Razakov Gulomjon Abduvoxidovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kimyo fanini o‘qitishda o‘quvchilarning tabiiy-ilmiy savodxonligini takomillashtirish metodikasi (umumiy o‘rta ta’lim maktablari misolida)», 13.00.02 – Ta’lim tarbiya nazariyasi va metodikasi (kimyo) (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Ped3157.
Ilmiy rahbar: Ergasheva Gulruxsor Sulxonidinovna, pedagogika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019. K.01.03.
Rasmiy opponentlar: Nizomova Saida Adilovna, pedagogika fanlari doktori; Yaxshieva Zuxra Ziyatovna, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining kimyo ta’limida PISA kontekst topshiriqlari hamda audiovizual materiallar asosida o‘quvchilarning tabiiy-ilmiy savodxonligini rivojlantirish metodikasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kimyo fanidan o‘quvchilarning tabiiy-ilmiy savodxonligini rivojlantirishning pedagogik, psixologik, metodik imkoniyatlari zamonaviy yondashuvlar (kompetentlilik, alohida, kontekstli) asosida aniqlashtirilgan;
umumiy o‘rta ta’lim maktablarida kimyo fanini o‘qitishda o‘quvchilarning tabiiy-ilmiy savodxonligini takomillashtirishga yo‘naltirilgan PISA kontekstlar to‘plami hamda elektron metodik ta’minotlar ishlab chiqilgan;
elektron resurs va baholash vositalari hamkorligidagi didaktik ta’minot orqali kimyo fanini o‘qitish uchun o‘quvchilarni tabiiy-ilmiy savodxonligini rivojlantirish metodikasi modeli takomillashtirilgan, hamda uning asosida bo‘lajak kimyo o‘qituvchilarining tabiiy-ilmiy savodxonligini rivojlantirishga qaratilgan o‘quv qo‘llanmalar yaratilgan;
kimyo fanini o‘qitishda 3D namoyishli elektron o‘quv qo‘llanma va PISA kontekst topshiriqlari asosida o‘quvchilarning tabiiy-ilmiy savodxonligini rivojlantirish metodikasi ishlab chiqilgan va uning samadorligi ko‘rsatib berilgan;
umumiy o‘rta ta’lim maktablari kimyo darsliklarining tarkibidagi masalalarning izohli echimlarini QR kod asosida taqdim etish orqali o‘quvchilar bilan mobil qaytar aloqa ta’minlanib, bu ularni o‘zlashtirish darajasini ortishiga olib kelgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Kimyo ta’limida o‘quvchilarning tabiiy-ilmiy savodxonligini rivojlantirishga oid tadqiqotlar natijalari asosida:
bo‘lajak kimyo o‘qituvchilarining tabiiy-ilmiy savodxonlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi «Eksprementlar o‘tkazish metodikasi (kimyo)» nomli o‘quv qo‘llanma tayyorlangan hamda amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 6 oktyabrdagi 522-sonli buyrug‘iga asosan berilgan №522-076 guvohnoma). Natijada, tayyorlangan o‘quv qo‘llanma o‘quv jarayoniga tatbiq etilgan va o‘quvchilarni ta’lim sifati samaradorligini ortishiga erishilgan.
o‘quvchilarning bilish faoliyati va o‘qitish mazmunini shaxsiy-refleksiv, kognitivlik, kreativlik, motivatsion-faollashtirish darajasiga ustuvorlik berish orqali ularning tabiiy-ilmiy savodxonligini rivojlantirishga yo‘naltirilgan didaktik materiallar asosida tayyorlangan o‘quv qo‘llanmalar o‘quv jarayoniga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazining 2022 yil 27 iyundagi 01/11-01/9-964-sonli ma’lumotnomasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2022 yil 13 iyundagi 03-02/2-1765-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘rta maktab o‘quvchilariga kimyo fanini PISA kontekstlari asosida o‘qitish samaradorligini takomillashtirishga erishilgan.
tabiiy-ilmiy savodxonlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan didaktik materiallar asosida tayyorlangan o‘quv qo‘llanmalar Toshkent viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi «Aniq va tabiiy fanlar metodikasi» kafedrasi kimyo yo‘nalishi tinglovchilariga foydalanish uchun tavsiya etilgan (Toshkent viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazining 2022 yil 28 iyundagi 106-son ma’lumotnomasi). Natijada, Xalk ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularni malakasini oshirish xududiy markazi tinglovchilarining kasbiy faoliyatida PISA kontekst topshiriqlaridan foydalanish ko‘nikmalari amaliyotga joriy kilingan.