Djabborova Muattar Anvarjonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Raqamli formatdagi chiziqlashtirilgan xarakteristikali analog televizion uzatkichlar parametrlarini optimallashtirish usullarini tadqiq qilish va ishlab chiqish», 05.04.02 – Radiotexnika, radionavigatsiya, radiolokatsiya va televidenie tizimlari va qurilmalari. Mobil`, tola-optik aloqa tizimlari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/T2746.
Ilmiy rahbar: Muxitdinov Muxsinjon Mo‘minovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.13/30.12.2019.T.07.02.
Rasmiy opponentlar: Abdukayumov Abdurashid, texnika fanlari doktori, professor; Raximov Baxtiyorjon Ne’matovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi Universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mavjud er usti raqamli televizion eshittirish tarmog‘ida raqamli televizion signallarni uzatish uchun analog televizion uzatkichlar parametrlarini qo‘shimcha raqamli korreksiyalash usuli bilan ularni optimallashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yuqori va kam quvvatli analog televizion uzatkichlarni raqamli formatdagi DVB-T2 standartida ishlatish uchun analog televizion uzatkichlarning qismlari va ularning antenna-fider tizimlari asosida modernizatsiya qilishning sxemotexnik echimlari ishlab chiqilgan va texnik parametrlari optimallashtirilgan;
uzatish trakti elementlarining radius qiymatiga ta’sirini va qabul qilinadigan signalning qo‘shimcha himoyalanganligini hisobga olgan holda modernizatsiya qilingan analog televizion uzatkichlarning qamrov zonasi radiusini hisoblash uchun matematik model ishlab chiqilgan;
quvvat kuchaytirgichi va antenna-fider traktining amplituda-chastota va faza-chastota xarakteristikalarining nochiziqliligini hisobga olgan holda modernizatsiya qilingan analog televizion uzatkichlar uzatish trakti element-larining qamrov zonasi radiusiga ta’sirini hisoblash usuli ishlab chiqilgan;
ATmega328 mikrokontrolleri asosida televizion uzatkichlarni belgilangan rejimlarda barqaror ishlashini ta’minlovchi xizmat ko‘rsatilmaydigan radiotelevizion stansiyalar ob’ektlari holatini GSM mobil` aloqa tarmoqlari orqali masofadan uzluksiz nazorat qilish va boshqarish usuli ishlab chiqilgan;
O‘zbekiston Respublikasining butun hududi bo‘ylab raqamli xaritada aks ettirish orqali joy rel`efi va iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda raqamli televizion uzatkichlar signallarini ishonchli qabul qilish zonasini hisoblash usuli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Raqamli formatdagi chiziqlashtirilgan xarakteristikali analog televizion uzatkichlar parametrlarini optimallashtirish usullarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
ishlab chiqilgan sxemotexnik echimlar va montaj sxemalari, uzatish trakti elementlarining qamrov zonasi radiusiga ta’sirini hisoblashning matematik modeli va usuli, shuningdek dasturiy mahsulotlar “Radioaloqa, radioeshittirish va televidenie markazi” DUK da joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2022 yil 10 fevraldagi 33-8/732-son ma’lumotnomasi) va minimal kapital mablag‘lar bilan er usti raqamli televizion eshittirish tarmog‘ini yanada takomillashtirish uchun ilgari konservatsiyaga qo‘yilgan va o‘z resurslarini ishlatib bo‘lmagan yuqori va kam quvvatli analog televizion uzatkichlardan raqamli formatda samarali foydalanish imkoniyatlari kengaytirilgan. Tadqiqot natijalarini amalga oshirish orqali bitta yuqori quvvatli analog televizion uzatkich modernizatsiya qilinib, ishga tushirilganda yiliga 579,4 mln so‘mdan ortiq iqtisodiy samara olish imkonini bergan va yillik daromadni 71 foizga oshirishga olib kelgan (29.06.2020 yil holatidagi ma’lumotlar);
ishlab chiqilgan sxemotexnik echimlar, montaj sxemalari va tavsiyalar asosida Toshkent radiotelevizion uzatish markazi (RTUM)ning “Toshiba” yuqori (10 kVt) quvvatli analog televizion uzatkichi modernizatsiya qilingan va DVB-T2 standartida raqamli eshittirish formatida ishga tushirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2022 yil 10 fevraldagi 33-8/732-son ma’lumotnomasi). Hozirgi vaqtda modernizatsiya qilingan yuqori quvvatli analog televizion uzatkich respublika er usti raqamli televizion eshittirish tarmog‘ida 40-televizion kanalda tijorat yo‘lida foydalanilmoqda. Natijada uzatiladigan telekanallar soni 2 baravar ko‘paygan, raqamli teledasturlar paketi optimallashtirilgan, analog rejimda 1 ta teledastur uzatilgan bo‘lsa, raqamli rejimga o‘tkazilganda 18 tagacha teledastur uzatish imkoni yaratilgan va uzatkichning o‘zini qoplash muddati 2,4 martaga qisqargan;
ishlab chiqilgan sxemotexnik echimlar va dasturiy mahsulotlar “Aloqa RTV” sho‘’ba korxonasining tegishli ishchi loyihalarini va loyiha-konstruktorlik echimlarini ishlab chiqish jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2022 yil 10 fevraldagi 33-8/732-son ma’lumotnomasi). Natijada raqamli televizion uzatkichlarning qamrov zonasini aniq belgilashda va er usti raqamli televizion eshittirish (ERTE) tarmog‘idagi radiotelevizion stansiyalar (RTS)ni joylashtirishni optimallashtirishda ishchi loyihalarni ishlab chiqish samaradorligi 30,2 foizga oshgan;
ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlar Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “Teleradioeshittirish tizimlari” kafedrasida ixtisos-lashtirilgan fanlar bo‘yicha laboratoriya mashg‘ulotlariga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2022 yil 10 fevraldagi 33-8/732-son ma’lumotnomasi). Natijada laboratoriya mashgulotlari soni 5 taga oshgan (EHM uchun 5 ta dastur) va DVB-T2 standartidagi televizion (TV) uzatkichlar signallari qamrov zonasi va ishonchli qabul qilish zonasini baholashda, quvvat kuchaytirgichi va antenna-fider traktining amplituda-chastotaviy va faza-chastotaviy buzilishlarining qamrov zonasi radiusiga ta’sirini o‘rganishda talabalarning bilim darajasi va amaliy ko‘nikmalari oshgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish