Rahmonov Faxriddin Shoymardonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Janubiy O‘zbekiston o‘zbeklari an’anaviy dehqonchiligining etnohududiy xususiyatlari ( XIX asr oxiri-XX asr )”, 07.00.07 – “Etnografiya, etnologiya va antropologiya” (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.DSc/Tar142.
Ilmiy maslahatchi: Ashirov Adxam Azimbaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat universiteti, PhD.03/27.02.2022.Tar.70.05 (bir martalik Ilmiy Kengash).
Rasmiy opponentlar: Abdullaev Ulug‘bek Saydonovich, tarix fanlari doktori, professor; Qobilov Eshbolta Atamurodovich, tarix fanlari doktori, professor; Tursunov Nurullo Narzullaevich, tarix fanlari doktori (DSc), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XIX asr oxiri - XX asrda Janubiy O‘zbekiston o‘zbeklari an’anaviy dehqonchiligining etnohududiy xususiyatlarini tarixiy-etnografik ma’lumotlar asosida kompleks tarzda ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XIX asr oxiri – XX asr davomida Janubiy O‘zbekiston o‘zbeklarining xo‘jalik-madaniy an’analari yangicha bozor munosabatlari, ijtimoiy mulkchilikning ta’siri va ekologik omillar natijasida transformatsiyaga uchrab, er-suv munosabatlari, erga jamoaviy ishlov berish an’analarida innovatsion o‘zgarishlar (agrotexnika, mehnat qurolllari, yangi ekin turlari va navlari) sodir bo‘lganligi aniqlangan;
Janubiy O‘zbekiston mintaqasiga xos bo‘lgan sug‘orma (obi), lalmi, liman, qayir, koriz, soy, havza, buloq kabi shartli sug‘orma dehqonchilik shakllari hamda bahorgi, kuzgi (tiromoyi), kechki, ertachi, oq ekan, ko‘k ekin kabi an’anaviy ekin ekish turlari zamonaviy meloratsiya va agrotexnika yutuqlari bilan uyg‘unlashgan holda vohaning o‘troq hamda yarimo‘troq turmush tarziga ega bo‘lgan aholisi orasida ixtisoslashganligi aniqlangan;
mintaqaning xo‘jalik-madaniy muhitida asrlar davomida an’anaga aylangan erga jamoaviy asosda ishlov berish shakli bo‘lgan paykal, qo‘sh, ariq, koriz kabi er-suv jamoalari an’analari etnik qadriyat sifatida sovet davri mulkchilik shakllari negizida ham muayyan darajada saqlanib qolganligi ochib berilgan;
voha dehqonchiligiga oid an’anaviy shakldagi (omoch, ketmon, bel, o‘roq, shoxa, bog‘qaychi) mehnat qurollari va vositalarining saqlanib qolganligi tog‘ va tog‘oldi mintaqalarida tomorqa, dehqon xo‘jaliklarida er haydash, erga ishlov berish, ekin ekish, hosilni yig‘ib olishda muhim o‘rin tutishi hamda dehqonlarning kamchiqim va ekologik zararsiz texnologiyalarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqqanligi dalillangan;
o‘zbeklarning dehqonchilik bilan bog‘liq urf-odat va marosimlari (“Oq fotiha”, “Shox moylar”, “Oblo baraka”, “Chosh qurdi”, “Sust xotin”) hamda qadimgi tarixiy-mifologik obrazlar (Bobodehqon, Hazrati Hizr, Mir Haydar, Sust xotin) mamlakatda dehqonchilik madaniyatini rivojlantirishda, inson va tabiat munosabatlarida, jamiyatda ekologik madaniyatni shakllanishida muhim ahamiyatga ega ekanligi ko‘rsatib berilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XIX asr oxiri – XX asrda Janubiy O‘zbekiston o‘zbeklari an’anaviy dehqonchiligining etnohududiy xususiyat-larini ochib berish jarayonida olingan xulosa va takliflar asosida:
