Diyorova Muhabbat Xurramovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Gaz sanoati oltingugurt birikmali chiqindilarini qurg‘oqchil mintaqa tuproqlari xossalariga va daraxtlarga ta’siri hamda ularni yaxshilash yo‘llari», 03.00.13–Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.PhD/B142.
Ilmiy rahbar: Yuldashev G‘ulom, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx/B.43.01.
Rasmiy opponentlar: Isoqov Valijon Yunusovich, biologiya fanlari doktori, professor; Abduraxmonov To‘xtasin, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand qishloq xo‘jalik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: zavod chiqindilaridan vodorod sul`fid (H2S) va sul`fat angidrid (SO2)ning sug‘oriladigan qumli cho‘l, taqirli hamda och tusli bo‘z tuproqlarning fizikaviy, kimyoviy, agrokimyoviy, mikrobiologik, meliorativ xususiyatlariga, mevali daraxtlarda kechadigan agrobiologik jarayonlarining o‘zgarishlariga, hosildorligiga hamda hosil sifatiga ta’sirini tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Qashqadaryo vohasining cho‘l mintaqa va sug‘oriladigan och tusli bo‘z tuproqlarining gaz sanoat chiqindilari (H2S va SO2) ta’sirida tuproq-ekologik, genetik va tuproq kimyoviy, meliorativ xususiyatlarining o‘zgarishi isbotlangan;
texnogen modda sifatida ajralib chiqadigan zavod chiqindilari – vodorod sul`fid (H2S) hamda sulfat angidrid (SO2) birikmalarining turli fizik holatda va konsentratsiyada o‘simlikda, tuproqda harakatlanishining ta’sir qilish mexanizmlari aniqlangan;
tuproqdagi oltingugurt miqdori bilan gumus, yalpi N, P2O5, K2O va harakatchan oziqa elementlar o‘rtasida korrelyasion bog‘lanishlar aniqlangan;
yog‘ingarchilik miqdori juda kam, atmosfera hamda tuproq qurg‘oqchiligi yaqqol sezilib turgan arid, keskin kontinental iqlimli sharoitda oltingugurtli birikmalarning ta’sir doirasini atmosfera-o‘simlik-tuproq va tuproq-o‘simlik-atmosfera aylanma harakati aniqlangan;
mevali daraxtlarning zavod chiqindilariga chidamlilik darajasi bo‘yicha behi-olma-o‘rik-olcha-bodom-shaftoli daraxtlarining ekologik qatori ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Oltingugurtli gaz sanoati chiqindilarini cho‘l, bo‘z mintaqa tuproq va mevali daraxtlar xossalariga ta’siri, yaxshilash yo‘llari borasida olib borilgan tadqiqotlar asosida:
zavodlardan ajralib chiqayotgan turli xil zaharli ta’sir etuvchi gazlar miqdorini tuproq va o‘simliklar tarkibida to‘planishini kamaytirish maqsadida o‘simliklarning ekologik qatori ishlab chiqilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2017 yil 27 dekabrdagi 03-01/12-7502-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida oltingurgutli zaharli gazlarni atmosfera orqali – tuproq↔suv↔o‘simlik↔hayvonot olamiga salbiy ta’siri kamaygan;
shamolning tezligi va yo‘nalishi alohida e’tiborga olingan holda, mevali daraxtlarni gektariga 900 tup behi, 500 tup olma, 300 tup o‘rik, 100 tup bodom tartibida ekish tavsiya etilgan bo‘lib, zavodning №3, 5, 6, 7 sexlari atrofida hamda hududning ichki va tashqi 5,0 gektar maydonida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2017 yil 27 dekabrdagi 03-01/12-7502-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida ajratilayotgan chiqindi oltingugurt elementining atrof-muhitga tarqalishi kamaygan;
mavzu doirasida 2015–2017 yillarda Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Parhuza dahasi «Burxon» fermer xo‘jaligining 20 gektar maydonida behi→olma→o‘rik→olcha→ bodom→shaftoli ekologik qatorlari bo‘yicha bog‘ tashkil etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2017 yil 27 dekabrdagi 03-01/12-7502-son ma’lumotnomasi). Natijada atmosfera havosi orqali tarqalayotgan oltingurgut birikmalarining ta’sirini kamaytirishga erishilgan.