Azimov Nurmuxammad Shuxratovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Codonopsis clematidea, Codonopsis bactriana, Phragmites communis o‘simliklarining kimyoviy komponentlari va tovar sifatida sinflanishi», 02.00.09 – Tovarlar kimyosi, 02.00.10 – Bioorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/K444.
Ilmiy rahbarlar: Xo‘jaev Vaxobjon Umarovich, kimyo fanlari doktori, professor; Aripova Salimaxon Fazilovna, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.K.05.01.
Rasmiy opponentlar: Axmadaliev Maxamadjon Axmadalievich, texnika fanlari doktori, dotsent; Nazarov Otabek Mamadalievich, kimyo fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi C.clematidea, C.bactriana va Ph.communis o‘simliklarining kimyoviy birikmalarini yuqori biologik faollikka ega bo‘lgan moddalar asosida biologik faol qo‘shimchalar olish hamda ularni kimyoviy tarkibi asosida tovar sifatida standartlash va sinflashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Codonopsis bactriana o‘simligining kimyoviy tarkibida kodonopsinin, kodonopsin va kodonopsinol alkaloidlarini saqlanishi isbotlangan hamda o‘simlikning flavonoidlari, vitaminlari, makro- va mikroelementlari sifat va miqdor jihatdan aniqlangan;
O‘zbekiston hududida o‘suvchi Ph. communis o‘simligining kimyoviy tarkibi batafsil aniqlangan hamda ushbu o‘simlik turi donaksin alkaloidining manbai bo‘lib xizmat qilishi isbotlangan;
o‘simliklarning oqsillari ajratib olinib, ularning aminokislota tarkibi aniqlangan hamda mazkur o‘simlik turlari bir qator almashinmaydigan muhim aminokislotalarning tabiiy manbai ekanligi isbotlangan;
induktiv bog‘langan argon plazmali mass-spektrometriya usuli yordamida o‘simliklarning tarkibidan 44 ta element identifikatsiya qilinib, miqdori aniklangan;
ilk bor Ph. communis o‘simligining lipidlar, murakkab yog‘ kislotalar va polisaxaridlar tarkibi, 19 turdagi yog‘ kislotalarining umumiy lipidlarga nisbatan miqdorlari gaz xromatografiyasi usuli yordamida isbotlangan,
o‘simlik polisaxaridlarini ishqoriy gidrolizlab, suvda eruvchan polisaxaridlar va ishqorda eruvchan polisaxaridlar olingan, ular polisaxaridlarning murakkab geterogen aralashmasidan tarkib topganligi isbotlangan;
ilk bor C. clematidea o‘simligining ekstraktiv moddalari asosida ozuqaga biologik faol qo‘shimcha ishlab chiqilgan;
olingan mahsulotlarni kimyoviy tarkibi asosida fotoelektrokolorimetriyaga asoslangan taxlil usuli ishlab chiqilgan va ushbu usulda olingan tovar mahsulotlarni tovar sifatida sinflash va sertifikatlashda foydalanishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
C. clematidea, C. bactriana va Ph. communis o‘simliklarining kimyoviy komponentlarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekiston hududida o‘suvchi C. clematidea, C. bactriana va Ph. communis o‘simliklarining alkaloidlar tarkibi №FA-F-7-005 “O‘zbekistonning alkaloid saqlovchi o‘simliklarini tadqiqotlari asosida biologik faol substansiyalar yaratishning fundamental asoslari” fundamental loyihasining tadqiqot ob’ektlari sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2022 yil 12-yanvardagi 4/1255-58-son ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekistonning alkaloid saqlovchi o‘simliklari asosida biologik faol substansiyalar yaratishning fundamental asoslaridan birini ishlab chiqish imkonini bergan;
Ajratib olingan organik birikmalarning turli fiziologik faolliklarini aniqlash bo‘yicha molekulyar-biologik, farmakologik-toksikologik izlanishlar №VA-FA-F-6-009 “Tabiiy birikmalar va ularning sintetik hosilalarining sitotoksik, antibakterial, zamburug‘ga qarshi va antioksidant faolliklarini o‘rganish” fundamental loyihasining  tadqiqot ob’ektlari sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2022 yil 12-yanvardagi 4/1255-57-son ma’lumotnomasi). Natijada, tabiiy birikmalarning turli yo‘nalishlarda fiziologik faollikka ega bo‘lgan birikmalarning kimyoviy tuzilishni biologik faollikka bog‘liqlik qonuniyatlarini ochib berish imkonini bergan;
gepalyutin ozuqaga biologik faol qo‘shimchasini olishga texnik shartlar O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan tasdiqlangan (Ts 03545440-030:2021) (O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining 2021 yil 4 martdagi 31-8/282-son xati). Natijada, “Gepalyutin” biologik faol qo‘shimchasini kimyoviy tarkibi asosida tovar sifatida sinflash va standartlash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish