Ergashev Urolbek Berkinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ahmad Toshko‘prizodaning ijtimoiy-falsafiy va axloqiy qarashlari”, 09.00.03 – Falsafa tarixi (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Fal728.
Ilmiy rahbar: Nazarov Qiyom Normirzaevich, falsafa fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.F.01.05.
Rasmiy opponentlar: Mahmudova Guli Tilabovna, falsafa fanlari doktori, professor; Pulatova Dildor Akmalovna, falsafa fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy-amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Ahmad Toshko‘prizodaning ijtimoiy-falsafiy va ma’naviy-axloqiy qarashlarining mohiyati, shaxs va jamiyat taraqqiyotida, shuningdek zamonaviy jamiyatda kuzatilayotgan ma’naviy-axloqiy muammolarga echim topishda tutgan o‘rnini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Toshko‘prizodaning ijtimoiy hayot va ilm-fandagi bag‘rikenglik g‘oyalari va tamoyillari falsafa va din o‘rtasidagi ziddiyatga qarshi chiqqanligi, ham diniy, ham falsafiy ilmlarning inson hayoti uchun zarur deb hisoblaganligi, haqiqatga eltuvchi eng sharafli ilm esa ma’rifat ekanligini tushuntirishga harakat qilganligi asoslangan;
Toshko‘prizodaning ma’naviyat, axloqqa oid asarlari va ta’limoti markazida turuvchi do‘stlik, yaxshilik, muhabbat, burch, sadoqat kabi gumanistik g‘oyalari hamda mutafakkir tomonidan ishlab chiqilgan ta’lim texnologiyasining shaxs va jamiyat uchun tarbiyaviy ahamiyati ochib berilgan;
Toshko‘prizoda axloqni amaliy falsafaning bir bo‘lagi sifatida e’tirof etib, uni fiqh va tasavvuf sohasi bilan chambarchas bog‘liqligi hamda so‘fiy axloqini ideal sifatida ko‘rsatilganligi asoslangan;
Toshko‘prizodaning “Mavduot al-ulum” asarida keltirilgan ilmlar tasnifining sistematik xususiyatlari, strukturaviy ahamiyati va ilmiy kamchiliklari hamda mazkur yo‘nalishdagi keyingi davr tadqiqotchilariga ta’siri ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ahmad Toshko‘prizoda ijtimoiy-falsafiy va ma’naviy-axloqiy qarashlarining hozirgi davr jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatini aniqlash jarayonida qo‘lga kiritilgan ilmiy natijalar asosida:
Toshko‘prizodaning ijtimoiy hayot va ilm-fandagi bag‘rikenglik g‘oyalari va tamoyillari falsafa va din o‘rtasidagi ziddiyatga qarshi chiqqanligi, ham diniy, ham falsafiy ilmlarning inson hayoti uchun zarur deb hisoblaganligi, haqiqatga eltuvchi eng sharafli ilm esa ma’rifat ekanligini tushuntirishga harakat qilganligiga oid taklif, tavsiya va xulosalaridan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2020 yil 3 martdagi “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da ma’naviy-ma’rifiy ishlar natijadorligini oshirishga, aholining intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirishga, mafkuraviy immunitetini mustahkamlashga doir chora-tadbirlar dasturi” ijrosini ta’minlash maqsadida Markazning Jizzax viloyati Yangiobod tumani bo‘linmasi tomonidan 2020-2021 yillarda o‘tkazilgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusidagi targ‘ibot faoliyatida foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2021 yil 23 apreldagi 01/07-438-son dalolatnomasi). Natijada targ‘ibot tadbirlari davomida aholining, ayniqsa yoshlarning ma’naviy-axloqiy va diniy-falsafiy dunyoqarashi yanada kengayishiga erishilgan;
Toshko‘prizodaning ma’naviyat, axloqqa oid asarlari va ta’limoti markazida turuvchi do‘stlik, yaxshilik, muhabbat, burch, sadoqat kabi gumanistik g‘oyalari hamda mutafakkir tomonidan ishlab chiqilgan ta’lim texnologiyasining shaxs va jamiyat uchun tarbiyaviy ahamiyatiga oid xulosa, taklif va tavsiyalaridan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi tomonidan 2021 yil 2 fevral kuni Toshkent madaniyat kollejida o‘tkazilgan “Yuksak milliy-madaniy taraqqiyotning ma’naviy asoslari” mavzusidagi seminar dasturini tayyorlash va ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2021 yil 30 martdagi 05-12-10-1706-son ma’lumotnomasi). Natijada ilmiy xulosa va takliflar o‘tkazilgan ma’rifiy tadbirning sermazmun bo‘lishiga, ishtirokchilarda ijobiy taassurot qolishiga xizmat qilgan;
Toshko‘prizoda axloqni amaliy falsafaning bir bo‘lagi sifatida e’tirof etib, uni fiqh va tasavvuf sohasi bilan chambarchas bog‘liqligi hamda so‘fiy axloqini ideal sifatida ko‘rsatilganligiga oid taklif va xulosalardan O‘zbekiston Milliy axborot agentligining muxbirlari tomonidan tahliliy axborot materiallarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy axborot agentligining 2021 yil 30 martdagi 01-23/214-son ma’lumotnomasi). Natijada ilmiy xulosa va takliflar agentlik muxbirlari tomonidan tayyorlangan ilmiy-ma’rifiy materiallarning mazmunli bo‘lishiga xizmat qilgan;
Toshko‘prizoda ma’naviy-axloqiy g‘oyalarining axloqiy qadriyatlarga salbiy ta’sir etuvchi buzg‘unchi omillarning oldini olishdagi o‘rni, SHarqda ilmlar tasnifi masalasining ilmiy va falsafiy fikr taraqqiyotidagi o‘rni va roli, Toshko‘prizodaning “Mavduot al-ulum” asarida ilmlar tasnifi masalasining keyingi davr jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatiga oid xulosa, takliflardan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tayyorlangan “Hakim Termiziy yo‘lining boshlanishi”, “Nafs odobi”, “Kasb-tirikchilik bayoni”, “Sabotu-l-ojiziyn”, “Ash-Shamoil al-Muhammadiya”, “Sunani Termiziy” asarlarining tarjimasini tayyorlashda va mazmunini to‘ldirishda foydalanilgan (Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2022 yil 27 iyundagi 01-07/100-son ma’lumotnomasi). Natijada dissertatsiyada ilgari surilgan ijtimoiy, falsafiy, ma’naviy, axloqiy, ta’limiy tushunchalar va ilmiy-nazariy ma’lumotlar ajdodlarimiz merosidan keng foydalanib ta’lim-tarbiya sohasini rivojlantirishda manbaiy asos bo‘lib xizmat qilgan;
Toshko‘prizodaning “Mavduot al-ulum” asarida keltirilgan ilmlar tasnifining sistematik xususiyatlari, strukturaviy ahamiyati va ilmiy kamchiliklari hamda mazkur yo‘nalishdagi keyingi davr tadqiqotchilariga ta’siriga oid ilmiy yangilik va xulosalardan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hududiy kengashlarining 2022 yilga mo‘ljallangan faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ish rejasini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashining 2022 yil 1 iyuldagi 02/05-141-son dalolatnomasi). Natijada ilmiy yangilik va xulosalar partiya faoliyati davomida yoshlarda ma’naviy-axloqiy, ilmiy, ijodiy va innovatsion g‘oyalarni aniqlashga ko‘maklashuvchi ilmiy-metodik tavsiyalar, uslubiy ko‘rsatmalar ishlab chiqishga xizmat qilgan.