Rajabov Yarash Jabborovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Takomillashgan yumshatkich-tuynukochgich quroli ishchi qismlarining parametrlarini asoslash”, 05.07.01 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/T945
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti.
Ilmiy rahbar: Jo‘raev Fazliddin O‘rinovich, texnika fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, PhD.03/30.06.2020.T.111.02
Rasmiy opponentlar: Ravshanov Hamroqul Amirqulovich, texnika fanlari doktori, dotsent; G‘afforov Hasan Ravshanovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: Nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi sho‘rlangan erlar haydov osti qatlamida kam energiya sarf qilgan holda sifatli quvur hosil qiluvchi takomillashgan yumshatkich-tuynukochgich qurolini ishlab chiqish va uning ishchi qismlari parametrlarini asoslashdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yumshatkich, pichoq va tuynukochgichdan tashkil topgan takomillashgan yumshatkich-tuynukochgich qurolining konstruktiv sxemasi sho‘rlangan erlarning haydov qatlami ostida kam energiya sarf qilgan holda sifatli quvur hosil qilinishini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan;
quvur hosil qiluvchi takomillashgan yumshatkich-tuynukochgich quroli yumshatkichining parametrlari minimal energiya sarflab tuproq palaxsasini uning iskanasi ish sirti bo‘ylab ko‘tarilishi va siljishi hamda ishlov berish chuqurligi kritik kesish chuqurligidan kichik bo‘lishi shartidan aniqlangan;
quvur hosil qiluvchi takomillashgan yumshatkich-tuynukochgich quroli pichog‘i va tuynukochgichining parametrlari sho‘rlangan erlarning haydov qatlami ostida sifatli tuynukli drenaj hosil qilinishi va uni bir tekis harakatlanishini hisobga olgan holda aniqlangan;
quvur hosil qiluvchi takomillashgan yumshatkich-tuynukochgich qurolining pichog‘i tig‘idan osish qurilmasining pastki taqish nuqtalarigacha bo‘lgan tik masofa uning tuynukli drenaj hosil qilish chuqurligi bo‘yicha barqaror harakatlanishini ta’minlanishi hisobga olgan holda asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Takomillashgan yumshatkich-tuynukochgich quroli ishchi qismlarining parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
quvur hosil qiluvchi takomillashgan yumshatkich-tuynukochgich quroliga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining foydali modelga patenti olingan (“Tuynukli drenaj hosil qiluvchi qurilma”, №FAP 01644-2021y.). Natijada sho‘rlangan erlar haydov ostida tuynukli drenaj hosil qiluvchi takomillashgan yumshatkich-tuynukochgich qurolining konstruksiyasini yaratish imkonini bergan;
kam energiya sarf qilgan holda sifatli quvur hosil qiluvchi takomillashgan yumshatkich-tuynukochgich quroli Buxoro viloyatining Buxoro va Vobkent tumanlari fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 11 noyabrdagi 02/023-4563-sonli ma’lumotnomasi). Natijada har bir gektar erga sarflanadigan yonilg‘i-moylash materiallarini 20-25 foizga va foydalanish xarajatlarini 17,86 foizga kamaytirish imkoni yaratilgan;
minimal energiya sarflab sifatli quvur hosil qiluvchi takomillashgan yumshatkich-tuynukochgich qurolini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish uchun loyiha-konstruktorlik hujjatlari va hisoblash usullari (texnik topshiriq) “BMKB-Agromash” AJ da ishlab chiqarish jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 11 noyabrdagi 02/023-4563-sonli ma’lumotnomasi). Natijada quvur hosil qiluvchi takomillashgan yumshatkich-tuynukochgich qurolini sanoat nusxalarini ishlab chiqarish imkoni yaratilgan.