Sabirov Ilxom Kaxramonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Nam paxtani qayta ishlashda tola chiqishini oshirish», 05.06.02–To‘qimachilik materiallari texnologiyasi va xomashyoga dastlabki ishlov berish (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/T55.
Ilmiy maslahatchi: Xojiev Muxsin Tojievich, texnika fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti, DSc.27.06.2017.T.08.01.
Rasmiy opponentlar: Axmadxo‘jaev Xamid Tursunovich, texnika fanlari doktori, professor; Maqsudov Ravshan Xasanovich, texnika fanlari doktori; Rizaev Anvar Abdullaevich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Jizzax politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: yuqori namlikdagi paxtani saqlash va qayta ishlashda tola miqdorini to‘liq saqlab qolish imkonini beruvchi yangi texnologiyalar yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qizdirilgan paxtani quritishda namlik olinishi va paxtani boshlang‘ich namligi, atmosfera havosi temperaturasi, quritkichning ish unumdorligi o‘rtasidagi bog‘lanishlar olingan va jarayonning ratsional parametrlari ishlab chiqilgan;
tolali chiqindilardan “A” tip lint o‘rniga qo‘shimcha ip-yigiruv xususiyatiga ega bo‘lgan tola olish imkonini beruvchi jinlangan chigitga tolali chiqindilarni aralashtirib, qayta ishlash texnologiyasi ishlab chiqilgan;
chigit va ulyukdan tolani maksimal ajralish imkoniyatini beruvchi, tolani iflosliklardan ajralish shartini tavsiflovchi va jin-regeneratorning asosiy ko‘rsatkichlarini ratsional qiymatlarini aniqlab beruvchi analitik bog‘lanishlar olingan;
jin va jin-regeneratordan chiqqan chigitlarni tukdorligi va tolali chiqindilar miqdoriga qarab ishlab chiqarilayotgan tolani shtapel massa uzunligini oldindan bashoratlash imkonini beruvchi empirik bog‘lanish ishlab chiqilgan;
qo‘shimcha tola olish imkonini beruvchi jin-regeneratorni asosiy ko‘rsatkichlari: arra silindrining kolosnikdan chiqib turish, chigit tarog‘i qoziqchasining uzunligi, tezlatgich-to‘zg‘itgich bilan arrali silindr o‘rtasidagi oraliq qiymati asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Nam paxtani saqlash va tolali chiqindilarni qayta ishlashjarayonlari tadqiqoti bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
yuqori namlikdagi paxtalarni vaqtincha kichik g‘aramlarga joylab quritish, so‘ngra 25x14 m o‘lchamdagi g‘aram maydonlariga joylashtirish usuli «O‘zpaxtasanoat» uyushmasi va «Paxtasanoat ilmiy markazi» AJ tomonidan 2017 yilda ishlab chiqilgan va «Paxtani dastlabki ishlashning muvofiqlashtirilgan texnologiyasi» (reglament)ga kiritilgan (1.42-band) bo‘lib, u barcha paxta tozalash korxonalarida joriy etilgan. Natijada yuqori namlikdagi paxtalar sifatini buzmay saqlash ta’minlangan;
yuqori namlikdagi paxtani saqlash va tolali chiqindilarni qayta ishlash texnologiyasi «Toshkent Paxtasanoat» hududiy filialiga qarashli Dalvarzin paxta tozalash korxonasida ishlab chiqarishga joriy qilingan («O‘zpaxtasanoat» AJning 2017 yil 20 oktyabrdagi MA-62/1857-son ma’lumotnomasi). Natijada qo‘shimcha 1,3 % paxta tolasini olish imkonini bergan;
kichik g‘aramlarga vaqtinchalik g‘aramlangan nam paxtani qizdirib, so‘ngra 2SB-10 quritish barabanida quritib, asosiy (o‘lchami 25x14 m bo‘lgan) g‘aram maydoniga g‘aramlab saqlash usuli va quritish rejimlari «Andijon Paxtasanoat» hududiy filialiga qarashli Chinobod paxta tozalash korxonasida ishlab chiqarishga joriy qilingan («O‘zpaxtasanoat» AJning 2017 yil 20 oktyabrdagi MA-62/1857-son ma’lumotnomasi). Natijada toladagi nuqsonlarni 1,1% ga, chigit shikastlanishini 1,4% ga kamaytirish, tozalash samaradorligini esa 12,2 % ga oshirish imkonini bergan;
dissertatsiyada ishlab chiqilgan yuqori namlikdagi paxtani dastlabki ishlash texnologiyasi «Xorazm Paxtasanoat» hududiy filialiga qarashli Xonqa paxta tozalash korxonasi hududida quriladigan tajriba-eksperimental paxta tozalash korxonasining loyiha-smeta hujjatlariga GPI-4 loyihalash instituti tomonidan kiritilgan («O‘zpaxtasanoat» AJning 2017 yil 20 oktyabrdagi MA-62/1857-son ma’lumotnomasi). Natijada yuqori samaradorlikka ega bo‘lgan resurs va energiya tejamkor zamonaviy paxta tozalash korxonasi loyihasini yaratish imkonini bergan.