Raxmatullaeva Nargiza Tulkunovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Temir va sur`ma elementlarini tanlovchan ekstraksion ajratish va ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri organik fazada geterosiklik azobirikmalari bilan fotometrik aniqlash usullarini yaratish», 02.00.02 – Analitik kimyo, 03.00.10 – Ekologiya (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam B2022.3.PhD/K.531.
Ilmiy rahbarlar: Giyasov Anvar Sharipovich, kimyo fanlari nomzodi, dosent; Raximova Latofat Sobirjonovna, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti huzuridagi DSc.03/30.12.2019.K.01.03 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Turabov Nurmuxammad, kimyo fanlari nomzodi, professor; Muxamedov Qobiljon G‘ofurovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: temir va sur`ma elementlarini tanlovchan ekstraksion ajratish va ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri organik fazada geterosiklik azobirikmalari bilan fotometrik aniqlash usullarini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk marta temir (III) va sur`ma (V) ionlarini inert organik erituvchilarga tanlovchan ekstraksiyalanishning optimal sharoitlari topilgan va gidrat-sol`vat mexanizmi asosida tanlovchan ekstraksiyalanishi ko‘rsatib berilgan;
temir (III) va sur`ma (V) ionlarini organik fazada geterotsiklik azobo‘yoqlar bilan kompleks hosil qilishining optimal sharoitlari aniqlangan;
ilk bor temir (III) va sur`ma (V) elementlari uchun yangi, tanlovchan, sezgir, tezkor va sodda bo‘lgan ekstraksion-fotometrik aniqlash usullari yaratilgan;
temir (III) va sur`ma (V) ionlarining PAN, PAAF, PAAK azobo‘yoqlari bilan hosil qilgan kompleks birikmalarning mikrostruktura tuzilishlari aniqlangan;
yangi yaratilgan ekstraksion-fotometrik usul ishlab chiqarish oqova suvlari tarkibidagi temir (III) va sur`ma (V) ionlarini tezkorlik bilan aniqlash mumkinligi isbotlangan;
suv havzalari va sanoat oqova suvlari tarkibidagi temir (III) va sur`ma (V) ionlari miqdorlariga ekologik baho berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Azobo‘yoqlar yordamida temir va sur`ma ionlarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ishlab chiqilgan yangi ekstraksion-fotometrik aniqlash usullari “Toshkent shahar suv ta’minoti” MChJ ning “Boz-su” suv olish inshootidagi shahar suv tarmoqlari laboratoriyalarida azobo‘yoqlar yordamida aniqlash uchun amaliyotga joriy qilingan (O’zsuvta’minot AJning 2022 yil 13 apreldagi 2/8-919-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, korxona laboratoriyasida temir (III) va sur`ma (V) ionlarini ko‘rsatkichlarini yaratilgan usul yordamida tezkor aniqlash mumkinligi ko‘rsatib berilgan;
ishlab chiqilgan fotometrik usul Olmaliq KMK amaliyotiga joriy qilingan (Olmaliq KMK ning 2022 yil 25 oktyabrdagi AA-007115-son ma’lumotnomasi). Natijada, ruda, kek va konsentratlarda temir va sur`ma ionlarini tindirish, ajratish va organik fazada azobo‘yoqlar yordamida fotometrik aniqlash imkonini bergan.