Atamurotov Farrux Shuxratovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Aylanuvchi relyativistik kompakt ob’ektlar atrofida optik va energetik jarayonlar», 01.03.01–Astronomiya (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/FM113.
Ilmiy rahbar: Axmedov Bobomurat Jo‘raevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Yadro fizikasi instituti va Astronomiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Yadro fizikasi instituti, Astronomiya instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.FM/T.33.01.
Rasmiy opponentlar: Mirtadjieva Karomat Taxirovna, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent; Fayzullaev Biruni Amanullavich, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qozog‘iston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: aylanuvchi qora o‘ra soyasining radiusi va shakl o‘zgarishi hamda aylanuvchi qora o‘raning issiqlik nurlanishini tavsiflashning nazariy metodini rivojlantirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Braneworld gravitatsiya modelida qora o‘ralarning kuchsiz gravitatsiyaviy linza rejimida yorug‘lik nurlarining og‘ish burchaklari uchun ifodalar topilgan va bran parametrining o‘lchamsiz qiymati baholanib, W2/R2= 0.96·10-7qiymati olingan;
qora o‘ralar bran zaryadlarining ortishi energiya chiqarish jarayonining kuchayishiga olib kelishi va 5-o‘lchovli qora o‘ralarning energiya nurlanishi aylanish parametrining ortishi bilan kuchayishi ko‘rsatilgan;
Kerr-Taub-NUT modelida qora o‘ralarning hodisalar gorizonti gravitomagnetik zaryadning ortishi bilan kattalashishi ko‘rsatilgan hamda o‘lchamsiz gravitomagnit zaryad l/M<0.85 va deformatsiya parametri uchun |ε|<80 chegaraviy qiymatlar olingan;
Einstein-Born-Infeld modelida aylanish parametrining yoki elektr zaryadining ortishi bilan zarralarning markaziy ob’ektga yaqinroq harakatlanishi ko‘rsatilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
gravitomagnetik zaryadga ega bo‘lgan aylanuvchi qora o‘ralarning soyalariga oid olingan natijalar va ularning gravitomagnetik zaryadning kuzatuv ma’lumotlariga bog‘liqligi, gravitatsiyaning boshqa modellari hamda raqamli simulyasiya yordamida olingan qora o‘ra soyalari bilan qiyoslash xorijiy ilmiy jurnallarda (Physical Review D, 2017; Astrophysical Space Sciences, 2017; European Physical Journal C, 2017; Monthly Notices of Royal Astronomical Society, 2015) foydalanilgan. Ilmiy natijaning qo‘llanilishi qora o‘ralar soyalari bo‘yicha olingan natijalar gravitatsion modellar uchun chegaraviy qiymatlarni aniqlashga xizmat qilgan;
yuqori o‘lchovli va o‘zgartirilgan gravitatsiya modellarida olingan qora o‘ralarning energetik va optik xususiyatlari to‘rt va yuqori o‘lchovli fazo-vaqtlari gravitatsion o‘zaro ta’sirlarining fundamental tamoyillarini rivojlantirish bo‘yicha olingan natijalar bir qator xalqaro jurnallarda (Physical Review D, 2017; Astrophysical Space Sciences, 2017; European Physical Journal C, 2017; Monthly Notices of Royal Astronomical Society, 2015) foydalanilgan. Ilmiy natijalardan foydalanish qora o‘ralarning soyalari hamda gravitatsiyaning boshqa modellari bilan taqqoslashni aniqlashga xizmat qilgan.