Shodiev Sanjar Ro‘ziqulovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston janubidagi er usti suvining gidrologik va gidrokimyoviy xususiyatlari (Qashqadaryo, Surxondaryo, Zarafshon havzalari)», 11.00.03 - Quruqlik gidrologiyasi. Suv resurslari. Gidrokimyo (geografiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.DSc/Gr39.
Ilmiy maslahatchi: Chembarisov El`mir Ismailovich, geografiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Gidrometeorologiya ilmiy-tekshirish instituti, DSc.27/30.12.2019.Gr.47.01.
Rasmiy opponentlar: Muradov Shuxrat Odilovich, texnika fanlari doktori, professor; Yunusov G‘olib Xo‘jaevich, geografiya fanlari doktori, dotsent; Rafiqov Vaxob Asomovich, geografiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston janubidagi Qashqadaryo, Surxondaryo, Zaravshon daryolari havzalari daryo va kollektor-zovur suvlarini gidrologik va gidrokimyoviy xususiyatlarini aniqlash va ulardan sug‘orishda qayta foydalanish usullarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
daryo va kollektor-zovur suvlarining gidrologik va gidrokimyoviy xususiyatlarini tahlil qilishning havza landshaft-galogeokimyoviy usuli takomillashtirilgan va algoritmi yaratilgan;
GAT texnologiyalaridan foydalangan holda daryo suvlarining sifati bo‘yicha turli xil gidrokimyoviy xaritalar turkumi tuzilgan;
daryo suvlarining mineralizatsiyasi va kimyoviy tarkibi «havzali» usulining formulasidan foydalangan holda prognoz qilingan;
Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlaridagi magistral kollektorlarining ko‘p yillik gidrologik o‘zgarishlari baholangan va GAT texnologiyalari asosidagi xaritalarda aks ettirilgan, bunda ularning yil davomidagi rejimining yangi - «murakkab» turi aniqlangan;
sho‘rlanish, magniy va natriyli ishqorlanish va xloridli sho‘rlanish xavfini hisobga olgan holda kollektor suvlarining irrigatsion sifati kompleks baholangan;
Qarshi cho‘li kollektor suvlaridan foydalangan xolda turli variantlarda sug‘orish (daryo) suvi bilan aralashtirib ishlatish hamda yangi texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qashqadaryo, Surxondaryo va Zarafshon havzalari er usti suvlarining gidrologik va gidrokimyoviy xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
algoritm ko‘rinishida taqdim etilgan er usti suvlarining gidrologik va gidrokimyoviy xususiyatlarini tahlil qilishning takomillashtirilgan havzali landshaft-galogeokimyoviy usulidan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida daryo va kollektor-zovur suv oqimlarining tavsiflari va sifatini ko‘p yillik o‘zgarishini tahlil qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 6 iyundagi 03/26-1248-son ma’lumotnomasi). Natijada, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlaridagi sug‘orish va kollektor-zovur suvlarining zamonaviy miqdoriy gidrologik ko‘rsatkichlarining bog‘liqliklarini bir qator GAT xaritalarini tuzish orqali baholashga imkon bergan;
havzalarda daryo oqimining shakllanish xususiyatlari va suvliligi turlicha bo‘lgan yillarda ularning to‘yinish turlarining o‘zgarishidan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 6 iyundagi 03/26-1248-son ma’lumotnomasi). Natijada, daryo oqimining miqdoriy tavsiflari va ularning o‘zgarishlarini aniqlash asosida mavjud sug‘orish tizimlari va kanallarning samaradorligini oshirish imkonini bergan;
GAT texnologiyalaridan foydalangan holda daryo suvlarining sifati bo‘yicha turli xil gidrologik xaritalar turkumi va “havzali” usulning formulasidan foydalangan holda ularning mineralizatsiyasi va kimyoviy tarkibining prognozi O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining meliorativ ekspedisiyalarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 6 iyundagi 03/26-1248-son ma’lumotnomasi). Natijada, qishloq xo‘jaligi erlarini sug‘orish uchun turli sifatdagi daryolar oqimidan yanada oqilona foydalanish, shuningdek, o‘rganilayotgan hududlarda gidroekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha zaruriy amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish imkoniyati yaratilgan;
magistral kollektorlarning gidrologik xususiyatlarining ko‘p yillik o‘zgarishlari aks ettirilgan GAT xaritalardan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 28 iyundagi 04/35-04/4259-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘rganilayotgan hudud suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha istiqbolli rejalarga aniqliklar kiritish hamda kam minerallashgan sug‘orish (daryo) suvlarining taqchilligi vaqtida etishtiriladigan qishloq xo‘jaligi ekinlarni suv bilan ta’minlanishini oshirishga imkon bergan;
kollektor suvlarining irrigatsion sifatini sho‘rlanish, magniy va natriyli ishqorlanish va xloridli sho‘rlanish xavfini hisobga olgan holda majmuaviy usulda baholash O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining xududiy boshqarmalarida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 28 iyundagi 04/35-04/4259-son ma’lumotnomasi). Natijada, barcha sug‘oriladigan maydonlarda qayta foydalanish uchun yaroqli kollektor suvlari hajmini aniqlash imkoni yaratilgan;
Qarshi cho‘li kollektor suvlarini sug‘orish (daryo) suvi bilan aralashtirib turli variantlarda, shuningdek, yangi texnologiyalarni qo‘llab foydalanish bo‘yicha tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining beshta viloyat boshqarmalarida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 28 iyundagi 04/35-04/4259-son ma’lumotnomasi). Natijada, yuqorida ko‘rsatilgan viloyatlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishning eng maqbul variantlarini aniqlash, shuningdek, mineralizatsiyasi juda yuqori bo‘lmagan kollektor suvlarini sug‘orishda qo‘llash imkoni yaratilgan.