Ismailov Dilshod Anvarjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Investisiya faoliyatini moliyaviy boshqarish usullarini takomillashtirish», 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Iqt35.
Ilmiy rahbar: Karimov Norboy G‘anievich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Bank-moliya akademiyasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.27.06.2017.I.15.01.
Rasmiy opponentlar: Tashmurodova Buvsara Egamovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Dodiev Fozil Utkurovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mamlakatimizda investisiya faoliyatini moliyaviy boshqarish usullarini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yirik investision loyihalarni «ishlab chiqaruvchi-iste’molchi-xizmat ko‘rsatuvchi banklar»ning o‘zaro aloqadorligini ta’minlash yo‘li orqali kreditlash amaliyoti takomillashtirilgan;
innovatsion va yuqori texnologiyalarga asoslangan investision loyihalarni moliyalashtirishda turli yo‘nalishdagi imtiyozlar tizimini tatbiq etgan holda venchur fondlar faoliyatini samarali tashkil etish mexanizmi ishlab chiqilgan;
aholi ixtiyoridagi milliy va xorijiy valyutadagi mablag‘larni investision loyihalarni moliyalashtirishga jalb etish bo‘yicha investision qimmatli qog‘ozlar, xususan, mahalliy boshqaruv organlari va ipoteka obligatsiyalarini muomalaga chiqarish yuzasidan ilmiy takliflar ishlab chiqilgan;
mintaqalarning investision infratuzilmasini takomillashtirishga yo‘naltirilgan hududiy infratuzilma va investisiya institutlari faoliyatining uyg‘unligini ta’minlash mexanizmi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Investisiya faoliyatini moliyaviy boshqarish usullarini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalari asosida:
yirik investision loyihalarni «ishlab chiqaruvchi-iste’molchi-xizmat ko‘rsatuvchi banklar»ning o‘zaro aloqadorligini ta’minlash yo‘li orqali kreditlash amaliyotini takomillashtirish taklifi O‘zbekiston Respublikasining «Investisiya faoliyati to‘g‘risida»gi qonunining 17-moddasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2017 yil 25 dekabrdagi 04/1-06-78-son ma’lumotnomasi). Natijada markazlashtirilmagan investisiyalarni amalga oshirishning manbalari tarkibi qimmatli qog‘ozlar, sindikatlashgan kreditlar hisobiga kengaytirilgan;
innovatsion va yuqori texnologiyalarga asoslangan investision loyihalarni moliyalashtirishda turli yo‘nalishdagi imtiyozlar tizimini tatbiq etgan holda venchur fondlar faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2017 yil 25 dekabrdagi №04/1-06-78-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy natijaning qo‘llanilishi yuqori texnologiyalarga asoslangan innovatsion loyihalarning moliyaviy manbasini mintaqaviy venchur fondlari hisobidan kengaytirish hamda mintaqaviy yalpi mahsulot tarkibida yuqori texnologiyalarga asoslangan mahsulotlar va xizmatlar salmog‘ining oshishini ta’minlagan;
aholi ixtiyoridagi milliy va xorijiy valyutadagi mablag‘larni investision loyihalarni moliyalashtirishga jalb etish bo‘yicha investision qimmatli qog‘ozlar, xususan, mahalliy boshqaruv organlari va ipoteka obligatsiyalarini muomalaga chiqarish yuzasidan taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2017 yil 25 dekabrdagi 04/1-06-78-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifning joriy etilishi investision loyihalarni moliyalashtirishda mintaqalardagi moliyaviy resurslar hajmini hamda tijorat banklari tomonidan kreditlash imkoniyatini kengaytirgan;
mintaqalarning investision infratuzilmasini takomillashtirishga yo‘naltirilgan hududiy infratuzilma va investisiya institutlari faoliyatining uyg‘unligini ta’minlash mexanizmi Namangan viloyati Moliya bosh boshqarmasi faoliyatiga joriy etilgan (Namangan viloyati Moliya bosh boshqarmasining 2017 yil 10 avgustdagi 7-son ma’lumotnomasi). Ilmiy taklifni joriy etish natijasida Namangan viloyati iqtisodiyotida subvensiyalar ulushi kamayib, viloyat tumanlarining investision jozibadorligi oshgan, viloyat iqtisodiyotiga kiritilayotgan investisiyalar miqdorini o‘sishiga imkon yaratgan.