Imamnazarov Jaxongir Muxamedovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Islom moliya tizimi imkoniyatlaridan O‘zbekiston iqtisodiyotida foydalanishning nazariy asoslarini takomillashtirish», 08.00.01 – Iqtisodiyot nazariyasi (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Iqt856.
Ilmiy rahbar: To‘xliev Nurislom, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/30.01.2021.I.16.03.
Rasmiy opponentlar: Mambetjanov Qaxramon Qurbandurdievich iqtisodiyot fanlari doktori; Asatullaev Xurshid Sunnatullaevich iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston bank-moliya akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi islom moliya tizimi imkoniyatlaridan O‘zbekiston iqtisodiyotida samarali foydalanishning nazariy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
uslubiy yondashuvga ko‘ra “islom bank-moliya munosabatlari” tushunchasi savdo yoki hamkorlikka asoslangan va biznes faoliyatning ajralmas qismi bo‘lgan xatarlarni tomonlar o‘rtasida mutanosib ravishda taqsimlanishi ta’minlangan munosabatlar majmui jihatidan takomillashtirilgan;
an’anaviy va islom bank-moliya tizimlariga xos bo‘lgan umumiy hamda farqli jihatlari ilmiy nuqtai nazardan asoslangan va ushbu ikki tizimning O‘zbekiston sharoitida parallel ravishda (dual tizim sifatida) investisiya va lizing kompaniyalari orqali faoliyat yuritish imkoniyatlari ochib berilgan;
O‘zbekistonning amaldagi moliya tizimida islom moliyasi mahsulot va xizmatlarini nobank moliya tashkilotlarida tatbiq qilish va ulardan amalda foydalanish maqsadga muvofiqligi asoslangan;
milliy iqtisodiyotga jalb etilayogan tashqi va ichki investisiyalarni diversifikatsiya qilishda islom moliyasi tamoyillariga muvofiq bo‘lgan investisiya loyihalari, xususan islom lizingi – ijara moliya mahsuloti bo‘yicha loyihalar ishlab chiqish taklifi kiritilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekistonning amaldagi moliya tizimi doirasida islom moliyasi vosita va mahsulotlarini tatbiq qilish va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar asosida:
uslubiy yondashuvga ko‘ra savdo yoki hamkorlikka asoslangan va biznes faoliyatning ajralmas qismi bo‘lgan xatarlarni tomonlar o‘rtasida mutanosib ravishda taqsimlanishi ta’minlangan munosabatlar majmui jihatidan takomillashtirilgan “islom bank-moliya munosabatlari” tushunchasining ta’rifi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan nashrga tavsiya etilgan “Iqtisodchilar uchun fiqh” o‘quv qo‘llanmasida aks ettirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2022 yil 29 dekabrdagi 02-06/9833-son ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy yangilikning amaliyotga joriy etilishi islom iqtisodiyoti va moliyasi yo‘nalishida nazariy bilim oluvchilar va amaliy faoliyat yurituvchilar uchun islom iqtisodiyoti hamda bank-moliya munosabatlarining mohiyatini to‘laroq va chuqarroq anglashga imkon yaratgan;
an’anaviy va islom bank-moliya tizimlariga xos bo‘lgan umumiy hamda farqli jihatlari ilmiy nuqtai nazardan asoslangan va ushbu ikki tizimning O‘zbekiston sharoitida parallel ravishda (dual tizim sifatida) investisiya va lizing kompaniyalari orqali faoliyat yuritish imkoniyatlaridan foydalanish taklifi ATB “Asia Alliance Bank” tomonidan o‘z mijozlariga islom moliya mahsulotlari (murobaha, ijara va mushoraka)ni taklif qilishni ko‘zda tutgan “Express Finance Group Boshqaruv Kompaniyasi” investisiya boshqaruv kompaniyasi faoliyatini tashkil etishda qo‘llanilgan (ATB “Asia Alliance Bank”ning 2022 yil 21 dekabrdagi 4545/10-02-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy yangilikning amaliyotga joriy etilishi O‘zbekistonning an’anaviy iqtisodiy-moliyaviy tizimi doirasida islom iqtisodiy munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, xususan investisiya va lizing kompaniyalari orqali faoliyat yuritish imkoniyatini asoslab bergan;
O‘zbekistonning amaldagi an’anaviy moliya tizimida islom moliyasi mahsulot va xizmatlarini nobank moliya tashkilotlarida tatbiq qilish va ulardan amalda foydalanish taklifi O‘zbekiston Respublikasining “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunining nobank kredit tashkilotlari faoliyatiga doir cheklovlar (6 modda)ga aniqlish kiritish hamda nobank kredit tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan moliyaviy amaliyotlar (xizmatlar) ro‘yxatini belgilashda o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2022 yil 13 iyundagi 05-10/1424-son ma’lumotnomasi). Bu ilmiy yangilikning amaliyotga joriy etilishi aholi va kichik biznes vakillariga islom moliyasi mahsulot va xizmatlaridan nobank moliya tashkilotlari yordamida foydalanish imkonini bergan;
milliy iqtisodiyotga jalb etilayogan tashqi va ichki investisiyalarni diversifikatsiya qilishda islom moliyasi tamoyillariga muvofiq bo‘lgan investisiya loyihalari, xususan islom lizingi – ijara moliya mahsuloti bo‘yicha loyihalar ishlab chiqish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investisiya loyihalari ishlab chiqish markazi tomonidan yangi investisiya loyihalari ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligining 2022 yil 13 sentyabrdagi 80-41-09398-son ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy yangilikning amaliyotga joriy qilinishi natijasida aholi va tadbirkorlar uchun islom moliyasi tamoyillariga muvofiq bo‘lgan biznes loyihalar, xususan islom lizingi – ijara moliya mahsuloti bo‘yicha loyihalar ishlab chiqish hamda bunday loyihalarga islom moliya muassasalaridan investisiyalar jalb qilish imkoniyati yaratilgan.