Abdulxaev Xurshed G‘afurovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Pushtalarga ishlov beruvchi qurilma parametrlarini asoslash», 05.07.01–Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/T209.

Ilmiy rahbar: To‘xtaqo‘ziev Abdusalim, texnika fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va elektrlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, DSc.27.06.2017.T.10.01.

Rasmiy opponentlar: Ergashev Ismoil Tashkentovich, texnika fanlari doktori, professor; Xudoyorov Anvarjon Nazirjonovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot: «BMKB-Agromash» AJ.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: pushtalarni sifatli yumshatish va begona o‘tlarni yo‘qotish hamda ularning yuzasida mayin qatlam hosil qilish uchun energiya va resurstejamkor qurilma ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

pushtalarga to‘liq ishlov beruvchi qurilmaning konstruktiv sxemasi ishlab chiqilgan va texnologik ish jarayoni asoslangan;

pushtalar yonbag‘irlarida begona o‘tlarni yo‘qotilishi va tuproqning sifatli yumshatilishini ta’minlovchi rotatsion yumshatkich konstruksiyasi ishlab chiqilgan;

qurilmaning iskanasimon yumshatkichi bilan egatlar tubiga, rotatsion yumshatkichi bilan pushtalarning yonbag‘irlariga hamda tishli yumshatkichi bilan ularning tepasiga ishlov berish jarayonlarini ifodalovchi analitik bog‘lanishlar asosida ularning maqbul parametrlari aniqlangan;

pushtalar tepasiga ishlov berish chuqurligini barqarorligi tishli yumshatkich parallelogramm mexanizmining tortqilari holatiga bog‘liqligi asoslangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Pushtalarga to‘liq ishlov beruvchi qurilma ishlab chiqish va uning ishchi qismlari parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:

pushtalarning butun profili bo‘yicha ishlov beruvchi qurilma O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining foydali modelga patenti olingan («Pushta va jo‘yaklarga ishlov berish uchun qurilma», №FAP 00753-2012 y.). Natijada pushtalarga to‘liq ishlov beruvchi qurilmaning konstruktiv sxemasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;

pushtalar yonbag‘irlari o‘lchamlariga mos plankali konussimon g‘altakmolalardan tashkil topgan rotatsion yumshatkich uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining foydali modelga patenti olingan («Rotatsion yumshatkich», №FAP 00888-2014 y.). Natijada begona o‘tlarni to‘liq yo‘qotilishi, mayin tuproqli qatlam hosil qilinishi va undagi namni saqlanishini ta’minlash imkoni yaratilgan;

pushtalarga ishlov berish texnologik jarayonlari bajarilishining  sifat ko‘rsatkichlarini baholashga dastlabki talablar va qurilma konstruksiyasini loyihalashga texnik topshiriq ishlab chiqilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 21 noyabrdagi 02/23-595-son ma’lumotnomasi). Natijada ishchi qism turlari va ularni ramada joylashtirish sxemasi asoslanib, qurilma konstruksiyasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;

pushtalarga ishlov berish uchun ishlab chiqilgan qurilma O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi fermer xo‘jaliklarida, jumladan Toshkent viloyati Quyichirchiq tumani, Namangan viloyati Pop va Uychi tumanlari fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 21 noyabrdagi 02/23-595-son ma’lumotnomasi). Natijada pushtalarga ishlov berishda yonilg‘i sarfi 1,57 martaga va foydalanishdagi xarajatlar 40,8 foizga kamaygan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish