Xaydarov Dilshod Mamarasulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kal`siy va magniy suksinatlarining bir turli va aralash ligandli koordinatsion birikmalarining sintezi, tuzilishi va qo‘llanishi», 02.00.01–Noorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/K32.
Ilmiy rahbar: Azizov Toxir Azizovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.K.01.03.
Rasmiy opponentlar: Kadirova Shaxnoza Abduxalilovna, kimyo fanlari doktori, dotsent; Daminova Shaxlo Sharipovna, kimyo fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent farmatsevtika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: magniy, kal`siy suksinatlarining bir turli va aralash ligandli koordinatsion birikmalarini sintez qilish asosida yangi turdagi stimulyatorlar olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
magniy, kal`siy suksinatlarining 61 ta bir turli va aralash ligandli yangi koordinatsion birikmalarining sintezi amalga oshirilgan, tarkibi va individualligi aniqlangan;
amid, atsidoligand fragmentlarining koordinatsiyalanish xossalari infraqizil yutilish spektroskopiya usuli bilan va kvant kimyoviy tahlillar asosida bir necha birikmalar tuzilishi isbotlangan;
birikmalardagi suksinat guruhining tuzilish xususiyatlari va tarkibi, xossalari kompleks hosil qiluvchining tabiatiga, organik ligandga va koordinatsiyalanish qobiliyatlariga bog‘liqligi aniqlangan;
amidlar va suksinat fragmentining koordinatsiyalanish qobiliyati raqobatini belgilovchi omillar aniqlangan;
qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘stiruvchi va hosildorlikni oshiruvchi foydali stimulyatorlar yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Magniy, kal`siy suksinatlarining bir turli va aralash ligandli koordinatsion birikmalari sintezi, tuzilishi va qo‘llanishini tadqiq qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sintez qilingan kompleks birikmalardan OT-F7-48 raqamli «Immobilanishni nazariy va atrof-muhit ob’ektlarida prioritetli ifloslantiruvchilarni testlashda va aniqlashda immobilanagan organik reagentlarni qo‘llash» mavzusidagi fundamental loyihasida biologik xususiyatlarning molekula tuzilishiga, markaziy atom qurshovi va ligandlar tabiatiga bog‘liqligini aniqlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 18 oktyabrdagi FTA-02-11/905-son ma’lumotnomasi). Natijada yangi bir turli va aralash-ligandli komplekslarning spektral xossalarini, metall atomining reagent funksional guruhi bilan koordinatsiyalanishini tavsiflash imkonini bergan;
SaS·FA·K stimulyatorining biologik faolligi Samarqand seleksiya, urug‘chilik va paxta etishtirish agrotexnologiyasi ilmiy-tekshirish instituti maydonlarida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 8 fevraldagi 07/23–208-son ma’lumotnomasi). Natijada SaS·FA·K stimulyatori bilan ishlov berilgan chigitning unib chiqishi muddati 3-5 kunga, paxtaning ochilish muddati 7–10 kunga qisqargan va hosildorlikni 15–20 %ga oshirish imkonini bergan;
SaS·K·TK stimulyatorining biologik faolligi Samarqand seleksiya, urug‘chilik va paxta etishtirish agrotexnologiyasi ilmiy-tekshirish instituti maydonlarida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 8 fevraldagi 07/23–208-son ma’lumotnomasi). Natijada paxta sifatini va hosildorligini 1,2 barobar oshirish imkonini bergan.