Usanbaev Najimuddin Xalmurzaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston qo‘ng‘ir ko‘mirlaridan organik mineral o‘g‘itlar va meliorantlar olish texnologiyasini ishlab chiqish», 02.00.13–Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/T82.
Ilmiy maslahatchi: Beglov Boris Mixaylovich, texnika fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.27.06.2017.K/T.35.01.
Rasmiy opponentlar: Usmanov Sultan Usmanovich, texnika fanlari doktori, professor; Jumaniyazov Maksud Jabbievich,texnika fanlari doktori, professor; Shamshiddinov Israiljon Turgunovich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat konchilik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatiga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ko‘mirni oksidlash yo‘li bilan gumin kislotalar miqdorini oshirish, oksidlangan ko‘mir, Qizilqum fosforitlari, ammiakli selitra va karbamid eritmasi asosida guminli o‘g‘itlar va meliorantlar olish texnologiyalarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Angren koni qo‘ng‘ir ko‘miri tarkibida gumin kislotalar miqdorini oshirish maqsadida nitrat kislotada, nitrat kislotada sirka kislota ishtirokida, vodorod pereoksidda sirka kislota ishtirokida oksidlash jarayonlarini maqbul sharoitlari aniqlangan;
birinchi marotaba ko‘mirni nitrat kislotada bosqichli oksidlash natijasida gumin kislotalarni umumiy chiqishi dastlabki ko‘mirning organik qismiga nisbatan 91,96 % tashkil etishi isbotlangan;
oksidlangan Angren ko‘miri gumin kislotalarini nitrat va fosfor kislotalarining kal`siyli tuzlari va Markaziy Qizilqum fosforitlari bilan o‘zaro ta’sirlashuvi natijasida gumin kislotalarining kal`siyli tuzlari hosil bo‘lishi asoslangan;
tarkibida azot, fosfor va gumus moddalari bo‘lgan yangi organik mineral o‘g‘it olish texnologiyasi ishlab chiqilgan;
birinchi marotaba qo‘ng‘ir ko‘mirni bosqichli oksidlash yo‘li bilan yangi suyuq va qattiq azot-gumusli o‘g‘itlar olish texnologiyasi ishlab chiqilgan;
Qizilqum fosforitlari fosforkislotali quyqasiga qo‘ng‘ir ko‘mirning nitrat kislotada oksidlangan mahsuloti bilan ishlov berish yo‘li bilan fosfor-gumusli o‘g‘itlar olishning maqbul sharoitlari aniqlangan;
nitrat kislota va vodorod pereoksidda oksidlangan ko‘mir asosida tuproq strukturasini yaxshilaydigan guminli meliorantlar olish imkoniyati isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Angren qo‘ng‘ir ko‘mirini nitrat kislotada oksidlash, oksidlangan ko‘mir va Markaziy Qizilqum fosforitlarini organik mineral o‘g‘itlarga va guminli meliorantlarga qayta ishlash texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
organik mineral o‘g‘it olish usuliga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan ixtiro patenti olingan (№ IAP 03045). Natijada oksidlangan qo‘ng‘ir ko‘mir va Markaziy Qizilqum fosforitlari asosida organik mineral o‘g‘itlar olish imkoniyati yaratilgan;
Angren qo‘ng‘ir ko‘mirini nitrat kislotada oksidlash, oksidlangan ko‘mirdan gumat ammoniy ajratib olish va gumat ammoniy asosida suyuq azot-gumusli o‘g‘itlar olish texnologiyasi «Fargʻonaazot» AJda amaliyotga tadbiq etilgan («O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyatining 2018 yil 21 fevraldagi 03-754/L-son ma’lumotnomasi). Natijada samaradorligi yuqori bo‘lgan suyuq azot-gumusli o‘g‘itlar olish imkonini bergan;
nitrat kislotada oksidlangan ko‘mir asosida qattiq azot-gumusli o‘g‘itlar olish texnologiyasi «Farg’onaazot» AJda amaliyotga tadbiq etilgan («O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyatining 2018 yil 21 fevraldagi 03-754/L-son ma’lumotnomasi). Natijada samaradorligi yuqori bo‘lgan qattiq azot-gumusli o‘g‘itlar olish imkonini bergan;
ishlab chiqarilgan o‘g‘itlar dala sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlarida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 23 fevraldagi 02/23-132-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘g‘itlarning paxta va bug‘doyda o‘tkazilgan agrokimyoviy sinovi nazorat variantga nisbatan paxta hosilini 4,1 s/ga, bug‘doy hosilini 12,7 s/ga oshirish imkonini bergan.