Rahimov Komiljon Rahmatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiyma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mustamliy Buxoriyning «Sharh at-Ta’arruf» asari hamda uning XI–XV asrlar Movarounnahr va Xuroson tasavvuf manbalariga ta’siri», 07.00.08–Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Tar74.
Ilmiy rahbar: Abduhalimov Bahrom Abdurahimovich, tarix fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, DSc.27.06.2017.Tar.44.01.
Rasmiy opponentlar: Uvatov Ubaydulla Murodovich, tarix fanlari doktori, professor; Nuritdinov Mahmudxo‘ja Nizomovich, falsafa fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent islom universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Mustamliy Buxoriyning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish hamda olimning «Sharh at-Ta’arruf» asarini islom tarixi va manbashunosligi nuqtai nazaridan ilmiy muomalaga kiritishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Mustamliy Buxoriyning taxminiy tavallud va aniq vafot sanalari, ustozlari va shogirdlari, faoliyat sohalari hamda yaratgan asarlarini aniqlashtirish asosida uning nisbatan to‘liqroq tarjimai holi tuzilgan;
«Sharh at-Ta’arruf» asarining manbashunoslik va qiyosiy tahlili asosida unda tasavvufning XI asrgacha bo‘lgan tarixi, jumladan, Basra, Ko‘fa, Xuroson va Movarounnahr zohidlik maktablari hamda Iroq (Bag‘dod), Xuroson (Nishopur), Misr, Shom (Damashq) va O‘rta Osiyo tasavvuf maktablari yirik vakillarining hayoti, faoliyati va qarashlari yoritilganligi ochib berilgan;
Mustamliy Buxoriy tasavvurida tasavvufning mohiyati xudoga bo‘lgan muhabbat, maqsadi xudoga etishish, xarakteri valoyat, natijasi esa oriflikdan iborat ekanligi ko‘rsatib berilgan;
Mustamliy Buxoriyning «Sharh at-Ta’arruf»da so‘fiylik yo‘lining markazlashgan tizimini yaratganligi, ushbu tizimda so‘fiylik yo‘li avval boshlab ikki bosqich – shariat va haqiqat bosqichlariga, tasavvuf ma’nosidagi haqiqat bosqichining o‘zi irodat → so‘fiylik darajalari → ma’rifat ketma-ketligidagi uch bosqichga, so‘fiylik darajalari bosqichining o‘zi esa qat’iy ketma-ketlikda keladigan to‘rt bosqich: ilm → vajd → hol → maqom bosqichlariga bo‘linishi asoslangan;
«Sharh at-Ta’arruf»da so‘fiylik maqomlari va hollarining boshqa so‘fiylik asarlarida bayon etilgan xususiyatlari, turlari, soni va ketma-ketligidan farqlanib turuvchi o‘ziga xos tizimini yaratganligi, jumladan, unda hol maqomga tobe hodisa sifatida baholaganligi, holga bandaning amallari natijasida qo‘lga kiritiladigan, maqomga esa xudo tomonidan ato qilinadigan hodisa sifatida qaralganligi hamda o‘n to‘rt maqom va o‘n etti hol tavsiflanganligi isbotlab berilgan;
«Sharh at-Ta’arruf»ning ungacha va undan keyin yaratilgan tasavvuf manbalari bilan taqqoslash orqali uning tasavvuf ta’limotini tizimlashtirishga bag‘ishlangan asarlar orasidagi alohida va muhim o‘rni, jumladan, unda so‘fiylik yo‘li va uning bosqichlari anchagina tizimlashtirilgan va markazlashtirilgan shaklda bayon etilganligi ko‘rsatib berilgan;
«Sharh at-Ta’arruf»ning ilk va muhim tasavvuf manbalaridan biri sifatida o‘zidan keyin yaratilgan tasavvuf manbalariga, jumladan, XI–XV asrlarda Movarounnahr va Xurosonda yaratilgan Qushayriyning «Risolayi Qushayriya», Hujviriyning «Kashf al-mahjub», Farididdin Attorning «Tazkirat ul-avliyo», Xoja Muhammad Porsoning «Fasl ul-xitob», Abdurahmon Jomiyning «Nafahot ul-uns» va Alisher Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat» asarlariga ta’sir ko‘rsatganligi, ushbu ta’sirning ikki jihatga – agiografik va doktrinal xarakterga ega bo‘lganligi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.«Mustamliy Buxoriyning «Sharh at-Ta’arruf» asari hamda uning XI–XV asrlar Movarounnahr va Xuroson tasavvuf manbalariga ta’siri» mavzuidagi tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun yozilgan doktorlik dissertatsiyasi natijalari bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va takliflar asosida:
