Sadullaev Kudrat Yusubbaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon


I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Xalqaro xususiy huquqda jismoniy shaxsning shaxsiy qonuni va huquqlarini himoya qilish masalalari”, 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.DSc/Yu200. 
Ilmiy maslahatchining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Umarov Tolibjon Abduazizovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.01.
Rasmiy opponentlar: Samarxodjaev Botir Bilolovich, yuridik fanlar doktori, professor; Axmedov Azizxon Dilshodovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Qo‘ldoshev Nuriddin Abduganievich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.  
II. Tadqiqotning maqsadi xalqaro xususiy huquqda jismoniy shaxsning shaxsiy qonunini aniqlash va huquqlarini himoya qilishni takomillashtirish va ushbu masalalarga oid qoidalarni tatbiq etish samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
konsullikning mansabdor shaxsi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga konsullik muassasasi joylashgan davlatning qonunchiligida berilgan barcha huquqlardan foydalanishi uchun, agar bunday huquqlar O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid bo‘lmasa, choralar ko‘rishi shartligi asoslantirilgan;
O‘zbekiston fuqarosi chet elda shaxsini tasdiqlovchi hujjatni yo‘qotganida konsullik mansabdor shaxsi tomonidan unga tegishli hujjatlar rasmiylashtirib berilishi zarurligi asoslangan;
chet elda mablag‘siz qolib, konsullik okrugi hududiga kirgan O‘zbekiston fuqarosiga konsullik mansabdor shaxsi tomonidan moddiy ta’minot ajratish va uning oila a’zolari bilan aloqa o‘rnatishiga ko‘maklashish majburligi asoslantirilgan;
konsullikning mansabdor shaxsi favqulodda vaziyatlar, ommaviy tartibsizliklar holatida konsullik okrugi hududidagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rishi asoslangan;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llanilishi zarurligi asoslantirilgan;
O‘zbekiston fuqarosi O‘zbekistonning xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, chet davlatga topshirilishi mumkin emasligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Xalqaro xususiy huquqda jismoniy shaxsning shaxsiy qonuni va huquqlarini himoya qilish masalalari tadqiqoti bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari konsullik muassasasi joylashgan davlatning qonunchiligida berilgan barcha huquqlardan foydalanishlari uchun konsullikning mansabdor shaxsi tegishli choralarni ko‘rishi lozimligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 17 yanvardagi O‘RQ-517-son «O‘zbekiston Respublikasining konsullik ustavini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qonunini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2021 yil 27 yanvardagi KXD-1/41-son dalolatnomasi). Mazkur taklif chet eldagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarning huquqlarini himoya qilishda konsullik idoralarining vazifalarini aniqlashga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining shaxsini tasdiqlovchi hujjatni yo‘qotgan hollarda konsullikning mansabdor shaxsi unga O‘zbekiston Respublikasiga kirish (qaytib kelish) huquqini beruvchi vaqtinchalik hujjatni rasmiylashtirib berishiga oid taklif O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 17 yanvardagi O‘RQ-517-son «O‘zbekiston Respublikasining konsullik ustavini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qonunini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2021 yil 27 yanvardagi KXD-1/41-son dalolatnomasi). Mazkur taklif chet elda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini yo‘qotgan fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasiga qaytishi uchun zarur bo‘lgan vaqtinchalik hujjatlarini olish mexanizmini yaratishga xizmat qilgan;
chet elda mablag‘siz qolgan O‘zbekiston fuqarosiga konsullik mansabdor shaxsi tomonidan moddiy ta’minot ajratish va uning oila a’zolari bilan aloqa o‘rnatishiga ko‘maklashishiga oid taklif O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 17 yanvardagi O‘RQ-517-son «O‘zbekiston Respublikasining konsullik ustavini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qonunini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2021 yil 27 yanvardagi KXD-1/41-son dalolatnomasi). Ushbu taklif chet elda mablag‘siz qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarga qiyin vaziyatda ko‘maklashishning huquqiy tartibini belgilash imkonini bergan;
chet eldagi favqulodda vaziyatlar, ommaviy tartibsizliklar holatida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar konsullik mansabdor shaxsi tomonidan ko‘rilishi lozimligiga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 17 yanvardagi O‘RQ-517-son «O‘zbekiston Respublikasining konsullik ustavini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qonunini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2021 yil 27 yanvardagi KXD-1/41-son dalolatnomasi). Mazkur taklif favqulodda holatlarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqiy holatini ta’minlashning mexanizmini yaratishga xizmat qilgan;
O‘zbekistonning xalqaro shartnomasida O‘zbekistonning fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llanilishiga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 13 martdagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘RQ-610-son Qonunini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2020 yil 4 yanvardagi 1-son dalolatnomasi). Mazkur taklif chet elda O‘zbekiston fuqaroligiga oid masalalarni hal etish shaxsiy qonunining milliy rejimga bo‘ysundirilishiga xizmat qilgan;
O‘zbekiston fuqarosini chet davlatga topshirilishi mumkin emasligi, O‘zbekistonning xalqaro shartnomasida nazarda tutilgan boshqacha qoida bundan mustasnoligiga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 13 martdagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘RQ-610-son Qonunini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2020 yil 4 yanvardagi 1-son dalolatnomasi). Ushbu taklif fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini oshirishning huquqiy asoslarini yaratishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish