Begjanov Amirbek Shixnazarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon


I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Non`yuton suyuqliklarning quvurlardagi pul`satsion oqimini tadqiq qilish usullarini takomillashtirish», 01.02.05 – Suyuqlik va gaz mexanikasi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/FM352.
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Navruzov Kuralbay, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti, DSc.02/30.12.2019.T/FM.61.01. 
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni:
Xudaykulov Savet Ishankulovich, texnika fanlari doktori, professor;
Jumaev Jo‘rabek, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent. 
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi bir jinsli bo‘lmagan elastik qovushoq suyuqliklarning murakkab reologik modeli tenglamalarini ortogonal koordinatalar sistemasiga o‘tish orqali takomillashtirish va uning asosida devori o‘tkazuvchi yassi kanal va silindrik quvurlarda elastik qovushoq suyuqliklarning statsionar va pul`slanuvchi oqimi masalalarini analitik shaklda echishdan iborat.
III. Dissertatsiya tadqiqotining ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
bir jinsli bo‘lmagan elastik qovushoq suyuqliklarning reologik model` tenglamalari ortogonal koordinatalar sistemasiga o‘tish orqali takomillashtirilgan; 
devori o‘tkazuvchi yassi kanal va silindrik quvurlarda elastik qovushoq suyuqliklarning statsionar va pul`slanuvchi oqimlar masalalari takomillashtirilgan model` asosida analitik usulda echilgan;
qo‘yilgan masalalarning yangi echimlari tahlili natijasida yassi kanal va quvur uzunligi bo‘yicha suyuqlik sarfini uzluksiz ravishda  ta’minlash hamda bosim gradientining qiymatini hisoblash formulasi ishlab chiqilgan; 
devori o‘tkazuvchi yassi kanal va silindrik quvurlarda non`yuton suyuqlik oqimlarining yangi gidrodinamik qonuniyatlari aniqlangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Elastik qovushoq suyuqliklarning quvurlardagi statsionar va pul`slanuvchi harakatlarini tadqiq etish asosida:
qon xususiyatlarining elastik qovushoq suyuqliklarga yaqinligi e’tiborga olinib, bu turdagi suyuqliklarning quvurdagi pul`slanuvchi harakati, arterial tomirlarda qonning pul`slanuvchi harakatini modellashtirishda va unga mos masalalarni echishda F-4-42 raqamli “Yurak biomexanikasi va uning tadbiqlari” mavzusidagi fundamental loyihasida foydalanilgan (Urganch davlat universitetining 29 yanvar` 2021 yildagi dalolatnomasi). Natijada arterial tizimini matematik modellashtirishga doir dasturiy vosita yordamida olingan pul`s to‘lqinlarining tarqalish va so‘nishi qonuniyatlari asosida arterial tomirlardagi gidravlik qarshiliklarni aniqlash imkonini bergan;
natijalar O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga qarashli Chapqirg‘oq Amudaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tomonidan suvni hududlarga etkazib berish, sug‘oriladigan erlarda suvlarni quvurlar bo‘yicha taqsimlash maqsadida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 10 fevral`dagi №04/20-478 ma’lumotnomasi). Oqova suvlarni non`yuton va n`yuton suyuqliklar deb qarab, quvurlardagi oqimning harakatida ko‘ndalang va uzunlik bo‘yicha tezlik o‘zgarishi, bosimi va gidrodinamik kattaliklarning sonli o‘zgarishi natijalari matematik usullarda aniqlangan. Kanallar va quvurlardagi statsionar va pul`satsiyali oqim harakati masalalarini echish uchun taklif qilingan usullari ob’ektdagi kuzatilishi mumkin bo‘lgan rezonans hodisasi, bosimning ortishi, buzilishlarni oldindan aniqlash va bartaraf qilishning nazariy asoslarini ifodalagan. Natijada berilgan tavsiyalarga  muvofiq  ekinlarni  an’anaviy  usuldagi sug‘orishga nisbatan 5-10 foizgacha suv resurslarini tejash imkoniyatiga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish