Komilov Doniyor Jo‘raevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G.hirsutum L. bioxilma-xilliklari turichi duragaylarida morfobiologik belgilar irsiylanishining molekulyar-genetik tahlili», 03.00.14 - Genomika, proteomika va bioinformatika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/V380.
Ilmiy rahbar: Kushanov Faxriddin Ne’matullaevich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genomika va bioinformatika markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc.02/30.12.2019.B.53.01.
Rasmiy opponentlar: Bozorov Toxir Axmadovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Makamov Abdusalom Xasanboevich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: G.hirsutum turiga mansub purpurascens kenja turi El-salvador yovvoyi shakli hamda ushbu shakldan indusirlangan mutagenez ta’sirida olingan «Ko‘paysin» navining morfoxo‘jalik belgilari irsiylanishini, ularni o‘zaro chatishtirib olingan birinchi (F1) va ikkinchi (F2) avlod duragaylarida aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor ma’lum miqdordagi molekulyar markerlar yordamida G.hirsutum ssp. purpurascens var. El-salvador bilan undan, indusirlangan mutagenez va o‘z-o‘zidan chatishtirish usullarini qo‘llash natijasida olingan «Ko‘paysin» navi o‘rtasidagi genetik polimorfizm darajasi aniqlangan;
qimmatli xo‘jalik hamda morfobiologik belgilarga aloqador QTL/genlarni xaritalashda xizmat qiladigan DNK markerlar paneli yaratilgan;
genetik jihatdan polimorf markerlar asosida ikkinchi (F2) avlod duragaylari genotiplangan;
genotipik tahlillardan foydalanib birikkanlik hamda MBL (QTL) xaritalari tuzilgan;
In silico PZR usulidan foydalanib G.hirsutum turi genomi asosida polimorfik marker regionlarining xromosomalardagi o‘rni (joylashgan hududlari) aniqlangan;
NCBI BLAST hamda Augustus veb-ilovalari yordamida ba’zi morfobiologik belgilarning yuzaga chiqishida ishtirok etish ehtimolligi mavjud bo‘lgan nomzod genlar/oqsillar topilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G‘o‘za namunalarini turichi chatishtirish natijasida olingan F1 va F2 avlod duragaylari belgilarining morfobiologik belgilari irsiylanishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
G.hirsutum turi purpurascens kenja turi El-salvador yovvoyi shakli hamda «Ko‘paysin» navini turichi duragaylash natijalari asosida yaratilgan F2 duragay o‘simlik populyasiyasi urug‘lari Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutining «G‘o‘za genofondi» noyob ob’ekti kolleksiyasiga taqdim etilgan (O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasining 2021 yil 20 yanvardagi 4/1255-150-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu ikkinchi avlod duragay urug‘lari o‘rta tolali g‘o‘za kolleksiyasi fondini yanada boyitish bilan bir qatorda, fundamental va amaliy loyihalarda boshlang‘ich ashyo sifatida foydalanish hamda elektron bazasi axborot-tahlil tizimini shakllantirish imkonini bergan;
g‘o‘zaning «Ko‘paysin» navidan molekulyar genetik tahlillar natijasida fermer xo‘jaliklari uchun muhim bo‘lgan ertapisharlik, kasallikka chidamlilik hamda serhosilligi kabi belgi va xususiyatlarni turg‘un bo‘lgan duragay tizmalar ajratib olingan va seleksiyaga joriy etilgan (O‘zbekiston fermer, deqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashining 2021 yil 15 yanvar` 01/03-0144-son ma’lumotnomasi). Natijada, El-salvador yovvoyi shaklida mujassam bo‘lgan qimmatli-xo‘jalik belgilarini ikkinchi avlod duragaylarida yuzaga chiqishi seleksiyada donor liniyalar ajratib olish imkonini bergan.