Bekmurodova Gulshoda Hayitovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Zamonaviy ijtimoiy destruksiya: mazmuni va shakllari, O‘zbekistonda namoyon bo‘lish xususiyatlari”, 09.00.04 – Ijtimoiy falsafa (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.DSc/Fal106.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, PhD.03/27.02.2020.F.72.08 (bir martalik ilmiy kengash).
Ilmiy rahbar: Negmatova Shahzoda Shuhratovna, falsafa fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: Nazarov Qiyom Normirzaevich, falsafa fanlari doktori, professor; Muxtorov Azamat, falsafa fanlari doktori, professor; Haydarov Komil Donabaevich, falsafa fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi zamonaviy ijtimoiy destruksiyaning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash orqali ularning O‘zbekistonga ta’sirini neytrallashtirishga oid taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
noqilona proteksionizm, mahsulot va xizmatlar narxining yuqori volatilligi, real iqtisodiyot va qimmatbaho qog‘ozlar bozori o‘rtasidagi nomutanosiblik global iqtisodiy destruksiyalarning eksport salohiyatni oshirishga halal berayotgani, iste’mol bozoriga ta’sir ko‘rsatayotgani, kompaniyalarning aksiyalarini xalqaro fond birjalariga chiqarishni murakkablashtirayotgani sababli iqtisodiy taraqqiyot sur’atlarini sekinlashtirayotgani falsafiy jihatdan ochib berilgan;
muammoli sub’ektlar ko‘payishi, mintaqaviy munosabatlarning global siyosatga ta’siri, siyosiy koalisiyalarga birlashish, mafkuralashuv, huquq normalarining poymol etilishi kabi global siyosiy destruksiyalar O‘zbekistonning tashqi siyosatida suverenitetga tahdid solayotgani, xalqaro munosabatlarni milliy manfaatlar asosida tashkil etishga halal berayotgani, siyosiy sistemaning milliy xarakterini saqlashni murakkablashtirayotgani falsafiy isbotlangan;
milliylikning yo‘qolishi, ijtimoiy tengsizlikning kuchayishi, demografik disbalans, ish o‘rinlarida nomutanosiblik, mehnat migratsiyasi intensiv tus olayotgani kabi global ijtimoiy destruksiyalar mamlakatda milliylikni zamonaviylik bilan unifikatsiyalashtirayotgani, boylar va kambag‘allar daromadlari o‘rtasidagi tafovutni kengaytirayotgani, oila transformatsiyasi kabi sabablar demografik vaziyatni ijtimoiy taraqqiyotni sekinlashtiruvchi omilga aylantirayotgani, mehnat resurslaridan oqilona foydalanishga to‘sqinlik qilayotgani, uning xorijga oqib ketishini jadallashtirayotgani asoslangan;
ma’naviy ishlab chiqarishning tijoratlashuvi, axloqiy befarqlik muhiti shakllanishi, vayronkor g‘oyalarning tarqalishi, dezinformatsiyalar ko‘payishi kabi global ma’naviy destruksiyalar fan va ta’lim, adabiyot va san’at tijoriy imkoniyatlaridan foydalanishga intilishni kuchaytirayotgani, axloqiy normalar vorisiyligini buzayotgani, mafkuraviy savodxonlik darajasini tushirayotgani, kishilar ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani aniqlangan;
ijtimoiy jarayonlarning tarkibiy va funksional bog‘liqligiga asoslangan holda mamlakatda global iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy destruksiyalar ta’sirini neytrallashtirishda iqtisodiy va siyosiy islohotlar potensialidan foydalanish, ijtimoiy vorisiylikni mustahkamlash va shaxs erkinligini kengaytirish mexanizmlarini takomillashtirish zarurati falsafiy asoslangan.
Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Zamonaviy ijtimoiy destruksiyaning mazmuni va shakllari tadqiq etish asosida O‘zbekistonda namoyon bo‘lish xususiyatlari va ularni neytrallshatrishga oid ilmiy natijalar asosida:
muammoli sub’ektlar ko‘payishi, davlatlararo ziddiyatlar chigallashishi, mintaqaviy munosabatlarning global siyosatga ta’siri, siyosiy koalisiyalarga birlashish, mafkuralashuv, xalqaro terrorizmning kuchayishi, huquq normalarining poymol etilishi kabi global siyosiy destruksiyalar O‘zbekistonning tashqi siyosatida suverenitetga tahdid solayotgani, xalqaro munosabatlarni milliy manfaatlar asosida tashkil etishga xalal berayotgani, siyosiy sistemaning milliy xarakterini saqlashni murakkablashtirayotganiga oid ilmiy yangiliklar va tavsiyalardan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining “Jahondagi global siyosiy destruktiv jarayonlarning O‘zbekistonga ta’sirining ijtimoiy-falsafiy tahlili”, “Siyosiy destruksiyaning namoyon bo‘lishi shakllari va ularni bartaraf etish yo‘llari” mavzuidagi o‘quv seminarlarini tashkil etishda foydalanilgan (O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 2022 yil 3 oktyabrdagi 6-357-son ma’lumotnomasi). Natijada, dissertatsiya g‘oyalari partiyaning siyosiy destruksiyalarga qarshi choralar majmuini ishlab chiqishda muhim manba bo‘lib xizmat qilgan;
