Hamdamov Yusuf Qudratovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “O‘zbekiston matbuoti rivojlanishining asosiy tamoyillari, 1980-2013 yillar (nazariy kategoriyalar evolyusiyasi)”, 10.00.09 – Jurnalistika (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Fil50.
Ilmiy maslahatchining familiyasi, ismi, sharifi, ilmiy darajasi va unvoni: Mo‘minov Fayzulla Abdullaevich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.01.10.
Rasmiy opponentlar: Kamilova Saodat Ergashevna, filologiya fanlari doktori, professor, Karimov Bahodir Nurmetovich, filologiya fanlari doktori, professor, Mel`nik Galina Sergeevna, filologiya fanlari doktori, professor (Sankt-Peterburg davlat universiteti).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston matbuoti rivojlanishining asosiy tamoyillari, nazariy kategoriyalari evolyusiyasini 1980-2013 yillar davomida O‘zbekistonda bosilgan vaqtli matbuot nashrlari misolida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
jurnalistika nazariy kategoriyalarini yangi davr nuqtai nazari bilan tasniflash, uning imkoniyatlaridan ommaviy axborot vositalari faoliyatida, xususan, gazetalarni mazmunli chiqishi va o‘qishli bo‘lishida ma’lumot etkazish, madaniy-ma’rifiy, tashkilotchilik va dam oldirish (ko‘ngilocharlik) kabi funksiyalar o‘z samarasini berayotganligi dalillangan;
jamoatchilik fikrini shakllantirish va ommani tezkor, yangi axborot bilan ta’minlashda jurnalistik mahoratning ahamiyati yuqori darajada ekanligi, jurnalistik faoliyatda jurnalistikaning nazariy kategoriyalari sirasiga kiruvchi xolislik va haqqoniylik, ommaviylik, vatanparvarlik va baynalminallik, betaraflik va partiyaviylik prinsiplaridan yangi davr nuqtai nazari bilan unumli foydalanilayotganligi va bu omillar o‘z natijasini berayotgani isbotlangan;
jahon tajribasidan o‘tgan zamonaviy modifikatsiyalarni gazetalar tahririyatiga joriy etish ularning reytingini ko‘tarishning muhim omili ekanligi, gazetalarda bosilib chiqayotgan materiallarning mazmuni, sifati, ta’sirchanligi, jamiyatdagi ijtimoiy muammolarni ko‘tarib chiqish va tanqidiy yondashish mustabidlik davriga nisbatan farq qilishi, ayni vaqtlarda gazetalar uchun materiallar tayyorlashda davr nuqtai nazari bilan yondashilib, dalillar, til va uslub, janr imkoniyatlaridan unumli foydalanish keng tus olganligi dalillangan;
jurnalist ijodida mazmun va shakl kategoriyalaridagi ijobiy o‘zgarishlar, ya’ni shaklga nisbatan mazmun muhim ahamiyat kasb etayotgani masalasiga bugungi kun talablaridan kelib chiqib yondashilayotgani, bu omillar bevosita matbuotning rivojiga ijobiy ta’sir etayotgani dalillangan;
O‘zbekiston gazetalari faoliyatini yangi davr jurnalistikasi talablari asosida yangilash, jurnalistika nazariy kategoriyalarini yanada yangi bosqichga olib chiqadigan mediakonvergensiyalarga moslashtirish, auditoriya talabini e’tiborga olish kabi omillar asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston matbuoti rivojlanishining asosiy tamoyillari, shuningdek, nazariy kategoriyalar evolyusiyasi masalalari tadqiqi yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
mustabidlik davrida matbuot yakkahokimlik va yakkapartiyaviylik ta’siri ostida faoliyat yuritishga majbur etilgani, shu bois matbuot davlat bilan xalq o‘rtasidagi vositachilik rolini to‘laqonli bajara olmagani, buning sabab va oqibatlari yuzasidan olingan xulosalardan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan o‘tkazilgan targ‘ibot va tashviqot faoliyatida materiallar va o‘quv qo‘llanmalar tayyorlashda foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2019 yil 20 dekabrdagi 02/07-16279-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur ilmiy xulosalarning amaliyotga tatbiq qilinishi axborot vositalari orqali amalga oshirilayotgan mafkuraviy tazyiqlarning oldini olishga hamda Internet saytlari, mobil` messenjerlar vositasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng tushuntirish ishlariga qaratilgan onlayn so‘rovnomalar, muhokamalar va muloqot maydonlarini tashkil qilish kabi vazifalar ijrosini ta’minlashga xizmat qilgan;
mustaqillikni mustahkamlash, xalqimiz qalbi va ongiga milliy istiqlol g‘oyasini singdirish yo‘lida salmoqli ishlar olib borayotgan matbuotning o‘ziga xos qirralarini ochib berishda mustabidlik davri bilan hozirgi davr farqlari yuzasidan olingan xulosalardan Qo‘mita tadbirlaridagi ma’ruzalar mazmunini boyitishda hamda Milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari ish jarayonini takomillashtirishga bag‘ishlagan ilmiy-amaliy seminarlarda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining 2019 yil 10 dekabrdagi 02-09-2278-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqotning tahliliy ilmiy xulosalari 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining beshinchi ustuvor yo‘nalishida hamda “Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda xizmat qilgan;
