Ataniyazov Jasurbek Xamidovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda moliya-sanoat guruhlarini shakllantirish va rivojlantirishning metodologik asoslarini takomillashtirish», 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/Iqt81.

Ilmiy maslahatchi: Jumaev Nodir Xosiyatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti DSc.27.06.2017.I.15.01.

Rasmiy opponentlar: Iminov Odiljon Karimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Mustafakulov Sherzod Igamberdievich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent; Ismailov Alisher Agzamovich, iqtisodiyot fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

IITadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda moliya-sanoat guruhlarini shakllantirish va rivojlantirishning metodologik asoslarini takomillashtirish yuzasidan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

banklar va sanoat korxonalari kapitali integratsiyasini kuchaytirishda tijorat banklarining kapitallashuv darajasini, korxonalar ustav kapitaliga hamda iqtisodiy nochor korxonalarga yo‘naltiriladigan investisiyalari hajmini oshirish orqali sho‘’ba korxonalarni tashkil etish, istiqbolda ular ishtirokida moliya-sanoat guruhini shakllantirishda ilg‘or xorij tajribalaridan foydalanishning maqsadga muvofiqligi asoslangan;

moliya va sanoat kapitali integratsiyasini kuchaytirish natijasida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatish hajmining o‘sishi hisobiga YaIM hajmining qo‘shimcha oshishi prognozi ishlab chiqilgan;

ishlab chiqarishning texnologik davri o‘zaro yaqin bo‘lgan sanoat, xizmat ko‘rsatish korxonalari ishtirokida vertikal integratsiyalashgan tuzilmalarni shakllantirish iqtisodiy samarali ekanligi aniqlangan;

hududlarning sanoat ishlab chiqarishiga ixtisoslashuvi asosida joylashuvi bir-biriga yaqin korxonalar ishtirokida vertikal integratsiyalashgan tuzilmalarning klaster shaklini tashkil etish tavsiya etilgan hamda sanoat klasterida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘zaro munosabatining tashkiliy-iqtisodiy tuzilmasi ishlab chiqilgan;

hududlarda integratsiyalashgan moliya-sanoat tuzilmalarini shakllantirish loyihalarini benchmarking texnologiyalarini qo‘llash orqali moliyaviy ta’minlashning «yo‘l xaritasi» tavsiya etilgan;

milliy iqtisodiyotda xalqaro raqobatbardosh moliya-sanoat tuzilmalarini tashkil etish hamda rivojlantirish borasidagi ilmiy-nazariy qarashlar bo‘yicha mustaqil mualliflik yondashuvi ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekistonda moliya-sanoat guruhlarini shakllantirish va rivojlantirishning metodologik asoslarini takomillashtirish bo‘yicha erishilgan natijalar asosida:

banklar va sanoat korxonalari kapitali integratsiyasini kuchaytirishda banklar tomonidan korxonalar ustav kapitaliga yo‘naltiriladigan investisiyalarni oshirish taklifi («O‘zsanoatqurilishbank» ATBning 2016 yil 15 iyundagi 09-1-01-14/5603-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga tatbiqi natijasida korxonalarning ustav kapitaliga yo‘naltirilgan jami qo‘yilmalar hajmi 2015 yilda 2014 yilga nisbatan 1,6 foizga yoki 239 mln. so‘mga, mazkur faoliyatdan olingan daromad esa 344 mln. so‘mga oshgan;

tijorat banklari ishtirokida moliya-sanoat guruhlarini tashkil etilishini inobatga olgan holda, ularning kapitallashuv darajasini oshirish hamda investisiya faoliyatini yanada kengaytirish takliflari («O‘zsanoatqurilishbank» ATBning 2016 yil 15 iyundagi 09-1-01-14/5603-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning amaliyotga tatbiqi natijasida 2015 yilda 2014 yilga nisbatan «O‘zsanoatqurilishbank»ning kapitallashuv darajasi 19,4 foizga, investision portfel hajmi esa 6,9 foizga oshgan. Investision portfel bo‘yicha daromad esa 17,8 foizga yoki 552,5 mln. so‘mga ortgan;