tasavvuf shayxlari hayoti, faoliyati va qarashlariga oid ma’lumotlar va xulosalardan «O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar» turkumi ostidagi kitob-al`bomlar (14 jildlik, Toshkent: «O`zbekiston», «Uzbekistan Today», 2011–2016)da keltirilgan tasavvuf shayxlari maqbaralaridagi bitiklarni, shuningdek, boshqa obidalardagi so‘fiyona bitiklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 21 iyundagi 08/I–250 sonli va 2012 yil 3 fevraldagi 08/I–250 sonli majlisi bayonnomasi). Ilmiy ishdagi xulosalar va takliflar O‘zbekiston tarixiy obidalaridagi bitiklarning xalqimiz ma’naviy merosidagi o‘rnini aniqlashga, yosh avlodni vatanparvarlik, insonparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan tadbirlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi;
Markaziy Osiyo tasavvufi tarixi haqidagi ma’lumotlar va xulosalar, uni tadqiq etish borasidagi taklif va tavsiyalardan Misr Arab Respublikasi Qohira universiteti Islom me’morchiligi va osori atiqalari fakul`teti ilmiy guruhi tomonidan Markaziy Osiyo tarixi va tamadduni, O‘zbekistondagi me’moriy obidalardagi bitiklarni tadqiq etishda foydalanilgan (Misr Arab Respublikasi Qohira universitetining 2017 yil 21 fevralda berilgan ma’lumotnomasi). Natijalar Misr ilmiy jamoatchiligi va xalqini O‘zbekistonning buyuk tarixi, boy madaniy va ma’naviy merosi bilan keng va chuqur tanishtirishga xizmat qiladi;
tasavvuf tarixi, asoslari, tushunchalari va atamalari hamda so‘fiylar hayoti va faoliyatiga oid ma’lumotlar va xulosalar «Islom ensiklopediyasi» (Toshkent: O‘zME, 2017) uchun 76 ta maqola, jumladan, islom tarixi, aqida, fiqh, tafsir, hadis, ibodatlar, marosimlar va boshqa islomiy tushunchalarga oid 42 ta hamda bevosita tasavvufga oid 34 ta maqola tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2016 yil 28 oktyabrda berilgan 17-M-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu xulosalar, takliflar va tavsiyalar o‘quvchilar, jumladan, o‘sib kelayotgan yosh avlodda islom dini va tasavvuf to‘g‘risida, ayniqsa, islom dini niqobi ostida faoliyat ko‘rsatuvchi buzg‘unchi diniy-ekstremistik oqimlar hamda soxta tariqatchilarning sof islom va tasavvufdan yiroq ekanligi borasida to‘g‘ri tasavvur shakllanishiga xizmat qiladi;
yoshlar diniy va ma’naviy tarbiyasiga oid ilmiy takliflar va mulohazalardan «Buxoro merosi» ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan «Buxoro viloyatida yoshlarning madaniy meros sohasidagi bilimlarini oshirish» (2015–2016 yy.) nomli 35-06-15-sonli davlat granti loyihasini amalga oshirishda foydalanilgan («Buxoro merosi» ilmiy-tadqiqot markazining 2017 yil 3 yanvarda berilgan 32-son ma’lumotnomasi). Mazkur natijalar yoshlar o‘rtasida amalga oshirilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni ilmiy asosda yo‘lga qo‘yishga va sifatini oshirishga, o‘sib kelayotgan avlodni diniy bag‘rikenglik, ma’naviy poklik, jamiyatimizda hukm surayotgan tinch, osoyishta hayot uchun shukronalik va ogohlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi;
tasavvuf maktablari va tariqatlariga oid ma’lumotlar va xulosalar, ularni tadqiq etish borasidagi taklif va tavsiyalar Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazining rasmiy veb-sayti www.naqshband.uz ni yaratish va takomillashtirish, Zangi ota majmuasidagi bitiklarni aniqlash, qayd qilish, o‘qish, tarjima qilish, tasniflashtirish va tizimlashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 10 martda berilgan FTK-0313/271-son ma’lumotnomasi). Natijalar O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi turli millatlar vakillari ongiga diniy bag‘rikenglik, aqidaviy plyuralizm, baynalmilallik, mul`tikul`turalizm g‘oyalarini singdirish imkonini beradi.