Eshmetov Rasulbek Jumyazovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ul`tratovush ta’siridan foydalanib neft` tayyorlash jarayonlarini jadallashtirish», 02.00.11–Kolloid va membrana kimyosi (texnika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/T298.

Ilmiy rahbar: Salixanova Dilnoza Saidakbarovna, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.27.06.2017.K/T.35.01.

Rasmiy opponentlar: Guro Vitaliy Pavlovich, kimyo fanlari doktori; Akramov Baxshilla Shafievich, texnika fanlari nomzodi, professor.

Yetakchi tashkilot: Farg‘ona politexnika instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatiga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: turg‘un suv neftli emul`siyalarning suvsizlantirish va tuzsizlantirish jarayonlarini K-1 deemul`gatori va sovunlantirilgan paxta soapstokidan (SPS) yaratilgan kompozisiyalar hamda ul`tratovush ta’siri yordamida jadallashtirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

mahalliy suv neftli emul`siyalar tarkibida ko‘plab emul`girlovchi sirt faol moddalar mavjudligi sababli suv globulalarining himoya qobig‘i murakkab  assotsiat va komplekslar hisobiga turg‘un bo‘lishi isbotlangan;

turg‘un suv neftli emul`siyalar tarkibidan qoldiq mexanik aralashmalar va tuzlarni ajratib olishda flokulyant sifatida sovunlantirilgan paxta soapstokini qo‘llash mumkinligi aniqlangan;

mahalliy turg‘un suv neftli emul`siyalarni ul`tratovush yordamida parchalashda gidrodinamik o‘zgartirgichga nisbatan magnitostriksion o‘zgartirgichni qo‘llash 1,2–1,3 marta samarali ekanligi isbotlangan;

ishlab chiqilgan kompozisiyalar va ul`tratovush ta’sirida mahalliy turg‘un suv neftli emul`siyalarni suvsizlantirish va tuzsizlantirish jarayonlarini maqbul sharoitlarda qo‘llash orqali jadallashtirilgan;

SNE suvsizlantirish va neftlarni tuzsizlantirishda ul`tratovush ta’siri hamda K-1 deemul`gatori va sovunlantirilgan paxta soapstoki kompozisiyalarini birga qo‘llash orqali ushbu jarayonlarni jadallashtirishning kombinatsion usuli ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Ul`tratovush ta’siridan foydalanib turg‘un SNElarni suvsizlantirish va tuzsizlantirish jarayonini jadallashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

K-1 deemul`gatori va mahalliy yuvuvchi sovunlantirilgan paxta soapstoki asosida yaratilgan kompozisiyalar «Jarqo‘rg‘onneft`» AJda amaliyotga joriy etilgan («O‘zbekneftegaz» AJning 2018 yil 22 yanvardagi 06/12-1-11-son ma’lumotnomasi). Natijada chetdan valyuta hisobiga keltirilgan K-1 deemul`gatori sarfini 1,5–2,0 barobar kamaytirish va neftlarni mexanik qo‘shimchalardan chuqur tozalash imkonini bergan;

turg‘un SNElarni tuzsizlantirish va suvsizlantirish jarayonini ul`tratovush ta’siri yordamida jadallashtirish texnologiyasi «Gazlineftgazqazibchiqarish» OAJda va «Jarqo‘rg‘onneft`» AJda amaliyotga joriy etilgan («O‘zbekneftegaz» AJning 2018 yil 22 yanvardagi 06/12-1-11-son ma’lumotnomasi). Natijada suvsizlantirish vaqti 1,3–1,5 marta va tuzsizlantirish miqdorini 1,2–1,3 marotaba qisqartirish imkonini bergan;

tuzli neftlarni chuchuk suv bilan ul`tratovush ta’sirida yuvish texnologiyasi «Gazlineftgazqazibchiqarish» OAJda amaliyotga joriy etilgan («O‘zbekneftegaz» AJning 2018 yil 22 yanvardagi 06/12-1-11-son ma’lumotnomasi). Natijada tuzli neftlarni 2-3 marta qayta yuvish  bir martagacha qisqartirilgan va neftdagi qoldiq tuz miqdori standart talablarga to‘liq etkazish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish