Jo‘raev Mamatqul Abduraxmanovichning

dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Lalmikor mintaqalar uchun qurg‘oqchilik va issiqlikka chidamli yuqori sifatli serhosil yumshoq bug‘doy navlarini yaratish», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Qx20.

Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti G‘allaorol ilmiy-tajriba stansiyasi.

Ilmiy rahbar: Amanov Amir, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan:

«Istiqlol-6» kuzgi yumshoq bug‘doy navi (NAR 00162); «So‘g‘diyona» kuzgi yumshoq bug‘doy navi (NAR 00165).

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2018 yil 22 yanvardagi 02-11/140-son va 02-11/142-son xulosalari.

II. Tadqiqotning maqsadi: lalmi maydonlar uchun qimmatli xo‘jalik belgi va xususiyatlariga ega bo‘lgan yumshoq bug‘doy navlarini yaratishda boshlang‘ich manbalarni tanlash, ularni seleksiya jarayoniga tavsiya etish hamda qurg‘oqchilikka, issiqlikka chidamli, ertapishar, don hosili va sifati yuqori  yumshoq bug‘doy navlarini yaratishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor lalmikor mintaqalar uchun yumshoq bug‘doyning yangi nav va liniyalari boshlang‘ich manba sifatida tanlab olingan hamda seleksiya jarayoniga tatbiq etilgan;

lalmikor mintaqalarda tashqi muhitning noqulay omillariga chidamli, serhosil va don sifati yuqori bo‘lgan yangi yumshoq bug‘doy navlarini yaratish uchun nav va nav namuna, liniyalarning mahsuldorligi va boshqa qimmatli xo‘jalik belgilari aniqlangan;

tanlab olingan nav, nav namuna va liniyalarni duragaylash yo‘li bilan yangi boshlang‘ich manbalar yaratilgan va duragay avlodlarda qimmatli xo‘jalik belgilarning nasldan-naslga o‘tishi isbotlangan;

duragaylash yo‘li bilan lalmikor mintaqalar uchun mos bo‘lgan kuzgi yumshoq bug‘doyning «Istiqlol-6» va «So‘g‘diyona» navlari yaratilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Lalmikor mintaqalar uchun qurg‘oqchilik va issiqlikka chidamli yuqori sifatli serhosil yumshoq bug‘doy navlarini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:

duragaylash yo‘li bilan lalmikor mintaqalar uchun kuzgi yumshoq bug‘doyning «Istiqlol-6» navi yaratilgan va 2017 yildan Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari lalmi maydonlarida kuzgi muddatlarda ekish uchun qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat reestriga kiritilgan (Qishloq xo‘jalik ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasining 2018 yil 9 fevraldagi 3/4-414-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida kuzgi yumshoq bug‘doyning ushbu navidan lalmi maydonlarda yuqori va sifatli don hosili olishga erishilgan;

lalmikor mintaqalar uchun kuzgi yumshoq bug‘doyning «So‘g‘diyona» navi yaratilgan va 2018 yildan Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarining lalmi maydonlarida kuzgi muddatlarda ekish uchun istiqbolli navlar ro‘yxatiga kiritilgan (Qishloq xo‘jalik ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasining 2018 yil 9 fevraldagi 3/4-414-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu kuzgi yumshoq navi lalmikor mintaqalarda g‘allachilik fermer xo‘jaliklarida asosiy maydonlarga ekilgan;

qurg‘oqchilikka va issiqlikka hamda zang kasalliklariga chidamli kuzgi yumshoq bug‘doyning «Istiqlol-6» navi Jizzax, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari lalmi maydonlarida jami 958 gektarda joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 30 yanvardagi 02/21-75-son ma’lumotnomasi). Natijada lalmikor maydonlarda mazkur navdan andoza navlarga nisbatan gektaridan 4,5-6,3 sentner qo‘shimcha don hosili olingan va rentabellik darajasi 25-35 foizni tashkil etgan;

kuzgi yumshoq bug‘doyning «So‘g‘diyona» navi Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari lalmi maydonlaridagi g‘allachilik fermer xo‘jaliklarida jami 142 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 30 yanvardagi 02/21-75-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida ushbu navdan andoza navlarga nisbatan gektaridan 5,8-7,2 sentnergacha qo‘shimcha don hosili olishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish