Navruzov Dilshod Primkulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Aerodinamika masalalarini turbulentlikning yangi modellari asosida sonli tadqiq etish», 01.02.05 – Suyuqlik va gaz mexanikasi (fizika–matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/FM513.
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Malikov Zafar Mamatkulovich, texnika fanlari doktori, kat.i.x.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti, DSc.02/30.12.2019.T/FM.61.01.
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni:
Dalabaev Umurdin, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent;
Zakirov Askar Xalilovich, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi aerodinamika masalalarini o‘rganishda qo‘llaniladigan zamonaviy turbulentlik modellarining adekvatligini tekshirishdan iborat.
III. Dissertatsiya tadqiqotining ilmiy yangiligi:
qizdirilgan vertikal plastina oldidagi tabiiy konveksiya va o‘qqa nisbatan simmetrik aylanma struya masalalari turbulentlikning ikki suyuqlik turbulent modeli asosida tadqiq qilindi va modelning boshqa turbulentlik modellariga nisbatan afzalligi olingan natijalarning boshqa mualliflarning tajriba tadqiqotlariga mosligi bilan isbotlangan;
o‘qqa nisbatan simmetrik to‘g‘ri va aylanma turbulent struya tenglamalari ikki suyuqlik turbulent modeli asosida qayta tuzildi va ularni echish uchun SIMPLE algoritmiga asoslangan sonli usul yaratilgan;
siqiluvchan va siqilmas muhitlar turbulent oqimlari tenglamalarining Mizes o‘zgaruvchilarida ifodalangan holatlari uchun takomillashtirilgan, turg‘un sonli usul va algoritm ishlab chiqilgan;
ikki suyuqlik turbulentlik modeli izotrop va anizotrop turbulent oqimlar uchun universal model ekanligi tajriba natijalari bilan taqqoslash orqali ko‘rsatilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Aerodinamika masalalarini turbulentlikning yangi modellari yordamida sonli tadqiq etish asosida
Mizes o‘zgaruvchilari va yangi turbulentlik modelini qo‘llash usuli «YoFA-Ftex-2018-13» fundamental loyihani bajarish jarayonida qo‘llanilgan (V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti 2022 yil 15 iyundagi №2/219 raqamli ma’lumotnoma). Mizes o‘zgaruvchilari va yangi turbulentlik modelini qo‘llash natijasida murakkab masalalarni echish jarayonida chegaraviy shartlarda singulyar tenglamalar hosil bo‘ladi va ularni echish uchun to‘rtinchi tartibli aniqlikdagi usulni qo‘llash imkonini bergan;
natijalar O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligiga qarashli So‘x-Oqtepa irrigatsiya tizimiga qarashli kanallarda hisoblash usuli va ilmiy tavsiya sifatida foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi 2022 yil 30 sentyabrdagi № OQ 7263068 raqamli ma’lumotnomasi). Anizotrop turbulentlik va qattiq devordagi urinma kuchlanishni hisoblash usullari o‘zgaruvchan rejimda ishlaydigan sug‘orish kanallari parametrlarini asoslaydi. Natijada berilgan tavsiyalarga ko‘ra, qishloq xo‘jaligida qo‘llaniladigan an’anaviy sug‘orish usullariga qaraganda suv resurslarini 75 mln. so‘mgacha iqtisod qilish imkonini bergan.