Sharipov Shavkat Muxamajanovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Toshkent viloyatining landshaft xilma-xilligini saqlash va geoekologik vaziyatini yaxshilash masalalari», 11.00.05 – Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, 11.00.01 – Tabiiy geografiya (geografiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.DSs/Gr14.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSs.03/30.12.2019.Gr.01.06.
Rasmiy opponentlar: Egamberdiev Xamroqul Tursunqulovich, geografiya fanlari doktori, professor; Boymirzaev Karimjon Mirzaxmedovich, geografiya fanlari doktori, dotsent; Xojamuratova Roza Tajimuratovna, geografiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Seysmologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Toshkent viloyati landshaft xilma-xilligini saqlash va geoekologik vaziyatini yaxshilash tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Toshkent viloyati landshaftlarining xususiyatlari va chegaralari dala tadqiqotlari, fond materiallari hamda aerokosmik metodlar asosida aniqlangan va ilk bor yirik (1:100 000) masshtabli landshaft kartasi yaratilgan;
Toshkent viloyati landshaftlarining hududiy tabaqalanishidagi zonal - kenglik zonalligi, sektorlik va azonal - balandlik mintaqalanishi, insolyasiya va sirkulyasiya asimmetriyasi, landshaftlarning ekspozisiya asimmetriyasi qonuniyatlari aniqlangan;
sug‘orma dehqonchilikda foydalanilayotgan daryo terrasalarining o‘zidan yuqorida joylashgan terrasa bilan tutashgan joyidan kanal va ariqlar o‘tkazilishi, quyida joylashgan terrasalar bilan tutashgan joyida irrigatsiya eroziyasi va suffozion-karst jarayonlar tarqalishi qonuniyati aniqlangan;
Toshkent viloyatining landshaft xilma-xilligi landshaftlarning tur, toifa, xil tasnifiy birliklari uchun alohida aniqlangan hamda Shennon va Simpson indekslarini qo‘llash asosida landshaft xilma-xilligini aniqlash metodikasi takomillashtirilgan;
yuqori darajadagi geologik-geomorfologik tuzilmalar (morfostrukturalar) pastki darajadagilariga nisbatan landshaft xilma-xilligi (tog‘lar adirlarga nisbatan, adirlar tekisliklarga nisbatan va h.k.) yuqori bo‘lishi aniqlangan hamda buning omillari asoslangan;
Toshkent viloyatida aholi eng zich joylashgan landshaftlar mirzacho‘l kompleksiga tegishli qayir usti III terrasasidagi landshaftlar ekanligi va ulardan tog‘larning suvayirg‘ichiga (yuqoriga) va daryolarning o‘zaniga (quyiga) tomon aholi siyraklashib borishi qonuniyati aniqlangan;
landshaft xilma-xilligini saqlash va geoekologik vaziyatni yaxshilash tadbirlarini landshaftlarning individual xususiyatlariga mutanosib amalga oshirish zarurligi asoslangan va chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Toshkent viloyati landshaft xilma-xilligini saqlash va geoekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Toshkent viloyatining landshaft kartasi O‘zbekiston Milliy atlasining “Landshaft xaritasi”, “Landshaftlarni shaharsozlik maqsadlarida rayonlashtirish” kartalarini tayyorlashda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi amaliyotida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining 2022 yil 8 avgustdagi № 03-03-726 son ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekiston Milliy atlasining “Landshaftlar va tabiiy geografik rayonlashtirish” bo‘limi mazmunini boyitish, ilmiy va amaliy ahamiyatini oshirish imkoniyatini bergan;
Toshkent viloyati landshaftlari va er resurslarining balandlik mintaqalari, yonbag‘irlar ekspozisiyasi bo‘yicha hududiy tarqalishining aniqlangan natijalari er resurslaridan foydalanishni rejalashtirishda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining 2022 yil 7 yanvardagi № 03-03-10 son ma’lumotnomasi). Natijada, er resurslaridan foydalanishni tartibga solish, buzilgan erlarni tiklash va xo‘jalik oborotiga qayta kiritish ishlarini takomillashtirish imkoniyatini bergan;
Toshkent viloyatining sug‘orma dehqonchilikda foydalanilayotgan daryo terrasalaridagi kanal va ariqlar terrasaning yuqori qismidan o‘tkazilishi, quyida joylashgan terrasalar bilan tutashgan joyida irrigatsiya eroziyasi va suffozion-karst jarayonlari tarqalishini aniqlangan natijalari er resurslaridan qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda foydalanishni taqsimlashda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining 2022 yil 8 avgustdagi № 03-03-726 son ma’lumotnomasi). Natijada, erlarni muhofaza qilish, bino va inshootlarni joylashtirishni joyning rel`ef xususiyatlaridan kelib chiqib takomillashtirish imkoniyatini bergan;
Toshkent viloyatining landshaft xilma-xilligini landshaftlarning tur, toifa, xil tasnifiy birliklari uchun alohida aniqlash usullari hamda Shennon va Simpson indekslarini qo‘llash asosida landshaft xilma-xilligini aniqlashning takomillashtirilgan metodikasi “Geoekologiya va landshaft ekologiyasi” nomli darslikga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 28 dekabr` 676-043 raqamli guvohnoma). Natijada, talabalarning landshaft xilma-xilligini saqlash va ekologik muammolarni oldini olish xaqidagi kompetensiyasini takomillashtirish imkoniyatini bergan;
rel`efning yuqori darajadagi geologik-geomorfologik tuzilmalari (rel`ef shakllari) pastki darajadagilariga nisbatan xilma-xilligi yuqori bo‘lishi aniqlangan va buning asoslangan omillari O‘zbekiston Milliy atlasining “Rel`efni qishloq xo‘jaligida foydalanish maqsadida tiplashtirish” va “Geomorfologik” kartalarini tayyorlashda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi amaliyotida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining 2022 yil 8 avgustdagi № 03-03-726 son ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekiston Milliy atlasining “Rel`ef” bo‘limi mazmunini boyitish, ilmiy va amaliy ahamiyatini oshirish imkoniyatini bergan;
Toshkent viloyatida aholi joylashuvidagi, ya’ni aholi eng zich joylashgan landshaftlar mirzacho‘l kompleksiga tegishli qayir usti III terrasasidagi landshaftlar ekanligi va ulardan tog‘larning suvayirg‘ichiga (yuqoriga) va daryolarning o‘zaniga (quyiga) tomon aholi siyraklashib borishidagi aniqlangan qonuniyati“Geoekologiya va landshaft ekologiyasi” nomli darslikga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 28 dekabr` 676-043 raqamli guvohnoma). Natijada, talabalarning geoekologik vaziyat aholi joylashuvi va zichligiga hamda xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq ekanligi, geoekologik vaziyatlarni yaxshilashda antropogen omilarni baholash kompetensiyasini takomillashtirish imkoniyatini bergan;
Toshkent viloyati landshaft xilma-xilligini saqlash va geoekologik vaziyatini yaxshilash chora-tadbirlari kartasi O‘zbekiston Milliy atlasining “Tabiatni muhofaza qilish” kartasini tayyorlashda foydalanilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi amaliyotida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining 2022 yil 8 avgustdagi № 03-03-726 son ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekiston Milliy atlasining “O‘zbekiston Respublikasining ekologiyasi va atrof muhitini muhofaza qilish” bo‘limi mazmunini boyitish, ilmiy va amaliy ahamiyatini oshirish imkoniyatini bergan.