moliya-sanoat guruhlarini shakllantirishning «Germaniya» modelidan foydalanish asosida bank tomonidan iqtisodiy nochor korxonalarga investisiyalar kiritish orqali shu’ba korxonalarni tashkil etish va istiqbolda mazkur korxonalar ishtirokida moliya-sanoat guruhini shakllantirish taklifi («O‘zsanoatqurilishbank» ATBning 2016 yil 15 iyundagi 09-1-01-14/5603-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga tatbiqi natijasida bank tomonidan iqtisodiy nochor korxonalar negizida tashkil etilgan shu’ba korxonalarda ishlab chiqarishni qayta tiklash va modernizatsiyalash maqsadlariga yo‘naltirilgan investisiya qo‘yilmalari hajmi 2015 yilda 2014 yilga nisbatan 6 228 mln. so‘mga oshgan;

moliya va sanoat kapitali integratsiyasini kuchaytirish bo‘yicha berilgan taklifi asosida iqtisodiyotning real sektori va bank-moliya tizimining integratsiyasi natijasida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hamda moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish hajmining o‘sishi va istiqbolda mamlakatimizda YaIMning 976,5 mlrd. so‘mdan 1362,5 mlrd. so‘m oralig‘ida qo‘shimcha oshishiga erishilishini ta’minlashi prognoz qilingan. (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining 2017 yil 28 noyabrdagi AD-1-8/20-115-son ma’lumotnomasi);

ishlab chiqarishning texnologik davri o‘zaro yaqin bo‘lgan sanoat, xizmat ko‘rsatish korxonalarining vertikal integratsiyasi orqali integratsiyalashgan tuzilmalarni shakllantirish taklifi (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining 2017 yil 28 noyabrdagi AD-1-8/20-115-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 17 noyabrdagi ««O‘zagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi PF-4857-son Farmonida inobatga olinib, unga muvofiq tashkil etilgan «O‘zagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyatining asosiy faoliyat yo‘nalishlarini belgilashda foydalanilgan;

istiqbolda moliya va sanoat kapitali integratsiyasini kuchaytirish maqsadida hududlarning sanoat ishlab chiqarishiga ixtisoslashuv indeksini hisoblash asosida mahsulotlarni qayta ishlash, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, savdo va boshqa zamonaviy bozor xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan integratsiyalashgan korporativ tuzilmalarni shakllantirish borasidagi taklifi (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining 2017 yil 28 noyabrdagi AD-1-8/20-115-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 sentyabrdagi «Sirdaryo viloyatida zamonaviy paxtachilik-to‘qimachilik klasterini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3279-son Qarorida inobatga olingan hamda unga muvofiq tashkil etilgan klaster faoliyatida qo‘llanilgan;

hududlarda integratsiyalashgan moliya-sanoat tuzilmalarini shakllantirish loyihalarini benchmarking texnologiyalarini qo‘llash orqali moliyaviy ta’minlash bo‘yicha tavsiya etilgan «yo‘l xaritasi» Sirdaryo viloyatida tashkil etilgan klaster faoliyatida qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining 2017 yil 28 noyabrdagi AD-1-8/20-115-son ma’lumotnomasi). Bu agrosanoat korxonalari integratsiyasi asosida korporativ tuzilmalarni shakllantirishning bosqichlarini aniqlash, integratsiyalashgan tuzilma doirasida  loyihalarni moliyaviy ta’minlash tizimini tashkil etish imkonini berdi;

milliy iqtisodiyotda xalqaro raqobatbardosh moliya-sanoat tuzilmalarini tashkil etish hamda rivojlantirish borasidagi ilmiy-nazariy qarashlar «Xalqaro moliya munosabatlari» fani bo‘yicha darslikka kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2014 yil 9 iyundagi 220-023-son guvohnomasi; Toshkent moliya institutining 2017 yil 21 noyabrdagi 2/4064-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy natijalardan darslikda foydalanish milliy iqtisodiyotda integratsiyalashgan tuzilmalar faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish