Sherzod Yunusovich Salimovning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda o‘tish davri ijtimoiy-demografik jarayonlari: holati va o‘zgarishlar (1991-2016)”, 07.00.01 - O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2022.3.PhD/Tar333.
Ilmiy rahbar: Shavkat Muhammadaliyevich Raxmatullayev, tarix fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Fanlar akademiyasi Tarix instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti. DSc.02/30.12.2019. Tar.56.01. 
Rasmiy opponentlar: Rahbar Hamidovna Murtazayeva, tarix fanlari doktori, professor; Dilorom Bobojonovna Bobojonova, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markazi. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 1991-2016 yillarda O‘zbekistonda kechgan ijtimoiy-demografik jarayonlarning holatini va undagi o‘zgarishlarni ochib berishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
O‘zbekistonda aholi o‘sish suratlarining yuqoriligi va ko‘p farzandlilik, ishsizlar sonining ortib borishi, aholining aksariyat qismi qishloqlarda yashashi, barqaror daromadning yo‘qligi, hududning sust iqtisodiy rivojlanganligi, mehnat migratsiyasining vujudga kelishi kabi muammolar e’tibordan chetda qolib kelganligi asoslangan; 
mustaqillik sharoitida ijobiy yoki salbiy ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarning aholi turmushida aks etishi, aholining kambag‘allashuvi va ularni ijtimoiy himoyalashda pul mablag‘larining aholiga etib bormay talon-taroj qilinganligi dalillangan; 
1990-yillarda kuzatilgan reemigratsiya jarayonining demografik vaziyatiga ijtimoiy ta’sir ko‘rsatmagan holda, yuqori malakali mutaxassislarning kamayishi, o‘zbek millati orasida shaharlashuv tendensiyasining faollashuviga qaramasdan malakali mutaxassislar o‘rni qoplanmaganligi aniqlangan; 
2000 yillardan boshlab qishloq xo‘jaligidagi shirkatlar va fermer xo‘jaliklarining qayta tashkil etilishi tufayli qishloq xo‘jaligi tarmoqlaridagi sohalarda mehnatga talabni qisqarishi, mehnatga haq to‘lashda oylik maoshining pasayishi, doimiy ishning yo‘qligi kabi holatlar mehnatga layoqatli aholi orasida to‘liq kasbiy ta’lim va ko‘nikmaga ega bo‘lmagan qatlam mamlakatdan chetda mehnat faoliyatini olib borishga sabab bo‘lgani dalillangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mavzu yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida: 
mustaqillik sharoitidagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarning aholi turmushida aks etishi, aholining kambag‘allashuvi va ularni ijtimoiy himoyalashda pul mablag‘larining aholiga etib bormay talon-taroj qilinganligini aks etgan ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida “Mustaqillik yillarida O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi” nomli ko‘rgazma tashkil etishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasining 2022 yil 23 avgustdagi 1/181-son ma’lumotnomasi). Ular muzeylashtirilishi davom etayotgan “Islom Karimov muzeyi” fondini va sohani yangi ma’lumotlar bilan to‘ldirish hamda keng jamoatchilikka taqdim etish imkonini bergan; 
O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida obyektiv va subyektiv sabablar tufayli yuzaga kelgan muammolari ijtimoiy-demografik jarayonlarga ta’sir ko‘rsatdi. Aholi o‘sish suratlarining yuqoriligi va ko‘p farzandlilik, ishsizlar sonining ortib borishi, aholining aksariyat qismi qishloqlarda yashashi, barqaror daromadning yo‘qligi, hududning sust iqtisodiy rivojlanganligi, mehnat migratsiyasi muammolari e’tibordan chetda qolib kelganligiga oid ilmiy natijalardan O‘zMTRK “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Mavzu” ko‘rsatuvining senariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zMTRK “O‘zbekiston” teleradiokanali DUKning 2022 yil 24 avgustdagi 02-31-1388-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarining joriy etilishi keng jamoatchilik orasida O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holati, kuzatilgan kamchiliklar, sohadagi muammolar va yutuqlar haqidagi bilimlarini boyitishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish