Saidxonov Ma’murjon Muhammedovich
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tilida ishoralarning verballashuvi va matniy xususiyatlari”. 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3. DSc/Fil327.
Ilmiy rahbar: Muminov Sidikjon Mirsobirovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Karimov Suyun Amirovich, filologiya fanlari doktori, professor; Usmonova Xurinisa Sharapovna, filologiya fanlari doktori, professor; Hakimova Muhayyo Karimovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbeklar aloqa-aralashuvida ishlatiluvchi noverbal vositalarning lisoniy ifodasini, verballashuv jarayonini, matn tarkibida qo‘llanishini aniqlash, ishora fe’llarining leksik-semantik guruh sifatidagi maqomini asoslash, semantik, struktur va uslubiy xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
adresant tomonidan uzatilayotgan axborotning adresatga to‘la va mukammal etib borishida ma’no ifodalovchi ovozning sifatiy o‘zgarishlarining ahamiyati beqiyos ekani asoslangan;
o‘zbek muloqoti nafaqat nutqiy yo‘l bilan, balki nonutqiy vositalar bilan ham ifodalanishi, aloqa-aralashuv jarayonida paralingvistik vositalar ham ahamiyatli ekani - kommunikatsiyada ovoz sifati bilan bog‘liq fonatsion, kishi yuz o‘zgarishlari asosidagi mimik, inson organlarining ma’no ifodalovchi harakatlarini o‘z ichiga olgan kinetik noverbal vositalarning verbal ifodalanishi lisoniy jihatdan ochib berilgan, ularning mos ravishda til birliklari bilan berilishi asoslangan;
nutqiy aloqa-aralashuv jarayonida propozisional va pragmatik komponentlarning barchasi verballashmasligi, balki verbal ifodalar bilan kommunikativ va semantik jihatdan chambarchas bog‘liq bo‘lishi, bu jihatdan aloqa-aralashuv jarayonining shakllanishida va ro‘yobga chiqishida, adresant va adresatning fikr almashinuvida “sukut” (jim turish, gapirmaslik) ham noverbal vosita sifatida ishtirok etishi, sukut holatining kommunikativ akt doirasidagi inkor, rozilik, qo‘rqinch, hayajon, xijolat bo‘lish, hurmatsizlik, charchaganlik, tushunmaslik, bilmaslik va boshqa konstekstual ma’nolari aniqlanib, badiiy matn asosida isbotlangan;
o‘zbek tilida noverbal vositalarning lisoniy ifodasi bo‘lmish ishora (imo-ishora) fe’llarining fe’l leksik-semantik guruhi sifatida maqomi belgilanib, nominativ, struktur va semantik jihatdan asoslangan hamda matnda ishlatilish qonuniyatlari dalillangan;
o‘zbeklar aloqa-aralashuvida ishlatiladigan imo-ishoralar, fonatsion-prosodik noverbal vositalarning (pauza, ohang, ritm, ton, urg‘u kabilar) nutqiy kommunikatsiyadagi ahamiyati va badiiy matndagi lisoniy ifodalanishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbeklar aloqa-aralashuvida ishlatiluvchi noverbal vositalarning lisoniy ifodasini aniqlash, verballashuv jarayonini va matniy xususiyatlarini tekshirish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
adresant tomonidan uzatilayotgan axborotning adresatga to‘la va mukammal etib borishida ma’no ifodalovchi ovozning sifatiy o‘zgarishlarining ahamiyati xususidagi xulosa va natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zolari targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borishda ta’sirchanlikni oshirish, uzatilayotgan axborotning tinglovchiga to‘laqonli va samarali etib borishini ta’minlashda O‘zR OM huzuridagi jamoat fondining 47-13/164 raqamli “Yoshlar to‘g‘risidagi davlat siyosatining amalga oshirilishi, yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish chora-tadbirlari, yoshlar orasida kitob o‘qish madaniyatini shakllantirish va aholi keng qatlamlari o‘rtasida targ‘ib etish borasida materiallar tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida yoritish” mavzusidagi loyihada foydalanilgan (Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2022 yil 27 oktyabrdaga 04/5-10/66-son ma’lumotnomasi). Natijada notiqlar nutqining samaradorligi ortgan va targ‘ibot ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilgan;
o‘zbek tilida noverbal vositalarning lisoniy ifodasi bo‘lmish ishora (imo-ishora) fe’llarining fe’l leksik-semantik guruhi sifatida maqomi belgilanib, nominativ, struktur va semantik jihatdan asoslangan hamda matnda ishlatilish qonuniyatlariga oid natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazining Andijon viloyati bo‘limida notiq hamda ma’ruzachilar unumli foydalanganlar (O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2022 yil 19 avgustdagi 02/02/1276-son dalolatnomasi). Natijada nutqiy axborotga yordamchi sifatida imo-ishoralardan foydalanish ta’sirchanlikni oshirgan va tabiiylikni ifoda etgan;
o‘zbeklar aloqa-aralashuvida ishlatiladigan imo-ishoralar, fonatsion-prosodik noverbal vositalarning (pauza, ohang, ritm, ton, urg‘u kabilar) nutqiy kommunikatsiyadagi ahamiyati va badiiy matndagi lisoniy ifodalanishi haqidagi ilmiy qarashlari va xulosalaridan “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Bedorlik”, “Ijod zavqi”, “Ta’lim va taraqqiyot”, “Millat va ma’naniyat” eshittirishlarining ssenariysini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniya “O‘zbekiston” teleradiokanalining 2022 yil 23 iyundagi 04-36-986-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur teleko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashgan, ilmiy dalillarga boy bo‘lishi ta’minlangan, video va audioaxborotlarning ta’sirchanlik darajasi ortgan;
nutqiy aloqa-aralashuv jarayonida propozisional va pragmatik komponentlarning barchasi verballashmasligi, balki verbal ifodalar bilan kommunikativ va semantik jihatdan chambarchas bog‘liq bo‘lishi, bu jihatdan aloqa-aralashuv jarayonining shakllanishida va ro‘yobga chiqishida, adresant va adresatning fikr almashinuvida “sukut” (jim turish, gapirmaslik) ham noverbal vosita sifatida ishtirok etishi, sukut holatining kommunikativ akt doirasidagi inkor, rozilik, qo‘rqinch, hayajon, xijolat bo‘lish, hurmatsizlik, charchaganlik, tushunmaslik, bilmaslik va boshqa konstekstual ma’nolari kabi masalalar, shuningdek, sahnada o‘zini tutish madaniyati bo‘yicha ilmiy-nazariy xulosalardan Andijon viloyati teleradiokompaniyasining ko‘rsatuvlarini tayyorlashda foydalanilgan (Andijon viloyati teleradikompaniyasining 2022 yil 9 sentyabrdagi 01-24/188-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu ko‘rsatuvlar mazmunan boyib, teletomoshabinlarda paralingvistik madaniyatning shakllanishiga turtki bo‘lgan;
kishilar o‘rtasidagi muloqot madaniyatiga rioya qilish, adab (etiket) qoidalari, an’analar, urf-odatlar asosida yondashuv ma’naviy begonalashuvning oldini olishini e’tiborga olib, tadqiqot materiallari va natijalaridan Andijon davlat universitetida bajarilgan OT-F-1-17-son “Ma’naviy begonalashuvning oldini olishda shaxs faolligini oshirishni ijtimoiy-pedagogik tadqiq etish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan Andijon davlat universiteti ma’muriyatining 2022 yil 6 oktyabrdagi 39-04-2519-son ma’lumotnomasi). Natijada insonlar o‘rtasida samarali muloqot tashkil etilgan va ma’naviy begonalashuvning oldi olingan.