Shodiev Gafur Barotovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Go‘daklardagi to‘satdan o‘lim sindromida (GTO‘S) o‘pkaning struktur-funksional o‘zgarishlarini sud-tibbiy baholash», 14.00.24–Sud tibbiyoti (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Tib176.
Ilmiy rahbar: Giyasov Zaynitdin Asamutdinovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06.2017.Tib.30.03.
Rasmiy opponentlar: Mavlyan-Xodjaev Ravshan Shuxratovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Ro‘ziev Sherzod Ibadullaevich, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘pkaning funksional va struktur o‘ziga xos xususiyatlarini kompleks o‘rganish orqali o‘lim sabablari ichida go‘daklarning to‘satdan o‘limi sindromining o‘rni va ahamiyatini sud-tibbiy aniqlashni takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
to‘satdan o‘lim sindromi bilan vafot etgan go‘daklarning 58%da ikkinchi tipdagi al`veolotsitlarning absolyut va nisbiy ko‘rsatkichlari zo‘raki o‘lim holatlariga nisbatan, ya’ni mexanik asfiksiya, bosh miya va kuyish jarohatlari holatlarida 30%ga, go‘daklarning nogahon o‘limida – pnevmoniya va o‘tkir respirator virusli infeksiyalarda 15%ga kamayganligi aniqlanib, bu o‘pkadagi surfaktant tizimining struktur-funksional jihatdan rivojlanmaganligi bilan isbotlangan;
to‘satdan o‘lim sindromi bilan vafot etgan go‘daklarda surfaktant tizimi holatining funksional buzilishi yuzaga kelishi, bu surfaktant yuza faol biofizik ko‘rsatkichlarining kamayishi bilan namoyon bo‘lishi, GTO‘Sda surfaktantning stabillik ko‘rsatkichi boshqa sabablar bilan vafot etgan bolalar bilan solishtirilganda o‘rtacha 1,7-2,7 marta kamayganligi asoslangan;
to‘satdan o‘limi sindromi bilan vafot etgan bolalarda 60%dan yuqori holatlarda surfaktant V tur oqsili ekspressiyasining kamayishi, bu esa o‘pka surfaktantining sifat o‘zgarishlari natijasida yuzaga kelishi isbotlangan;
o‘pka surfaktant tizimidagi o‘zgarishlar, uyqu vaqtida bolani noto‘g‘ri holatda yotishi, havoda kislorod etishmasligi va boshqa xavf omillari ta’sirida salbiy reflektor effekti rivojlanishiga imkoniyat tug‘dirishi, bu esa uzoq davom etuvchi apnoeni rivojlanishiga va to‘satdan o‘lim holatini yuzaga kelishining sababi ekanligi isbotlangan;
o‘pka to‘qimasi struktur-funksional holatining tizimli tahlili GTO‘S holatlarida tashxisni verifikatsiyalash va gipo- yoki gipertashxisot ko‘rinishidagi kamchiliklar xavfini sezilarli kamaytirish imkonini berganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Go‘daklardagi to‘satdan o‘lim sindromida o‘pkaning struktur-funksional o‘zgarishlarini sud-tibbiy baholash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
go‘daklardagi to‘satdan o‘lim sindromida o‘pkaning struktur-funksional o‘zgarishlarini sud-tibbiy ekspertizada samarali va to‘liq amalga oshirish maqsadida «Go‘daklarning to‘satdan o‘lim sindromini sud-tibbiy tashxislash» uslubiy qo‘llanmasi tasdiqlangan va sog‘liqni saqlash amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 6 yanvardagi 8n-d/6-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma go‘daklardagi to‘satdan o‘lim sindromi holatlarida o‘pkaning morfologik o‘zgarishlarni aniqlash, tashxislash va samarali sud-tibbiy ekspertiza amaliyotini amalga oshirish imkonini bergan;
go‘daklardagi to‘satdan o‘lim sindromida o‘pkaning struktur-funksional o‘zgarishlarini sud-tibbiy baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan Respublika sud-tibbiy ekspertiza Bosh byurosi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati sud-tibbiy ekspertiza byurolari, Respublika patologik anatomiya markazi amaliyotlariga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 26 yanvardagi 8n-3/10-son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalarning amaliyotga joriy qilinishi go‘daklarning to‘satdan o‘limi sindromida o‘pkaning struktur-funksional o‘zgarishlarini sud-tibbiy baholash tizimini yaxshilash imkonini bergan.