Salixova Gulnoza Maxmudovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri(ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Oilada nogironligi bo‘lgan o‘smir bolalarni ijtimoiy hayotga moslashtirish mexanizmlarini takomillashtirish”, 13.00.09 – Ijtimoiy pedagogika (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Ped3299.
Ilmiy rahbar F.I.Sh., ilmiy daraja va unvoni: Musurmanova Aynisa Musurmanovna, pedagogika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.21/30.10.2020.Ped/S.127.01.
Rasmiy opponentlar: Ismailova Zuhra Karabaevna, pedagogika fanlari doktori, professor; Qodirova Feruza Usmonovna, pedagogika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi oilada nogironligi bo‘lgan o‘smir bolalarni ijtimoiy hayotga moslashtirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning yangiligi:
oilada kar va zaif eshituvchi o‘smir bolalarni ijtimoiy hayotga moslashtirishning ijtimoiy-pedagogik shart-sharoitlari oilalarning tavsiflariga asoslangan prognostik-diagnostik va maqsadga yo‘nalganlik tamoyillari hamda “oila-mahalla-ta’lim” vertikal tizimi manfaatli hamkorlik strategiyasining (fuqarolar farovonligiga erishishning tashabbusli, ijroiy o‘zaro ta’sir choralari) talablariga ustuvorlik berish asosida aniqlangan;
kar va zaif eshituvchi o‘smir bolalarni ijtimoiy hayotga moslashganlik darajalarini baholash mezonlarini (o‘ziga va kelajagiga ishonish, qat’iyatlilik, nogironlik darajasiga mos intiluvchanlik, motivatsion, optimistik hissiyot, mas’uliyatli hamkorlik kabi) oilalardagi pedagogik, psixologik, tibbiy-gigienik, kasbiy ta’sir mazmuniga moslashtirilgan tarzda optimallashtirish asosida takomillashtirilgan;
oilada kar va zaif eshituvchi o‘smir bolalarni to‘laqonli hayot kechirishi uchun tayyorlashga yo‘naltirilgan kasbga, shaxslararo munosabatlarga o‘rgatuvchi maqsadli reabelitatsion ishlar orqali kompleks ta’sir etuvchi (hayotiy ko‘nikmalar, kelajakka ishonch, akademik tayanch kompetensiyalar, korreksion, tuzatuvchi, yumshatuvchi) blok-tuzilmalar takomillashtirilgan;
kar va zaif eshituvchi o‘smir bolalarni oilaviy munosabatlar (ishonch, ma’naviy ko‘mak, milliy qadriyatlarga asoslanish, motivatsion) asosida ijtimoiy hayotga moslashtirishda mahalla mutasaddilari va ota-onalarda pedagogik uquv hamda psixologik kompetensiyalarni rivojlantiruvchi integrativ-klasterli dars metodikalardan foydalanishning afzalligi asoslantirilgan.
IV.Tadqiqot natijalarini joriy qilinishi. Oilada nogironligi bo‘lgan o‘smir bolalarni (kar va zaif eshituvchi) ijtimoiy hayotga moslashtirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
oilada kar va zaif eshituvchi o‘smir bolalarni ijtimoiy hayotga moslashtirishning prognostik-diagnostik va maqsadga yo‘nalganlik tamoyillari asosida «oila-mahalla-ta’lim» manfaatli hamkorlik strategiyasining vertikal tizimini takomillashtirishda tadqiqotda asoslangan ijtimoiy kompetensiyalar (o‘ziga, kelajagiga ishonch, qat’iyatlilik, nogironlik darajasiga mos intiluvchilik, motivatsion, optimistik hissiyot, mas’uliyatli hamkorlik)ni nazarda tutuvchi tarbiyaviy mashg‘ulotlar mazmuniga singdirilgan hamda «Ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalarida tarbiyaviy mashg‘ulotlarni tashkil etish va rejalashtirish dasturi» takomillashtirilgan (Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining 2022 yil 2 martdagi 01/43-son ma’lumotnomasi). Natijada ishlab chiqilgan integrativ model`, hayotga moslashtirishning samarali mexanizmlari oilada kar va zaif eshituvchi o‘smir bolalarni ijtimoiy hayotga moslashtirish bo‘yicha ta’lim-tarbiya mazmuni takomillashtirishga, ushbu toifa o‘smir bolalarni ijtimoiy hayotga moslashtirishga xizmat qilgan;
