Eshmuhamatov Axror Sharipovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Jizzax vohasi aholisining chorvachilik bilan bog‘liq urf-odat va marosimlari”, 07.00.07 - Etnografiya, etnologiya va antropologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD/Tar.662.
Ilmiy rahbar: Doniyorov Alisher Xudayberdievich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Tar.78.02.
Rasmiy opponentlar: Tursunov Nurullo Narzullaevich, tarix fanlari doktori, dotsent; Bababekov Akbar Dovurboevich, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Jizzax vohasi aholisi chorvachilik xo‘jaligining mintaqaga xos xususiyatlari, ular bilan bog‘liq urf-odat va marosimlarini tarixiy-etnografik materiallar asosida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Jizzax vohasida an’anaviy chorvachilik xo‘jaligining qadimdan shakllangan meridional, vertikal va statsionar tarzda ko‘chish turlari shakllanganligi natijasida yaylov chorvachiligi, haydov va qo‘ra (og‘il) yaylov usullari rivojlanib, yillar davomida o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganligi dalillangan;
chorvachilik bilan bog‘liq bo‘lgan cho‘pon solish, osholon, qo‘y chiqarish kabi urf-odat va an’analar, chorva yoshi, chorva yil hisobi kabi xalq bilimi namunalari tobora yo‘q bo‘lib ketish arafasida ekanligi, uni saqlab qolishning yagona yo‘li mintaqada ekoturizm sohasini rivojlantirish zarurligi aniqlangan;
aholining chorva mollarini (tuynak, ovsil, qo‘tir, damlash kasalliklari va tabiiy dezinfeksiya va qatoloq) davolashda qo‘llaniladigan usullari (giyohlar bilan davolash, dam chiqarish, kuydirish, qon olish) bilan bog‘liq ko‘p asrlik hayotiy tajribalari va an’anaviy usullariga asoslangan xalq tababati na’munalari aholi orasida bugungi kungacha saqlanib qolinganligi dalillangan;
Jizzax vohasi chorvadorlarining turli taomlarni tayyorlash, saqlash va dasturxonga tortishda foydalaniladigan mandir, qirmich (qirmoch), chuchchi qatiq (chuchuk), zardob, ayron (chakki), qurut, alamli qorinmoy, qurtova, kat dumba, qozon patir, yanchmich (janchmich, jajmish), sutli o‘pka, sutli chovoti, gilagay, qatron, qag‘anoq, qurtoba, shirkadi, shuningdek “tol” tovoq, irkit, chanoch (sanoch), go‘sht xalta va boshqa o‘ziga xos etnolokal taomnomasi va idishlari yillar davomida diniy, hududiy va kasbiy jihatlar ta’sirida shakllanganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Jizzax vohasi aholisining chorvachilik bilan bog‘liq urf-odat va marosimlari bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Jizzax vohasida an’anaviy chorvachilik xo‘jaligining qadimdan shakllanganligini, haydov va qo‘ra (og‘il) yaylov usullari rivojlanib, yillar davomida o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganligi bilan bog‘liq chorvachilikga oid urf-odat va marosimlari haqidagi xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining bir kator ko‘rsatuvlari, xususan, “Taqdimot” va “Etno” ko‘rsatuvlarining bir necha sonlari ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 01-10-1807 va 02-30-64-son xati). Bu esa chorvachilik an’analari, urf-odat va marosimlari aholining o‘ziga xos etnomadaniyatining bir bo‘lagi ekanligi xususidagi g‘oyalar, respublikada chorvachilik sohasini mustahkamlash orqali sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan aholini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishga xizmat qilgan;
Jizzax vohasi chorvachiligi, chorvachilik bilan bog‘liq tarixiy joy nomlari, chorva orasida yuqumli kasalliklar tarqaganda ko‘riladigan chora-tadbirlar, chorvadorlar foydalangan taqvimlar, zaharli hasharotlarga qarshi qo‘llanilgan davo usullari, chorvadorlarning madaniyatini o‘zbek xalqi qadriyatlari to‘plamida tutgan o‘rni haqidagi xulosalardan, shuningdek asrlar davomida mahalliy aholi qo‘llab kelgan iboralar, maqollar, dostonlar, sherlar va xalq aytushuvlari namunalaridan Xalqaro “Oltin meros” jamg‘armasini tashkiliy faoliyatida foydalanilgan (Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondining 01-12-05/04-22-son ma’lumotnomasi). Natijalar Jizzax vohasi chorvachiligiga oid tarixiy-etnografik ma’lumotlar, keltirilgan xulosa va takliflardan turli festivallar, xalq ijodiyotiga oid tanlovlar, nomoddiy meros namunalarini YuNESKO reprezentativ ro‘yxatiga kiritish vaqtida xizmat qilgan;
aholining chorva mollarini (tuynak, ovsil, qo‘tir, damlash kasalliklari va tabiiy dezinfeksiya va qatoloq) davolashda qo‘llaniladigan usullari (giyohlar bilan davolash, dam chiqarish, kuydirish, qon olish) bilan bog‘liq ko‘p asrlik hayotiy tajribalari va an’anaviy usullariga asoslangan xalq tababati na’munalari aholi orasida bugungi kungacha saqlanib qolinganligi dalillangan, yilqichilikni rivojlantirish, ularni mahalliy sharoitlardan kelib chiqib tabiiy yo‘llar bilan ko‘paytirish, otlarda uchraydigan ba’zi (tuynak, oyog‘iga suv tushishi va em tushishi, naxuna, zararli hashoratlardan tozalash, tabiiy dezinfeksiya hk.lar) kasalliklarni xalq tabobatiga tayanib, davolash usullari tahlil qilingan ma’lumotlardan O‘zbekiston Uloq-ko‘pkari Federatsiyasining hududlarga xos bo‘lgan chorvachilikka oid nazariy bilimlarni boyitish va ommalashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Uloq-ko‘pkari Federatsiyasining 12 may 2022 yildagi 345-son ma’lumotnomasi). Bu esa keng xalq ommasining “Uloq-ko‘pkari” o‘yinlariga bo‘lgan qiziqishining yanada oshishiga, milliy xalq o‘yinlarimizning jadal rivojlantirilishiga, shuningdek, egallanayotgan zaruriy bilimlarni yosh avlodga vorisiylik asosida etkazilishiga xizmat qilgan.