirish imkonini bergan.