mintaqa o‘zbeklari dehqonchiligida yangicha bozor munosabatlari, ijtimoiy mulkchilikning ta’siri va ekologik omillar natijasida er-suv munosabatlari, erga jamoaviy ishlov berish an’analari, mahalliy agrotexnikasi, dehqonchilik ekin turlari, navi hamda tarkibiga innovatsiyalar kirib kelib, transformatsiyalashib borganligiga qaramasdan, xo‘jalik-madaniy va etnik an’analar milliy qadriyat sifatida saqlanib qolganligi borasidagi asoslangan ilmiy xulosalardan mamlakatning agro hamda ekoturizm salohiyatini rivojlantirish, dehqonchilik bilan bog‘liq madaniy merosni targ‘ib qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining 2022 yil 20 iyundagi 04-12/1729-son ma’lumotnomasi). Natijada O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligiga qarashli Qashqadaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi eksponatlari yangi ma’lumotlar bilan boyitilib, milliy dehqonchilikning etnohududiy xususiyatlari haqidagi bilimlarini kengaytirishga yordam bergan;
Janubiy O‘zbekiston mintaqasiga xos bo‘lgan shartli sug‘orma dehqonchilik shakllari hamda an’anaviy ekin ekish turlari zamonaviy melioratsiya va agrotexnika yutuqlari bilan uyg‘unlashgan holda vohaning o‘troq hamda yarimo‘troq turmush tarziga ega bo‘lgan aholisi orasida ixtisoslashganligi va mintaqaning xo‘jalik-madaniy muhitida asrlar davomida an’anaga aylangan hamda ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan oilaviy, qo‘ni-qo‘shnichilik va qarindosh-urug‘chilik tizimiga asoslangan erga jamoaviy asosda ishlov berish borasidagi tajriba hamda an’analardan etnografik materiallardan Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti faoliyatida foydalanilgan (Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutining 2022 yil 29 iyuldagi 211-sonli dalolatnomasi). Natijada, dissertatsiya natijalari Janubiy O‘zbekiston o‘zbeklari an’anaviy dehqonchiligining etnolokal jihatlari va ushbu sohada sodir bo‘lgan transformatsiya jarayonlarini zamonaviy dehqonchilikka joriy etishga yordam bergan;
voha dehqonchiligiga oid an’anaviy shakldagi (omoch, ketmon, bel, o‘roq, shoxa, bog‘qaychi) mehnat qurollari va vositalarining saqlanib qolganligi tog‘ hamda tog‘oldi mintaqalarida tomorqa, dehqon xo‘jaliklarida er haydash, erga ishlov berish, ekin ekish, hosilni yig‘ib olishda muhim o‘rin tutishi, dehqonlarning kamchiqim va ekologik zararsiz texnologiyalarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqqanligi borasidagi etnografik dalillardan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining 2018–2019 yillarga bajarilishi mo‘ljallangan IZ-20170927504-sonli “Surxondaryo” viloyati tarixiy ekoturizm salohiyati” nomli davlat grant loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Surxondaryo viloyati innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazining 2022 yil 16 maydagi 35-raqamli ma’lumotnomasi). Ushbu loyiha natijalari mamlakatda turizm salohiyatini oshirish, xususan, agroturizm sohasini rivojlantirishda Janubiy O‘zbekiston aholisi an’anaviy dehqonchiligining etnohududiy xususiyatlari muhim omillardan biri ekanligini asoslab berish imkonini bergan;
Janubiy O‘zbekiston o‘zbeklarining erga ishlov berish, ekin ekish, parvarish qilish hamda hosilni yig‘ib-terib olishga oid an’ana va marosimlar, o‘simliklar bilan bog‘liq xalq qarashlaridagi qadimiy e’tiqodlar izlarining yoritib berilishi borasidagi erishilgan natijalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Oʻzbekiston tarixi” teleradiokanalida efirga uzatiladigan “Taqdimot” va “Etno” ko‘rsatuvlarini ssenariy-larini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2022 yil 3 iyundagi 01-06-820-son ma’lumotnomasi). Natijada, teletomoshabin-larni o‘zbek xalqi an’anaviy dehqonchiligining etnohududiy xususiyatlari va soha bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlardan xabardor qilishga asos bo‘lgan.