Otaboeva Mazmuna Rahimovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek va ingliz tillarida fe’llar graduonimiyasi”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Fil1601.
Ilmiy rahbar: Djumabaeva Jamila Sharipovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.60.02.
Rasmiy opponentlar: Hoshimov G‘anijon Mirzaahmedovich, filologiya fanlari doktori, professor; Mengliev Baxtiyor Radjabovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi o‘zbek va ingliz tillarida fe’llar ma’noviy guruhlarida darajalanish qatorlarini chog‘ishtirma aspektda ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
fe’llar graduonimik qatorlarini tuzishda qator a’zolarining tuzilishi (sodda, qo‘shma), predmet yoki shaxsga yo‘nalganligi, bir xil ma’noli fe’llarni nisbatga ko‘ra turli darajalanish qatorlarini hosil qilish imkoniyati mavjudligi hamda ayrim jinslarga xos bo‘lgan leksemalardan graduonimik qatorlar tuzish mumkinligi dalillangan;
o‘zbek tilidagi barcha ma’noviy guruhlarda darajalanish qatorlarini tuzish mumkinligi, ingliz tilida esa fe’lning barcha semantik guruhlarida graduonimiya kuzatilmasligi dalillangan;
o‘zbek tilida eng ko‘p graduonimik qatoriga ega bo‘lgan ma’noviy guruh holat fe’llari, ingliz tilida esa “mental vebs”, ya’ni tafakkur fe’llarida kuzatilishi aniqlangan;
o‘zbek va ingliz tillarida turli semantik guruhlarga kiruvchi fe’l leksemalari ishtirokida darajalanish qatorlari hosil qilinib, ularning graduonimiyasini hosil qilishda qator a’zolari soni, teng ma’nodoshlari mavjudligi, har ikki tilda ekvivalentlari borligi hamda darajalanish qatorlari tarkibida sof, yasama va qo‘shma fe’llar, iboralar ishtirok etishi kabi izomorf va ingliz tilidagi fe’l semantik kategoriyalarining barchasida ham darajalanish mavjud emasligi, o‘zbek tilida fe’lning nisbat qo‘shimchalari qo‘shilishi bilan egaga bo‘lgan munosabat o‘zgarib, bu so‘zlar turli darajalanish qatorlaridan joy olishi mumkinligi ammo ingliz tilida esa bunday holat kuzatilmasligi singari allamorf xususiyatlari ko‘rsatilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek va ingliz tillarida fe’llar graduonimiyasiga doir ishlab chiqilgan nazariy xulosa, amaliy tavsiya va ishlanmalar asosida:
fe’llar graduonimik qatorlarini tuzishda qator a’zolarining tuzilishi (sodda, qo‘shma), predmet yoki shaxsga yo‘nalganligi, bir xil ma’noli fe’llarni nisbatga ko‘ra turli darajalanish qatorlarini hosil qilish imkoniyati mavjudligi, fe’llarning nisbat, zamon, mayl kabi grammatik kategoriyalarida graduonimiya hodisasining qiyosiy tahlili, ularning tarjima muammolari va ularning echimi yuzasidan amalga oshirilgan tahlil natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan olib borilgan FA-FI-G003 “Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi” va FA-FI-G007 “Qoraqalpoq naql-maqollari lingvistik tadqiqot ob’ekti sifatida” mavzularidagi fundamental va ilmiy-amaliy loyihalarida belgilangan vazifalarni bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2022 yil 2 apreldagi 7.01/71-son ma’lumotnomasi). Natijada turli semantik kategoriyalarga mansub leksemalarning yasalishida o‘ziga xos jihatlari mavjudligi aniqlangan;
o‘zbek tilidagi barcha ma’noviy guruhlarda darajalanish qatorlarini tuzish mumkinligi, ingliz tilida esa fe’lning barcha semantik guruhlarida graduonimiya kuzatilmasligi yuzasidan chiqarilgan xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan “O‘zbekiston-Fransiya” do‘stlik jamiyatiga berilgan Davlat granti 56-01/10 “Tarixiy yodgorliklar targ‘ibotida O‘zbekiston ziyoratgohlari katalogining (besh tillik) innovatsion imkoniyatlari” doirasida bajarilgan “O‘zbekiston ziyoratgohlari va muqaddas qadamjolari” katalogini tarjima qilishda foydalanilgan (“O‘zbekiston–Fransiya” do‘stlik jamiyatining 2022 yil 21 fevraldagi 065-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek madaniyati bilan bog‘liq bo‘lgan iboralar hamda qo‘shma fe’llarning ingliz tiliga tarjima qilish jarayonida duch kelinadigan muammolarni hal qilishga xizmat qilgan;
o‘zbek tilida eng ko‘p graduonimik qatoriga ega bo‘lgan ma’noviy guruh holat fe’llari, ingliz tilida esa “mental vebs”, ya’ni tafakkur fe’llarida kuzatilishi kabi ilmiy yangiliklardan Qo‘qon davlat pedagogika institutida S-ECAGD-18-CA-0067 (PO20002335) raqamli “FY 2018 English Access Microscholarship Program” nomli Amerika Qo‘shma Shtatlari ta’lim va madaniy ishlar byurosi bilan hamkorlikdagi ilmiy loyihasida ta’limiy, madaniy sohadagi tadbirlarda, dars jarayonlarida, loyiha hujjatlarini tarjima qilishda, amaliy ishlarda foydalanilgan (Qo‘qon davlat pedagogika institutining 2022 yil 12 yanvardagi 2-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek va ingliz tillaridagi fe’llar tarjimasidagi asl va ko‘chma ma’nolarning ilmiy-amaliy jihatdan farqlari aniqlanib ko‘rsatilgan;
o‘zbek va ingliz tillarida turli semantik guruhlarga kiruvchi fe’l leksemalari ishtirokida darajalanish qatorlari hosil qilinib, ularning graduonimiyasini hosil qilishda qator a’zolari soni, teng ma’nodoshlari mavjudligi, har ikki tilda ekvivalentlari borligi hamda darajalanish qatorlari tarkibida sof, yasama va qo‘shma fe’llar, iboralar ishtirok etishi kabi izomorf va ingliz tilidagi fe’l semantik kategoriyalarining barchasida ham darajalanish mavjud emasligi, o‘zbek tilida fe’lning nisbat qo‘shimchalari qo‘shilishi bilan egaga bo‘lgan munosabat o‘zgarib, bu so‘zlar turli darajalanish qatorlaridan joy olishi mumkinligi ammo ingliz tilida esa bunday holat kuzatilmasligi singari allamorf xususiyatlari kabi o‘ziga xos jihatlarga doir ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O’zbekiston” teleradiokanali DM “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharririyati tomonidan tayyorlangan “Ta’lim va taraqqiyot“, “Bolalar va biz” radioeshittirishlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O’zbekiston” teleradiokanali DMning 2021 yil 13 sentyabrdagi O’z/R-04-25-1483-son ma’lumotnomasi). Natijada fe’llardagi darajalanish nutq jarayonida so‘zlarning ma’noviy rang-barangligini oshirishi, nutq madaniyatidagi o‘rni, ilmiy-amaliy asoslab berilgan.