Siddiqov Risqul Ergashboevichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida fan doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sug‘oriladigan maydonlarda bug‘doy navlarini yaratish va birlamchi urug‘chiligini takomillashtirish (Mirzacho‘l sharoitida)», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.DSc/Qx87.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti G‘allaorol ilmiy-tajriba stansiyasi.
Ilmiy rahbar: Amanov Amir, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan: «Bahor-1» bahorgi yumshoq bug‘doy navi (NAP 00172); «Istiqlol-20» kuzgi yumshoq bug‘doy navi (NAP 00163); «Semurug‘» kuzgi yumshoq bug‘doy navi (NAP 00166); «Istiqbolli» kuzgi qattiq bug‘doy navi (NAP 00177).
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2018 yil 22 yanvardagi 02-11/144-son; 02-11/141-son; 02-11/143-son va 02-11/145-son xulosalari.
II. Tadqiqotning maqsadi: respublikaning suv bilan kam ta’minlangan maydonlarida ekish uchun serhosil ertapishar, tuproq va havo qurg‘oqchiligiga, issiqlikka, kasalliklarga bardoshli, don sifati yuqori bo‘lgan yumshoq va qattiq bug‘doy navlarini yaratish hamda birlamchi urug‘chiligini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor respublikaning suv bilan kam ta’minlangan sug‘oriladigan maydonlarida (Mirzacho‘l sharoitida) yumshoq va qattiq bug‘doyning introduksiya qilingan jahon kolleksiyasi nav namunalarining qimmatli xo‘jalik belgi va xususiyatlari aniqlangan;
yumshoq, qattiq bug‘doyning har xil ekologik-geografik guruhlariga baho berilgan va serhosil, qurg‘oqchilikka, issiqlikka, kasalliklarga va sho‘rga chidamli bo‘lgan manbalari aniqlangan;
Mirzacho‘l sharoitda tashqi muhitning noqulay sharoitlariga, issiqlikka, qurg‘oqchilikka va kasalliklarga chidamli, ertapishar, serhosil, yuqori sifatli belgilarini mujassamlashtirgan duragaylar yaratish uchun chetdan keltirilgan navlar bilan mahalliy navlarni chatishtirish yo‘lga qo‘yilgan;
olingan duragaylarda qimmatli xo‘jalik belgi va xususiyatlarining irsiylanishi hamda seleksiya ishlari olib borilishi natijasida yangi nav liniyalar yaratilgan;
genetik kelib chiqishi uzoq bo‘lgan xorijdan keltirilgan navlar bilan mahalliy navlar ishtirokida 25 ta kombinatsiyada G‘1 avlodlar ajratib olingan va dominantlik hamda to‘liq irsiylanish belgilari aniqlangan;
jahon kolleksiyasidan tanlab olingan nav va namunalar bilan mahalliy navlarni chatishtirish asosida 25 ta kombinatsiyada yaratilgan G‘1 va G‘2 avlodlarida duragaylarning o‘simlik bo‘yi, boshoq uzunligi, boshoqdagi donlar soni, 1000 ta don vazni kabi belgi xususiyatlarining irsiylanishi isbotlangan;
qimmatli xo‘jalik belgi va xususiyatlari asosida qurg‘oqchilik, issiqlik, sho‘rga hamda zang kasalliklariga chidamli, serhosil, don sifati yuqori bo‘lgan yumshoq bug‘doyning «Bahor-1», «Istiqlol-20», «Semurug‘» va qattiq bug‘doyning «Istiqbolli» navlari yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Yumshoq va qattiq bug‘doyning yuqori sifatli seleksion manbalarini yaratish va tur ichida murakkab duragaylash bo‘yicha olib borilgan seleksion tadqiqotlar natijalari asosida:
boshoqli don ekinlarini etishtirish bo‘yicha «Sug‘oriladigan maydonlarda boshoqli don ekinlarini etishtirish bo‘yicha tavsiyalar», «Jizzax viloyatida bug‘doychilikning ilmiy-amaliy asoslari», «Iqlim va ob-havo sharoitlari o‘zgarishining lalmikor ekinlar hosildorligiga ta’siri» va «Lalmi erlarda boshoqli don ekinlarini etishtirish» tavsiyanomalari ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 30 yanvardagi 02/21-74-son ma’lumotnomasi). Natajada ushbu tavsiyanomalar sug‘oriladigan va lalmikor maydonlarda boshoqli don ekinlaridan yuqori va sifatli don hosili olishga xizmat qilgan;
qimmatli xo‘jalik belgilariga ega hosildor, qurg‘oqchilikka, issiqlikka va zang kasalliklarga chidamli kuzgi yumshoq bug‘doyning «Bahor-1», qattiq bug‘doyning «Istiqbolli» navlari yaratilgan ekin uchun qishloq xo‘jaligi ekinlari Davlat reestriga kiritilgan (Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasining 2018 yil 9 fevraldagi 53/4-144-son malumotnomasi). Buning natijasida yumshoq va qattiq bug‘doyning qurg‘oqchilik, issiqlik va kasalliklarga chidamli, «Bahor-1» va «Istiqbolli» navlaridan gektaridan 10-15 sentnergacha qo‘shimcha don hosili olishga erishilgan;
qurg‘oqchilikka, issiqlikka va zang kasalliklarga chidamli yumshoq bug‘doyning «Semurug‘», «Istiqlol-20» navlari yaratilgan istiqbolli navlar ro‘yxatiga kiritilgan (Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasining 2018 yil 9 fevraldagi 53/4-144-son malumotnomasi). Natijada bug‘doyning qurg‘oqchilik, issiqlik va kasalliklarga chidamli «Istiqlol-20» va «Semurug‘» navlaridan gektaridan 10-11 sentnergacha qo‘shimcha don hosili olingan;
respublikaning sug‘oriladigan maydonlarida 2013–2017 yillarda yumshoq bug‘doyning yangi yaratilgan «Bahor-1» navi 23,5 gektar, «Istiqlol-20» navi 101,5 gektar, «Semurug‘» navi 242 gektar va qattiq bug‘doyning «Istiqbolli» navi 24,0 gektar jami 391 gektar maydonga joriy etilgan. (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 30 yanvardagi 02/21-74-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida ushbu navlardan andoza navlarga nisbatan gektaridan 6,8-10,5 sentnergacha qo‘shimcha don hosili olinib, iqtisodiy samaradorlik 380,0-550,0 ming so‘mni, rentabelligi 28-36 foizni tashkil etgan.