Kurbanbaev Sagit Erejepovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Amudaryo del`tasida suv resurslarini samarali boshqarish usullarini takomillashtirish», 11.00.03–Quruqlik gidrologiyasi. Suv resurslari. Gidrokimyo (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/T139.
Ilmiy rahbar: Duxovniy Viktor Abramovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti qoshidagi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, DSc.27.06.2017.T.10.02 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Salohiddinov Abdulxakim Temirxo‘jaevich, texnika fanlari doktori, professor; Sokolov Vadim Ilich, geografiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Amudaryo del`tasidagi suv resurslaridan oqilona foydalanish va samarali boshqarish usullarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Taxiatosh gidrouzeli orqali Amudaryo del`tasiga suv chiqarish rejimini aniqlash usullari Amudaryoning suv bilan ta’minlanish darajasi asosida ishlab chiqilgan;
Amudaryo del`tasida suv resurslarini samarali boshqarish usullari va del`ta kompleksining gidravlik ko‘rsatkichlari asosida suv resurslarini boshqarish gidrologik modeli takomillashtirilgan;
Amudaryo del`tasidagi suv havzalarining aholi va xalq xo‘jaligi uchun muhimligi asosida ularga suv etkazib berish tartibi ishlab chiqilgan;
Amudaryo del`tasida suv havzalaridan foydalanish ustuvorligi mavjud suv resurslarning hajmi va sifati asosida ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Amudaryo del`tasida suv resurslarini boshqarish usullarini takomillashtirish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Amudaryo del`tasida suv resurslarini samarali boshqarish usullari va del`ta kompleksining gidravlik ko‘rsatkichlari asosida takomillashgan suv resurslarini boshqarish gidrologik modeli natijalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi Quyi Amudaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining Orolbuyi maydonlarida Amudaryo del`tasini suv bilan ta’minlashda joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 14 fevral 01/04-276-son ma’lumotnomasi). Natijada mintaqadagi suv havzalariga suv resurslaridan uzluksiz ravishda ta’minlash va havzalar yon bag‘rida yashovchi 25000,0 mingdan ortiq Porlitau, Shege, Kiziljar qishloqlari aholisiga o‘z vaqti va muddatida kerakli hajmda suv etkazib berish imkonini yaratgan;
Amudaryo del`tasida tahlil qilingan yillarning suv bilan ta’minlanganligi asosida ishlab chiqilgan suv chiqarish rejimi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish ko‘mitasi tasarrufidagi Muynoq va Qo‘ng‘irot tumanlari bo‘linmalaridagi atrof-muhitni muhofaza qilish dasturidagi tegishli er maydonlarida joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish ko‘mitasining 2017 yil 14 fevral` MA-01/13-283-son ma’lumotnomasi). Natijada Qoraqalpog‘iston Respublikasining Muynoq va Qo‘ng‘irot tumanlaridagi Orolbuyi aholisi, suv havzalari va er maydonlarini suv resurslari bilan uzluksiz ta’minlash imkoni yaratilgan;
suv xo‘jaligi holati o‘zgarishi sharoitida ishlab chiqilgan Amudaryo daryosi del`tasini suvlantirish rejimi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi Orolbuyi del`ta boshqarmasining mintaqaviy suv xo‘jaligi ishlarni bajarishda ishlab chiqarishga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 14 fevral` 01/04-276-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasida Amudaryo daryosi del`tasida joylashgan mavjud suv omborlari va havzalarini belgilangan tartib va ketma-ketlik bilan to‘ldirib borilishi suv resurslaridan tejamkor va oqilona foydalanishga imkon bergan.