Hikmatov Farhod Fazliddin o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Dinamometrik vagonning parametrlarini tanlash va asosiy texnik echimlarini ilmiy asoslash”, 05.08.05 – “Temir yo‘llarning harakatlanuvchi tarkibi, poezdlarni tortish va elektrlashtirish” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/T3207.
Ilmiy rahbar: Raximov Rustam Vyacheslavovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti, RhD.15/31.08.2022.T.73.02.
Rasmiy opponentlar: Tret`yakov Aleksandr Vladimirovich, texnika fanlari doktori, professor (Rossiya); Zayniddinov Nuriddin Savranbekovich, texnika fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Jizzax politexnika instituti.
II. Tadqiqotning maqsadi: konstruksiya va texnik holatiga ko‘ra yuk va yo‘lovchi poezdlari tarkibida foydalanish uchun zarur bo‘lgan harakatlanish xavfsizligi darajasiga javob beradigan maxsus-texnik maqsadlar uchun mo‘ljallangan dinamometrik vagon parametrlarini tanlash va ilmiy asoslangan texnik echimlarni ishlab chiqish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
yo‘lovchi vagon kuzovini takomillashtirish maqsadida, uning konstruktiv xususiyatlarini o‘zgartirish hisobiga asoslangan texnik echimlarini tanlash imkonini beruvchi chekli elementli modeli ishlab chiqilgan;
yo‘lovchi vagoni mustahkamlovchi elementlarining maqbul o‘lchamlarini asosli tanlashda, kuzovga tushadigan yuklamalar e’tiborga olinib, vagon konstruksiyasi elementlarining kuchlanish-deformatsiya holati uning geometrik o‘lchamlariga bog‘liqligini aniqlash asoslangan;
yo‘lovchi vagon konstruksiyasini takomillashtirish maqsadida uni elementlarining geometrik o‘lchamlarini o‘zgartirish asosida maxsus-texnik maqsadlar uchun mo‘ljallangan dinamometrik vagon kuzovi ishlab chiqilgan;
dinamometrik vagon tajribali namunasining mustahkamligini baholash uchun turli kuchlar ta’sirini inobatga oluvchi statik sinovlarini o‘tkazish dasturi va uslubiyoti ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi Maxsus-texnik maqsadlar uchun mo‘ljallangan dinamometrik vagon uchun asosiy texnik echimlarni ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar asosida:
61-907 rusumli yo‘lovchi vagon kuzovining takomillashtirilgan konstruksiyasi asosida maxsus-texnik maqsadlar uchun mo‘ljallangan dinamometrik vagonning ishlab chiqilgan kuzovi konstruksiyasi “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi” AJda 61-907-DM rusumli maxsus-texnik maqsadlar uchun mo‘ljallangan dinamometrik vagonni qurish jarayonida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport Vazirligining 2022 yil 13 sentyabrdagi 2/5466-son ma’lumotnomasi). Natijada, temir yo‘lning tog‘li uchastkalarida poezdlarning ekspluatatsiyasi uchun maqbul lokomotiv tortishini tanlash, vagon va lokomotivlarning ko‘tarilish va tushish vaqtida yuzaga keladigan bo‘ylama dinamik ulashish kuchlarini aniqlash hamda poezdlarni o‘tkazish uchun kritik massa normalari va shartlarini tekshirish imkoniyati ortgan;
maxsus-texnik maqsadlar uchun mo‘ljallangan dinamometrik vagonning siqilish va cho‘zilishga mustahkamligi statik sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha ishlab chiqilgan dastur va uslubiyot “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi” AJda 61-907-DM rusumli maxsus-texnik maqsadlar uchun mo‘ljallangan dinamometrik vagon tajribali namunasining statik mustahkamligi sinovlarini o‘tkazishda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport Vazirligining 2022 yil 13 sentyabrdagi 2/5466-son ma’lumotnomasi). Natijada, vagonlarni loyihalashtirish va qurish xarajatlarini kamaytirish hisobiga kutilayotgan iqtisodiy samaradorlik 840 mln so‘mni tashkil etgan.