Ashurov Jamshid Mengnorovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Aril- va geterilkarbon kislotalarining biometallar bilan komplekslari sintezi, tuzilishi va biologik faolligi», 02.00.10–Bioorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/K13.
Ilmiy maslahatchi: Ibragimov Baxtiyor Tulyaganovich, kimyo fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Bioorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Bioorganik kimyo instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘simlik moddalari kimyosi instituti, DSc.27.06.2017.K/V/T.37.01.
Rasmiy opponentlar: Sharipov Xasan Turopovich, kimyo fanlari doktori, professor; Salimov Baxodir Toxirovich, kimyo fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Boboev Baxrom Nurillaevich, kimyo fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: biometallarning aril-, geterilkarbon kislotalari va aminospirtlar bilan kompleks birikmalarini sintez qilish, ularning fazoviy tuzilishi va struktura-biofaollik o‘zaro bog‘liqligini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tanlangan karbon kislotalar asosida 45 ta yangi birikmalar olingan va ularning monokristallari o‘stirilib rentgenostrukturaviy tahlil yordamida fazoviy tuzilishi aniqlangan;
α-(N-benzoksazolin-2-on)sirka kislotasi kristallining ikki polimorf modifikatsiyasi olingan va ularning 127-129°S haroratda α-shakldan β-shaklga o‘tishi, hamda turli Co2+, Ni2+, Cu2+ va Zn2+ metall kationlarini bir xil tipda koordinatsiya qilib izostrukturali komplekslar hosil qilishi aniqlangan;
α-(N-benzoksazolin-2-on)sirka va β-(N-benzoksazolin-2-tion)propion kislotalari metallar bilan komplekslarida metall ionini koordinatsiya qilish usuli kislota qoldig‘iga bog‘liqligi isbotlangan;
α-(N-benzotiazol-2-on)sirka va α-(N-benzoksazolin-2-on)sirka kislotasi anionlari mono-, di-, trietanolamin yoki etilendiamin ishtirok etgan muhitda, metall kationi bilan bevosita koordinatsiya qila olmasligi, ya’ni kislota anionlari kompleks tashqi sferasida lokallanishi aniqlangan;
2,4-dixlorfenoksisirka kislotasi va monoetanolaminning Cu(II) va Zn(II) bilan xelat kompleks birikmalari o‘simliklar o‘sishni samarali stimullashi hamda g‘o‘za ildiz qismida peroksidaza fermenti faolligini oshirishi aniqlangan;
tanlangan geterilkarbon kislotalarining monoetanolammoniyli tuzi va metallar bilan hosil qilgan xelat kompleks birikmalari antifungal faollik namoyon etishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Aril- va geterilkarbon kislotalarining biometallar bilan komplekslari sintezi, tuzilishi va biologik faolligi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
olingan 45 ta yangi birikmaning kristallik tuzilishi aniqlanib Angliyadagi Cambridge Crystallographic Data Center bazasiga kiritilgan (The Cambridge Structural Database, https://www.ccdc.cam. ac.uk/solutions/csd-system/components/csd/). Natijada bazaga kiritilgan birikmalar, o‘xshash birikmalarni sintez qilishda, tuzilishini tavsiflashda taqdim etilgan ma’lumotlardan foydalanish imkonini bergan;
aril- va geterilkarbon kislotalari yangi komplekslarining fazoviy tuzilishi ma’lumotlaridan 40 dan ortiq xorijdagi impakt-faktori (JIF) yuqori ilmiy jurnallarda namunalarning kristallik va molekulyar tuzilishi tahlili uchun foydalanilgan (Russian Journal of Coordination Chemistry, 2015, V.41, ResearchGate, IF-0,53; International Journal of Mass Spectrometry, 2016, V.394, Journal Citation Reports, IF 1,702; Acta Crystallographica Section C:-Structural Chemistry, 2016, C72, Journal Citation Reports, 4.099; Transition Metal Chemistry, 2017, V. 42, Springer, IF 1.358). Natijada karboksil guruhli birikmalar komplekslarining fazoviy tuzilishini tavsiflash va molekulalararo o‘zaro ta’sirlarni aniqlash imkonini bergan;
biometallarning aril- va geterilkarbon kislotalar bilan koordinatsion birikmalari tadqiqoti bo‘yicha olingan natijalar Germaniyaning Aaxen universitetida e’tirof etilgan va ilmiy manba sifatida foydalanilgan (Germaniya Aaxen universitetining 2018 yil 18 martdagi ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi, zaryad zichligidan foydalanib suyuq va gaz fazaga nisbatan kristallik holatida, kislotalikning yuqori bo‘lishini aniqlash imkonini bergan;
tanlangan geterilkarbon kislotalari komplekslarining kristallarini o‘stirib, rentgen tuzilish tahlili yordamida fazoviy va molekulyar tuzilishini tadqiq qilish mobaynida to‘plangan kristallografik ma’lumotlardan FA-F7-T185 raqamli «Tabiiy birikmalar stereokimyosi, metabolizmi, molekulyar dizayni va biologik nishonlar bilan o‘zaro ta’sir mexanizmi» mavzusidagi fundamental loyihada, birikmalarning molekulyar va kristallik tuzilishlarini tadqiq etishda foydalanilgan (Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 4 dekabrdagi FTA-02-11/1244-son ma’lumotnomasi). Natijalar tanlangan birikmalarning stereokimyosini tavsiflash va kristallardagi molekulalararo o‘zaro ta’sirlarni aniqlash imkonini bergan.