imkoniyati cheklangan bolalarni to‘laqonli hayot kechirishga tayyorlash algoritmiga yo‘naltirilgan «Ijtimoiy hayotga tayyorlash soati», «Kutubxona soati», «Amaliy mashg‘ulot», «Nutqiy muloqot» mashg‘ulotlarida bolalarni kasbga, shaxslararo munosabatlarga o‘rgatuvchi (takomillashtiruvchi; hayotiy ko‘nikmalar, akademik tayanch kompetensiyalar; korreksion; tuzatuvchi, yumshatuvchi) kompleks usullari joriy etilib, oilaviy munosabatlar (ishonch, ma’naviy ko‘mak, motivatsion) asosida bolalar uchun qulay va erkin muloqotga asoslangan ijtimoiylashuv muhitini yaratishning zamonaviy integrativ-klasterli modeli, ko‘rgazmali kasbiy ta’lim, amaliy trening, erkin tanlovli texnologiyalarining transformatsiyalari maxsus maktab pedagoglari tomonidan samarali qo‘llanilgan (Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining 2022 yil 2 martdagi 01/43-son ma’lumotnomasi). Natijada kar va zaif eshituvchi bolalarni ijtimoiy hayotga moslashtirish mazmuni takomillashgan, ijtimoiylashuv darajalari oshgan, fuqarolar farovonligiga erishishning tashabbusli, ijroiy o‘zaro ta’sir choralarini mahallalar, oilalar miqyosida intensiv targ‘ib etishning didaktik samaradorligiga erishilgan;
Milliy gvardiya qaramog‘idagi mehribonlik uylari, oilaviy mehribonlik uylari hamda maxsus maktab internatlarda bolalarni ijtimoiy hayotga moslashtirishga integrativ yondashishning zamonaviy modeli-integrativ, klasterli, ko‘rgazmali kasbiy ta’lim, amaliy trening, tanlov texnologiyalari “Oilada nogironligi bo‘lgan bolalarni ijtimoiy hayotga moslashtirish” dasturida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining 2022 yil 29 apreldagi 1/1-2807-son ma’lumotnomasi). Natijada foydalanilgan innovatsion ta’lim texnologiyalari nogironligi bor o‘smir yoshdagi bolalarni ijtimoiy hayotga moslashish borasidagi qiziqish va intilishlarini oshirgan;
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan etim, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan hamda oilada nogironligi bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlardan, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 17 yanvardagi 26-son qarori bilan tasdiqlangan «Etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ham tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «Mehr daftari» tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom, «So‘rovnomalar» (10-13 bandlari)» «Yo‘l xaritasi» (2-bo‘limi 1-11-bandlari), “Mehr daftari”, «Mehr daftarini yuritish bo‘yicha vaqtinchalik tartib» (2 va 13-bandlari)ni shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining 2022 yil 29 apreldagi 1/1-2807-son ma’lumotnomasi). Natijada ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi oldida turgan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida ota-onalar, o‘qituvchi-tarbiyachilar, Milliy gvardiya mutaxassis-xodimlari hamda ushbu toifa bolalarning yangi tizim talablari asosidagi huquqiy, ilmiy-metodik bilim, malaka va ko‘nikmalari takomillashtirilgan. Shuningdek, ijtimoiy institutlarning nogiron bolalarni ijtimoiylashtirishdagi aniq va manzilli vazifalarini belgilashning istiqbolli orientirlari oydinlashtirilishiga erishilgan;
«oila-mahalla-maktab» hamkorligi tamoyili asosida oilada kar va zaif eshituvchi o‘smir bolalarni ijtimoiy hayotga moslashtirishda ijtimoiy, mobil-metodik tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalari asosida «Ochiq osmon ostidagi maktab» ijtimoiy loyihasi yaratilib, u Toshkent, Andijon va Jizzax viloyatlarida nogiron bolalar va ularning ota-onalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari xotin-qizlar faollari bilan tashkil etilgan tadbirda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot institutining 2022 yil 5 maydagi 01-09/989-son ma’lumotnomasi). Natijada ishlab chiqilgan mobil-metodik tadbir asosida nogiron bolalar va ularning ota-onalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari xotin-qizlar faollarining nogiron o‘smir yoshdagi bolalarni ijtimoiy hayotga moslashtirish bo‘yicha bilim, malaka va ko‘nikmalari takomillashtirilgan.