jurnalistikaning ijtimoiy institut sifatidagi faoliyatining ilmiy qarashlar asosida yangicha tarzdagi tasnifi hamda jahon jurnalistikasining xabar berish, nazorat, bog‘lovchilik, tekshirish kabi funksiyalarining o‘ziga xosligi yuzasidan dalillangan xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining 2020 yil 5 fevraldagi 05/2-627-son ma’lumotnomasi). Natijada bu esa respublika davriy nashrlarida mazkur yo‘nalishdan unumli foydalanish, mutanosiblikka erishish borasidagi muammolarni ochib berishga hamda jurnalist ijodida mazmun va shakl kategoriyalaridan foydalanishda mazmunga ko‘proq e’tibor qaratish lozimligiga xizmat qilgan;
jurnalistika nazariy kategoriyalarining asosiy ko‘rinishlaridan biri hisoblangan janrlarning o‘rni, ahamiyati, o‘ziga xos xususiyatlari, jurnalistlarning janr imkoniyatlaridan yangicha yondashgan holda va unumli foydalanishlari bo‘yicha asosli tavsiya va takliflardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining amaliy ishlarida foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2019 yil 20 dekabrdagi 02-35-2679-son ma’lumotnomasi). Natijada bu O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarining mazmunli, ta’sirchan va samarali bo‘lishi, shuningdek, o‘ziga katta auditoriyani jalb qilishga xizmat qilgan;
jurnalistikaning ijod usullari ustida olib borilgan samarali ishlar va ulardan foydalanish bo‘yicha berilgan tavsiyalar mamlakatimizning bosma nashrlari, televidenie, radio, internet va axborot xizmatlarida ishlayotgan jurnalistlarning ijodiy faoliyatlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining 2019 yil 20 noyabrdagi 15/457-son ma’lumotnomasi). Natijada jurnalistik asar mazmuni, jurnalistik asarda til va uslub dolzarb mavzudagi maqolaar yozish, ommaning e’tiborini tortadigan ko‘rsatuv va eshittirishlar tayyorlash, ijtimoiy tarmoqlarda tezkor va qiziqarli materiallar tayyorlashda xizmat qilgan;
bosma nashrlarni tayyorlashda til imkoniyatlaridan imkon darajasida foydalanib, o‘ziga xos uslubda turli janrlardagi materiallar tayyorlash borasidagi xulosalardan sohada xizmat qilayotgan ijodkorlarning tezkor va ta’sirchan materiallar tayyorlashlariga ko‘proq e’tibor berish hamda “Ommaviy axborot vositalarining tili va uslubi” mavzusidagi loyiha doirasida foydalanilgan (Milliy matbuot markazining 2019 yil 06 dekabrdagi 01/304-son ma’lumotnomasi). Natijalar internet va bosma nashrlar, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar faoliyatining sifat jihatdan yaxshilanishiga xizmat qilgan;
amaliyotchi jurnalistlar uchun nazariy kategoriyalarga kiradigan shakl va mazmunning o‘rni, ahamiyati, zamonaviy janrlardan unumli foydalanishning dolzarbligi hamda jurnalist ijodida bu muhim omillardan foydalanish, ayniqsa, yosh jurnalistlarning bilimi va tajribasini oshirish bo‘yicha ma’ruzalar tashkil qilish, treninglar o‘tkazishga oid ishlab chiqilgan tavsiyalardan “Muharrirlikka ixtisoslashgan jurnalistlarning kasb – malakasini oshirish” amaliy loyihasida foydalanilgan (Mustaqil ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab–quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining 2019 yil 24 noyabrdagi 1/R 86-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu takliflarning amaliyotga joriy etilishi bilan bog‘liq tavsiya, ko‘rsatmalar matbuot sohasida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar, ayniqsa, yosh avlodning ilmiy salohiyati va kasbiy mahoratining oshishiga xizmat qilgan;
jurnalistikaning ijod usullari, jurnalistik asar mazmunining nazariy va amaliy masalalariga doir asoslangan xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining an’anaviy “Yil publisistikasi” amaliy loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2019 yil 12 dekabrdagi 01-03-01/1461-son ma’lumotnomasi). Natijada soha ijodkorlarining jurnalistika ijod usullarining zamonaviy tamoyillari, davriy nashrlarda publisistik asarlarning qay darajada o‘z ifodasini topayotganligi, jurnalistning jamiyatdagi o‘rni, mamlakatimizda keyingi yillarda matbuot va so‘z erkinligi borasida olib borilayotgan amaliy ishlar haqidagi tasavvurlarini oshirib, amaliyotchi jurnalistlar, ayniqsa, sohaga endigina kirib kelayotgan yoshlarning bilim va tajribalarining mukammal bo‘lishiga xizmat qilgan.