Azimov Baxrom Batirovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda achchiq qalampir o‘simligi navlarini tanlash, optimal ekish muddatlari va sxemalarini aniqlash», 06.01.06–Sabzavotchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Qx98.
Ilmiy rahbar: Mavlyanova Ravza Fazletdinovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti va Andijon qishloq xo‘jalik instituti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Dusmurodova Saodat Ismailovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Akramov Umidilla Ikramjanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachlik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: achchiq qalampirning yuqori mahsuldor navlarini tanlash, maqbul ekish muddati va sxemasini ishlab chiqish hamda yuqori sifatli, unuvchanligi va unib chiqish quvvati yaxshi bo‘lgan urug‘lar etishtirish uchun ko‘chat qalinligini ta’minlaydigan tizimni aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor O‘zbekistonda mahalliy va introduksiya qilingan achchiq qalampirning turli ekologik–geografik guruhlari namunalarining qimmatli biologik, morfologik va xo‘jalik belgilari va fenologik fazalarning davomiyligi bo‘yicha navlar orasida farqlari aniqlangan;
achchiq qalampir namunalari orasidagi morfologik belgilari: tup shakli, balandligi, diametri, rangi, barg yuzasi o‘lchami, mevalari, meva uyasi, uyadagi urug‘lar soni va boshqa belgilarining o‘zaro farqi aniqlangan;
o‘simlikning turli belgilarining variatsiya koeffisienti (V,%), biometrik, xo‘jalik va boshqa qo‘rsatkichlar namunalari bo‘yicha o‘zaro korrelyasion bog‘liqligi hamda achchiq qalampirning «Uchqun», «Tillarang» va «Mumtoz» navlari ko‘rsatkichlarining korrelyasion koeffisienti (r) aniqlangan;
achchiq qalampirning «Uchqun», «Tillarang» va «Mumtoz» yangi navlaridan tovar mahsulot va urug‘ olishda o‘simlikning maqbul ekish sxemasi aniqlangan;
achchiq qalampirning ayrim namunalari va texnologik ishlanmalarni istiqbolligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda achchiq qalampir navlari seleksiyasi va etishtirish texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan ilmiy-tadqiqotlar natijalari asosida:
chet el namunalaridan tanlov usuli bilan achchiq qalampirning «Uchqun», «Tillarang» va «Mumtoz» navlari yaratilgan va Respublika hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat Reestriga kiritilgan (Qishloq xo‘jalik ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasining 2016 yil 11 oktyabrdagi 53/4-327-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu navlarni fermer, dehqon va shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarida ekilishi natijasida yuqori va sifatli achchiq qalampir hosili olinmoqda;
achchiq qalampirning yangi «Uchqun» va «Tillarang» navlarini ekish va etishtirish texnologiyasi Toshkent viloyati fermer xo‘jaliklarida 2011-2012 yillarda jami 5 ga maydonga joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2016 yil 5 dekabrdagi 02/22-1264-son ma’lumotnomasi). Natijada iqtisodiy samaradorlik «Uchqun» navida gektariga o‘rtacha 2187 ming so‘m va «Tillarang» navida o‘rtacha 918,7 ming so‘mni tashkil etgan;
achchiq qalampir navlarini ekish va etishtirish texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha yaratilgan ishlanmalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va ayrim viloyatlardagi sabzavotchilik fermer xo‘jaliklarida jami 1069,7 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2016 yil 5 dekabrdagi 02/22-1264-son ma’lumotnomasi). Natijada achchiq qalampirning yangi nav namunalari, ekish sxemalari asosida fermerlarida yuqori hosil olingan va achchiq qalampir navlaridan sara urug‘lari olingan.