Yuldashova Rano Urinbaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Xelikobakterioz va dori tashuvchi genlar mavjudligini hisobga olgan holda temir tanqisligi anemiyasida ferroterapiya samaradorligini oshirish yo‘llari» 14.00.05 – Ichki kasalliklar (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Tib2406.
Ilmiy rahbar: Jarilkasinova Gavxar Januzakovna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali PhD 04/30.09.2020 Tib 123.01.
Rasmiy opponentlar: Jabbarov Ozimbay Otaxanovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent; Zaxidova Mashxura Ziyomatovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Sankt-Peterburg davlat tibbiyot pediatriya universiteti (Rossiya Federatsiyasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: xelikobakterioz bilan og‘rigan bemorlarda temir tanqisligi kamqonligining xususiyatlarini o‘rganish va infeksiyaning namoyonligi va dori transportyorlari genotiplarini tashuvchanligini hisobga olgan holda kombinatsiyalangan ferroterapiyaga differensial yondashuvni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor temir tanqisligi anemiyasi bilan og‘rigan bemorlarda ferritin va qon zardobidagi temir darajasi bilan NRga antitelalar darajasi o‘rtasida sezilarli bog‘liqlik mavjudligi aniqlangan;
NRga nisbatan antitelalarning yuqori darajasi uch valentli temir preparatlari bilan terapiya samaradorligini pasayishi bilan bog‘liqligi isbotlangan;
eradikatsion terapiyasi kursini o‘tkazish uch valentli temir preparatlaridan foydalanganda ferroterapiya samaradorligining asosiy laboratoriya ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada oshirishi isbotlangan;
ilk bor genetik determinlangan oqsil-transpotyori past faollikda bo‘lgan bemorlarda eradikatsion terapiya kursini o‘tkazish uch valentli temir preparati bilan davolash samaradorligini oshirishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Xelikobakteriozga chalingan bemorlarda uchraydigan temir tanqisligi anemiyasida ferroterapiya samaradorligini oshirish bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida:
Helicobacter pylori bilan birga kuzatiladigan temir tanqisligi anemiyasida terapiyasi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotning ilmiy natijalari asosida ishlab chiqilgan "Helicobacter pylori bilan birga kuzatiladigan temir tanqisligi anemiyasida ferroterapiya samaradorligini baholash usullari" nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 25 yanvardagi 8n-r/66-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma NR bor bemorlarda temir tanqisligi anemiyasini davolashda turli xildagi temir preparatlarini qo‘llab davo samaradorligini baholashga imkon bergan;
Helicobacter pylori bilan kasallanganda temir tanqisligi holatlari og‘irligini bashorat qilish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotning ilmiy natijalari asosida ishlab chiqilgan "Helicobacter pylori bilan kasallanganda temir tanqisligi holatlari og‘irligini bashorat qilish usuli" nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 25 yanvardagi 8n-r/65-son ma’lumotnomasi). Ushbu uslubiy tavsiyanomaning maqsadi temir tanqisligi anemiyasi bor bemorlar organizmidagi temir almashinuvi ko‘rsatkichlari va NRga nisbatan antitelalar darajasi o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganish. Korrelyasion bog‘liqlikni baholashda olingan natijalar asosida shuni xulosa qilish mumkinki, ferritin, qon zardobidagi temir va boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma’lumotlar bo‘lmaganda, NR ga nisbatan antitelalar miqdoriga qarab temir tanqisligi holatining mavjudligi va uning og‘irligini aniqlash imkonini bergan;
xelikobakterioz va dori tashuvchi genlar mavjudligini hisobga olgan holda temir tanqisligi anemiyasida ferroterapiya bo‘yicha Ilmiy tadqiqot natijalari sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Buxoro viloyati №3, №4 va 6-sonli oilaviy poliklinikalar faoliyatiga tatbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 28 fevraldagi 8n-z/111-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalarning amaliyotga tatbiq etilishi Helicobacter pylori bilan bog‘liq temir tanqisligi kamqonligi bilan og‘rigan bemorlarni davolash samaradorligini oshirish imkonini bergan.