milliylikning yo‘qolishi, ijtimoiy tengsizlikning kuchayishi, oila instituti inqirozi, demografik disbalans, ish o‘rinlarida nomutanosiblik, mehnat migratsiyasi intensiv tus olayotgani kabi global ijtimoiy destruksiyalar O‘zbekistonda milliylikni zamonaviylik bilan unifikatsiyalashtirayotgani, boylar va kambag‘allar daromadlari o‘rtasidagi tafovutni kengaytirayotgani, oila transformatsiyasi kabi sabablar demografik vaziyatni ijtimoiy taraqqiyotni sekinlashtiruvchi omilga aylantirayotgani, mehnat resurslaridan oqilona foydalanishga xalal berayotgani, uning xorijga oqib ketishini jadallashtirayotganiga doir xulosa va tavsiyalardan O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati tomonidan “Jahon falsafasi qomusi. 1-2 kitob” mavzuidagi fundamental tadqiqot loyihasini bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyatining 2022 yil 4 oktyabrdagi 15-son ma’lumotnomasi). Natijada, ijtimoiy destruksiyalarning sabab va oqibatlarini aniqlash, ularning O‘zbekistonga ta’sirini tahlil qilishda nazariy asos vazifasini bajargan hamda tayyorlangan kitobning mazmunini boyitishda xizmat qilgan;
ma’naviy ishlab chiqarishning tijoratlashuvi, axloqiy befarqlik muhiti shakllanishi, vayronkor g‘oyalarning tarqalishi, dezinformatsiyalar ko‘payishi kabi global ma’naviy destruksiyalar O‘zbekiston sharoitida fan va ta’lim, adabiyot va san’at tijoriy imkoniyatlaridan foydalanishga intilishni kuchaytirayotgani, axloqiy normalar vorisiyligini buzayotgani, mafkuraviy savodxonlik darajasini tushirayotgani, ekstremistik guruhlar g‘oyaviy ta’siriga tushishni oshirib borayotgani, kishilar ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganiga oid ilmiy xulosa va takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan 2021-2022 yilgi ma’naviy-tarbiyaviy ishlar rejasining VIII bobi – “Yoshlar o‘rtasida xalqimizning tarixiy merosi, urf-odatlari va milliy tarbiya an’analarini asrab-avaylash hamda dinlararo bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va o‘zaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga doir amalga oshiriladigan ishlar”ni bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2022 yil 7 oktyabrdagi 89-06-37-son ma’lumotnomasi). Natijada, yoshlarning ma’naviy destruksiya haqidagi tasavvurlarini kengaytirish, oliy ta’lim muassasalarida islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish, talaba yoshlarda mafkuraviy immunitetni shakllantirish, global muammolar ularninng O‘zbekistonga ta’sirini ochib berishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
noqilona proteksionizm, mahsulot va xizmatlar narxining yuqori volatilligi, real iqtisodiyot va qimmatbaho qog‘ozlar bozori o‘rtasidagi nomutanosiblik, davlatning iqtisodiyotni boshqarish imkoniyatlari kamayishi, ichki va tashqi qarzining o‘sishi kabi global iqtisodiy destruksiyalarning O‘zbekiston eksport salohiyatini oshirishga xalal berayotgani, iste’mol bozoriga ta’sir ko‘rsatayotgani, kompaniyalarning aksiyalarini xalqaro fond birjalariga chiqarishni murakkablashtirayotgani sababli iqtisodiy taraqqiyot sur’atlarini sekinlashtirayotganiga doir ilmiy xulosa va takliflardan “Barqaror rivojlanish markazi”ning 2022 yilgi ish rejasi 8-maqsadi “Samarali bandlikni oshirish hamda erkaklar va xotin-qizlarni munosib ish bilan ta’minlash asosida barqaror va umumqamrovli iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashishga” oid bandi ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (“Barqaror rivojlanish markazining” 2022 yil 3 oktyabrdagi 233-son ma’lumotnomasi). Natijada, dissertatsiya g‘oyalari iqtisodiy destruktiv jarayonlarni bartaraf etishga qaratilgan choralarni ishlab chiqish, bandlikni oshirish hamda erkaklar va xotin-qizlarni munosib ish bilan ta’minlash asosida barqaror va umumqamrovli iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashishga oid takliflarni tayyorlash va amalga oshirishda nazariy-metodologik asos vazifasini bajargan;
ijtimoiy jarayonlarning tarkibiy va funksional bog‘liqligiga asoslangan holda O‘zbekiston sharoitida global iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy destruksiyalar ta’sirini neytrallashtirishda iqtisodiy va siyosiy islohotlar potensialidan foydalanish, ijtimoiy vorisiylikni mustahkamlash va shaxs erkinligini kengaytirish mexanizmlarini takomillashtirishga oid taklif va tavsiyalardan Qashqadaryo viloyati teleradiokompaniyasining “Nur bilimda” radioeshittirishini, “Panorama nedeli” informatsion eshittirishining dasturlari ssenariylarini tayyorlashda, “Taklif va taqqos” radioeshittirishi ssenariysini tuzishda foydalanilgan (Qashqadaryo viloyati teleradiokompaniyasining 2022 yil 3 oktyabrdagi 17-05/267-son ma’lumotnomasi). Natijada, zamonaviy global destruktiv jarayonlar haqidagi jamoatchilik fikrini shakllantirish borasidagi sa’y-harakatlar samarasini oshirishga xizmat qilgan.