Sultanov Pulat Karimovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Katatravmada qo‘shma jarohatlarni tashxislash va jarrohlik davolash usullarini takomillashtirish», 14.00.27–Xirurgiya (tibbiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Tib255.

Ilmiy rahbar: Xadjibaev Abduxakim Muminovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06.2017.Tib.49.01.

Rasmiy opponentlar: Minnullin Il`dar Pulatovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Xakimov Murad Shavkatovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: I.I.Djanelidze nomli Sankt-Peterburg tez yordam ilmiy-tekshirish instituti davlat byudjet muassasasi (Rossiya Federatsiyasi).

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadiishlab chiqilgan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish algoritmlari asosida tashxislash va davolash taktikasini takomillashtirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

katatravma mexanogenezi haqidagi tushunchalar, a’zo va tananing turli anatomik sohalaridagi balandlikdan qulash natijasida olingan shikastlarning xavf omillari kengaytirilgan;

a’zoga mexanik ta’sir kuchini miqdoriy baholash va yopiq jarohatda morfofunksional o‘zgarishlar dinamikasini kuzatish imkonini beradigan, jigar shikastining eksperiment modellashtirish usuli ishlab chiqilgan;

travmatik kasallikning kechishi hamda uning jiddiyligiga bog‘liq pirovard oqibati o‘rganilgan va turli anatomik sohalarida ISS shkalasi bo‘yicha shikastning jiddiyligini hisobga olgan holda operativ amaliyotlarning muddati va ketma-ketligini aniqlab, jarrohlik taktikasini tanlash maqsadga muvofiqligi asoslangan;

katatravma bilan shikastlangan bemorlarni olib borishda mul`tidissiplinar yondashuv samaradorligi va bir onda tezkor kamshikast operativ amaliyotlarga ko‘rsatmalarni kengaytirish isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Katatravmaning qo‘shma shikastlarini davolash natijalarini yaxshilashga bag‘ishlangan tadqiqot bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

ishlab chiqilgan «Jigarda mexanik shikastni modellarshtirish usuli»ga Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (IAP 05236-son, 2016 yil). Natijada jarohatlar darajasini standartlashga imkon bergan, uni bajarish oson va iqtisodiy jihatdan kamxarj hisoblanadi. Ushbu usul qorin bo‘shlig‘ida yopiq qo‘shma jarohat olgan bemorlarda jigar shikastining mavjudligini aniqlashga imkon bergan va uning davolanishi katatravma bilan shikastlanganlarning tuzalish davrini qisqartirgan;

«Jigar shikastini eksperimentda modellash usuli» va «Qo‘shma katatravmada jarrohlik davolash algoritmi» uslubiy qo‘llanmalari ishlab chiqilgan hamda tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 7 dekabrdagi 8n-d/63-son ma’lumotnomasi). Turli anatomik sohalarining qo‘shma shikastlari, ularning bir-biriga o‘zaro jiddiylashtirish ta’sirini hamda shikastning jiddiyligini hisobga olgan holda qo‘shma katatravmani, ishlab chiqilgan jarrohlik davolash tavsiyalari operativ amaliyotlar usulini tanlash va ketma-ketligini aniqlab bergan;

katatravma bilan jarohatlangan bemorlarni tashxislash va jarrohlik davolash sifatini yaxshilash bo‘yicha bajarilgan dissertatsiya ishining olingan ilmiy natijalari sog‘liqni saqlash amaliy faoliyatiga, xususan, Toshkent tibbiyot akademiyasi II klinikasi va Respublika ixtisoslashtirigan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi amaliy faoliyatiga (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 7 dekabrdagi 8n-d/63-son ma’lumotnomasi) tatbiq etilgan. Qo‘shma katatravma uchun taqdim qilingan jarrohlik davolash algoritmini qo‘llash og‘ir asoratlar chastotasini 9,4% dan 5,9% gacha, o‘lim ko‘rsatkichini 12,1% dan 7,1% gacha va o‘rin-kunlarni 1,2 ga kamaytirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish