Ubaydullaeva Shahlo Abdullaevnaning 
 falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar: 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): O‘zbekiston tibbiyotini rivojlantirishda xotin-qizlarning o‘rni (1991-2021 yillar), 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Tar 877. 
Ilmiy rahbar: Mo‘minova Gavhar Esanovna, tarix fanlari doktori, professor. Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat universiteti, PhD.03/27.02.2021.Tar.70.05. 
Rasmiy opponentlar: Ergasheva Yulduz Alimovna, tarix fanlari doktori, professor; Djuraeva Nilufar Dalibaevna, tarix fanlari nomzodi, dotsent. 
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda tibbiyot sohasini rivojlantirishda xotin-qizlarning o‘rni bilan bog‘liq tarixiy jarayonlarni ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
tibbiyot institutlari faoliyat ko‘rsatgan Toshkent, Samarqand, Andijon shaharlar davolash muassasalarida ayol shifokorlar ulushining yuqoriligi, Qarshi Termiz, Guliston, Jizzax tibbiyot kadrlari safida xotin-qizlarning ozchilligi o‘z o‘rnida bu hududlarda onalar, bolalar kasalliklari va o‘limi ko‘rsatkichining yildan-yilga o‘sib borishiga ta’sir ko‘rsatganligi dalillangan;
O‘zbekistonda tibbiy kadrlar masalasida gender tenglik bo‘yicha olib borilgan siyosat tufayli mamlakatimiz Markaziy Osiyo davlatlari reytingida oldingi o‘rinlardan birini egallaganligi, JSSTning mintaqa doirasidagi faoliyatida o‘zbekistonlik ayollarning yetakchiligi va bu boradagi tajribaning boshqa davlatlardagi targ‘iboti ochib berilgan;
1991-2016 yillari O‘zbekistonda tibbiyotning pediatriya, akusher-ginekologiya, nevrologiya, gigiena yo‘nalishlari bo‘yicha xotin-qizlar tomonidan shakllantirilgan ilmiy maktablar faoliyatini kengaytirishdagi muammolar (dastlab tibbiyot yo‘nalishi ilmiy muassasalarning moddiy-texnika bazasining nochorligi, olima ayollarning etarli darajada rag‘batlantirilmaganligi, ular uchun ajratilgan doktorantura o‘rinlarining kamligi) aniqlangan; 
sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarda xotin-qizlar salmog‘ining o‘sib borish dinamikasi O‘zbekiston davolash muassasalari misolida shakllantirilib, natijada bolalar o‘rtasida ichburug‘, virusli gepatit, qizamiq kasalliklari ko‘rsatkichlarining pasayishiga erishilganligi, xotin-qizlarning tibbiyot yo‘nalishi ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi oxirgi yillarda bir necha barobarga o‘sganligi, bu avvalo davlat tomonidan ilmiy kadrlar tayyorlash va olimalarni qo‘llab-quvvatlash tadbirlarining kuchaytirilishi bilan bog‘liq bo‘lganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston tibbiyotini rivojlantirishda xotin-qizlarning o‘rniga doir olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflardan: 
mustaqillik yillarida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida gender tenglik bo‘yicha olib borilgan oqilona davlat siyosati tufayli Markaziy Osiyo davlatlari reytingida Respublikaning oldingi o‘rinlardan birini egallaganligi, JSSTning mintaqa doirasidagi faoliyatida o‘zbekistonlik ayollarning  yetakchiligi va  bu boradagi tajribaning boshqa davlatlardagi targ‘iboti kabi yakuniy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalida 2021 yil 9 aprelda efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvining ssenariylarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O’zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat unitar korxonasining 2021 yil 9 apreldagi 02-48-534-son ma’lumotnomasi). Natijada O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida aholi salomatligini muhofaza qilishda xotin-qizlarning o‘rni katta ahamiyatga ega ekanligini ochib berishga xizmat qilgan;
tibbiyot institutlari faoliyat ko‘rsatgan Toshkent, Samarqand, Andijon shaharlar davolash muassasalarida ayol shifokorlar ulushining yuqoriligi, aksincha Qarshi Termiz, Guliston, Jizzax tibbiyot kadrlari safida xotin-qizlar ozchilligi o‘z o‘rnida bu hududlarda onalar va bolalar kasalliklari va o‘limi ko‘rsatkichining yildan-yilga o‘sib borishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tibbiyotning pediatriya, akusher-ginekologiya, nevrologiya, gigiena yo‘nalishlari bo‘yicha xotin-qizlar tomonidan shakllantirilgan ilmiy maktablar faoliyati kabi ilmiy natijalardan O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurti xotin-qizlar kengashining 2020-2021, 2021-2022 o‘quv yillar tadbirlar rejasini ishlab chiqishda va hamda bilim yurtining madaniyat markazida 2022 yil 14 fevralda o‘tkazilgan “Harbiy tibbiyotda ayollarning o‘rni”, 2022 yil 26 martda o‘tkazilgan “Xotin-qizlar va tibbiyot” mavzusidagi davra suhbati va tadbirlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2022 yil 15 avgustdagi 10/1446-son ma’lumotnomasi). Bu esa O‘zR Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti xotin-qizlari kengashi rejasiga aholi sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga oid tadbirlarni kiritish hamda harbiy tibbiyotni rivojlantirishda xotin-qiz tibbiyot xodimlarining o‘rnini asoslab berishga xizmat qilgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish