Nasimov Alisher Nasriddinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “XX asr – XXI asr boshlari tadqiqotlarida O‘zbekistonning janubiy hududlari etnografiyasi masalalari”, 07.00.07 “Etnografiya, etnologiya va antropologiya”, 07.00.08 “Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari” (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/Tar968.
Ilmiy rahbar: Doniyorov Alisher Xudoyberdiyevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat universiteti. PhD.03/30.12.2019.Tar.78.02.
Rasmiy opponentlar: Tursunov Nurullo Narzullayevich, tarix fanlari doktori, dotsent (DSc); Ergashev Baxtiyor Ergashevich, tarix fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
II. Tadqiqotning maqsadi XX-XXI asr boshlarida yaratilgan tadqiqotlarda O‘zbekistonning janubiy hududlari etnografiyasi masalasini tarixshunoslik nuqtai nazaridan ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekistonning janubiy hududlari etnografiyasiga doir bilimlar to‘lqinsimon tarzda rivojlangani, avvaliga markaziy hukumat manfaatlariga xizmat qilib, asosan etnografik bilimlar rivoji uchun emas, balki statistik ma’lumotlarni yig‘ishga qaratilgani, mahalliy aholi urf-odatlari esa “eskilik sarqiti” sifatida noto‘g‘ri talqin qilingani ochib berilgan;
XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab etnografik tadqiqotlarga mahalliy olimlarning keng jalb etilishi natijasida O‘zbekistonning janubiy vohalariga uyushtirilgan ekspedisiyalar soni ortgani, Qashqadaryo va Surxondaryo vohasida istiqomat qiluvchi turli urug‘-qabila birlashmalarining etnogenezi va etnik tarixi, moddiy va ma’naviy madaniyatining chuqur etnografik o‘rganilishi jadallashgani, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar esa aniqlashgani dalillangan;
O‘zbekistonning janubiy hududlari etnografiyasini yoritishda asosiy e’tibor xalqning etnogenezi va etnik tarixi, xo‘jalik hayoti, kiyim-kechaklarini ochib berishga qaratilib, din va diniy qarashlar masalasi, xalq orasida saqlanib kelayotgan kundalik marosim va urf-odatlar, ularning davr va siyosat ta’sirida o‘zgarishiga kam e’tibor qaratilgani isbotlab berilgan;
o‘rganilayotgan hudud etnografiyasiga oid tadqiqotlar natijalariga asosan Surxon vohasida etnik tarix masalasi nisbatan kengroq tadqiq etilgani, Qashqadaryo vohasida etnik tarix muammosi esa bundan ellik yil avval (1973 yilda Q.Kubakov tomonidan) maxsus o‘rganilganligi, viloyatining boshqa hududlari (Qashqadaryoning markaziy va quyi qismlari) hali to‘liq tadqiq etilmagani, mavjud ma’lumotlar ma’nan eskirgani aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XX asr – XXI asr boshlari tadqiqotlarida O‘zbekistonning janubiy hududlari etnografiyasi masalalari yuzasidan kelingan ilmiy xulosalar va ishlab chiqilgan takliflar asosida:
XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab O‘zbekistonning janubiy vohalariga uyushtirilgan ekspedisiyalar soni ortishi, Qashqadaryo va Surxondaryo vohasida istiqomat qiluvchi turli urug‘-qabilalarning etnogenezi va etnik tarixi, moddiy va ma’naviy madaniyatining chuqur etnografik o‘rganilishiga oid tadqiqotlar tahlili bo‘yicha ilmiy xulosalar O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy mavzusidagi “Taqdimot” ko‘rsatuvining ssenariysini tuzish va tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2022 yil 18 oktabrdagi 02-31-1754-son ma’lumotnomasi). “Taqdimot”da Qashqadaryo va Surxondaryo vohasi aholisining o‘ziga xos etnomadaniyati shakllangani, turli davrlarda turlicha yondashuvlar asosida o‘rganilgani xususidagi g‘oyalar ilgari surilgan, respublikamizda hududiy (lokal) etnografiyaga oid bilimlarni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishga xizmat qilgan;
Surxondaryo vohasi etnik tarixi nisbatan kengroq tadqiq etilgani, Qashqadaryo vohasining etnik tarixi esa bundan ellik yil avval maxsus o‘rganilgan bo‘lib, viloyatning boshqa hududlari (Qashqadaryoning markaziy va quyi qismlari) hali to‘liq tadqiq etilmagani, mavjud ma’lumotlar ma’nan eskirgani to‘g‘risidagi xulosalardan Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi tizimlarida turli ko‘rinishdagi targ‘ibot materiallar tayyorlashda, ilmiy konferensiyalar, festivallar hamda tanlov g‘oyasi ishlab chiqish va targ‘ib etishda fodalanilgan (Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondining 2022 yil 13 oktabrdagi 01-39/13.10.22-son ma’lumotnomasi). Ushbu natijalar fondning xalq tarixiga oid ma’lumotlarini boyitishga xizmat qilgan;
O‘zbekistonning janubiy hududlari etnografiyasiga doir bilimlar to‘lqinsimon tarzda rivojlangani, avvaliga markaziy hukumat manfaatlariga xizmat qilib, asosan etnografik bilimlar rivoji uchun emas, balki statistik ma’lumotlarni yig‘ishga qaratilgani, mahalliy aholi urf-odatlari esa eskilik sarqiti sifatida noto‘g‘ri talqin qilingani to‘g‘risidagi xulosalardan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2022 yilda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqishda foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutining 2022 yil 14 oktabrdagi 314-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar janubiy mintaqa aholisining etnografiyasi qay darajada o‘rganilganini aniqlashga, shuningdek, ularning madaniy o‘ziga xosliklarini ko‘rsatib berishga xizmat qilgan.