Amanturdiev Alisher Balkibaevichning

dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida fan doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «G‘o‘zaning turli tup tuzilishiga ega bo‘lgan o‘rta tolali tezpishar navlari seleksiyasi», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.DSc/Qx86.

Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.

Ilmiy rahbar: Musaev Djura Azimbaevich, biologiya fanlari doktori, akademik.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan: «S-8286» g‘o‘za navi (NAP 00105); «S-8290» g‘o‘za navi (NAP 00107); «S-6560» g‘o‘za navi (NAP 00119); «S-9086» g‘o‘za navi (NAP 00141).

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2018 yil 29 yanvardagi 02-11/198; 02-11/199; 02-11-200; 02-11/201-son xulosalari.

II. Tadqiqotning maqsadi: tezpisharlik va asosiy morfo-xo‘jalik belgilarining irsiylanishini va ularning o‘zaro korrelyasion bog‘liqligi, g‘o‘zaning G.hirsutum L. turiga mansub turli tup tuzilishiga ega,  tola  sifati IV-V tipga mansub, yuqori tola chiqimiga va sifatiga ega bo‘lgan tezpishar, serhosil nav va tizmalarini yaratishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor Gossypium turkumiga mansub tizmalararo, navlararo va turlararo duragaylarda hosil shoxi tiplari va qimmatli xo‘jalik belgilarining irsiylanishi aniqlangan.

G.hirsutum L. turining tizmalararo va  navlararo duragaylarida tezpisharlikni tup tuzilishi va boshqa morfo-xo‘jalik belgilar bilan o‘zaro bog‘liqligi va seleksion belgilarning korrelyasion bog‘liqligi orqali yangi seleksion navlar va tizmalar yaratilgan.

transgressiv tezpishar, serhosil g‘o‘za navlari va tizmalarini yaratish bo‘yicha olib borilgan seleksiya ishlarida pedigri usuli samaradorligi aniqlangan;

tezpishar, hosildor, ko‘sagi yirik, uzun tolali, tezpisharligi 95-115 kun, ko‘saklarning ochilish sur’ati yuqori, tola  sifati IV-V tip, yuqori tola chiqimiga ega oila va tizmalar ajratib olingan va «S-8286», «S-8290», «S-6560» va «S-9086» navlari yaratilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

G‘o‘zaning turli tup tuzilishiga ega bo‘lgan o‘rta tolali tezpishar navlari seleksiyasi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:

serhosil, tezpishar, ko‘saklarining ochilish sur’ati yuqori va vilt kasalligiga bardoshli o‘rta tolali «S-8286», «S-8290», «S-6560» va «S-9086» navlariga Intelektual mulk agentligining seleksiya yutug‘iga patenti olingan (NAP 00105, NAP 00107, NAP 00119, NAP 00141). Buning natijasida ushbu yangi navlardan andoza navlarga nisbatan gektaridan qo‘shimcha 3,0-4,5 sentnergacha qo‘shimcha paxta hosili olishga erishilgan;

g‘o‘zaning «S-8286» navi 2012 yildan Namangan  viloyati, «S-8290» navi 2013 yildan Farg‘ona viloyati bo‘yicha istiqbolli navlar ro‘yxatiga kiritilgan va «S-8286» g‘o‘za navi 2017 yilda Samarqand viloyatiga istiqbolli deb topilib, 2018 yildan ushbu viloyat ekish uchun qishloq xo‘jalik ekinlari davlat reestriga kiritilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 08 fevraldagi 02/20-94-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida 2018 yil paxta hosili uchun «S-8286» g‘o‘za navini 16100 gektar va «S-8290» navini 16400 gektar maydonga ekishni rejaga kiritilishiga erishilgan.

2012-2017 yillarda g‘o‘zaning «S-8286» navi Namangan va Samarqand viloyatlari fermer xo‘jaliklarida jami 30563 gektar maydonda, «S-8290» navi  Farg‘ona viloyati  fermer xo‘jaliklarida jami 21492 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 08 fevraldagi 02/20-94-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida Namangan viloyati fermer xo‘jaliklarida «S-8286» g‘o‘za navidan andoza naviga nisbatan gektaridan 1,5 sentner qo‘shimcha paxta hosili olingan va iqtisodiy samardorlik o‘rtacha 410 ming so‘mni tashkil etgan hamda bu ko‘rsatkich Samarqand viloyatida gektaridan 4,5-5,0 sentner va iqtisodiy samardorlik o‘rtacha 1,0 mln. so‘mga teng bo‘lganligi aniqlangan. Farg‘ona viloyati fermer xo‘jaliklarida «S-8290» g‘o‘za navidan andoza naviga nisbatan gektaridan 10,0-11,0 sentner qo‘shimcha paxta hosili olingan va iqtisodiy samardorlik o‘rtacha 1,8 mln so‘mni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish