Kurbonova Gulsara Sodikovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Sharq madaniyati va falsafiy qarashlarining badiiy tarjimada qayta yaratilishi (Montesk`e va Amin Maaluf asarlarining o‘zbek tiliga tarjimalari misolida)”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.DSc/Fil271.
Ilmiy maslahatchining familiyasi, ismi, sharifi, ilmiy darajasi va unvoni: Shirinova Raima Xakimovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.01.10.
Rasmiy opponentlar: Pardaeva Zulfiya Jo‘raevna, filologiya fanlari doktori, professor; Jo‘raeva Malohat Muxammadovna, filologiya fanlari doktori; Xomidov Xayrillo Xudoyorovich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi fransuz badiiy-falsafiy matnlari tarjimasida sharq madaniyati va falsafiy qarashlarini qayta tiklashga imkon beruvchi yangicha yondashuv - lingvofalsafiy tahlil metodologiyasini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
fransuz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilish jarayonida sharq madaniyati va falsafiy qarashlarini qayta tiklashning adekvatligini aniqlash usuli sifatida tarixiylik, lingvistik hamda filologik tamoyillarini o‘z ichiga olgan yangicha yondashuv – lingvofalsafiy tahlil metodologiyasi asoslangan;
fanlararo tamoyil nuqtai nazaridan “lingvofalsafiy qarashlar”ning nazariy tushunchasi badiiy-falsafiy asarlarning “ma’no” va “mazmun” birligiga ko‘ra falsafiy bilish faoliyatining yopiq doirasini hosil qilishi isbotlangan;
tarjimani baholash markerlari sifatida tarjimon faoliyatining kognitiv asoslari va ularning tarjimada verbal reprezentatsiyasi kabi tarjima strategiyalari, ekvivalentlik hamda adekvatlik kategoriyalari kabi baholash mezonlari, lisoniy, semantik, kognitiv tushunish darajalaridagi tarjima xatolari aniqlashtirilgan;
badiiy-falsafiy asarlarni adekvat tarjima qilishga imkon beruvchi til – tafakkur – madaniyat uchligini o‘z ichiga olgan lingvofalsafiy tahlil usuli fransuz yozuvchilari ijodida aks etgan sharq obrazi interpretatsiyasi prizmasi orqali asoslangan;
fransuz tilidagi badiiy matnlarning madaniy-falsafiy jihatlarini o‘zbek tiliga o‘girishda muallif uslubining lisoniy xususiyatlari hamda lingvofalsafiy qarashlarini hisobga olish matnning formal va pragmatik muvofiqligini ta’minlashga asos bo‘lishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Falsafiy-badiiy asarlar tarjimasida sharq madaniyati hamda falsafiy qarashlarini tadqiq qilish jarayonida olingan nazariy va amaliy natijalarga asoslanib:
fransuz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilish jarayonida sharq madaniyati va falsafiy qarashlarini qayta tiklashning adekvatligini aniqlash usuli sifatida tarixiylik, lingvistik hamda filologik tamoyillarni o‘z ichiga olgan yangicha yondashuv – lingvofalsafiy tahlil metodologiyasini ishlab chiqishga oid xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston tarixi” telekanalida “Mavzu”, “Etno” va “Taqdimot” ko‘rsatuvlarini yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2022 yil 17 martdagi 06-31-606-son ma’lumotnomasi). Natijada, teleko‘rsatuvlar ssenariysi badiiy-falsafiy matnlarni tarjima qilishda tarjimaning tarixiylik, lingvistik hamda filologik tamoyillarini o‘z ichiga olgan lingvofalsafiy tahlil metodologiyasini qo‘llash to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan boyitilgan;
fanlararo tamoyil nuqtai nazaridan “lingvofalsafiy qarashlar”ning nazariy tushunchasi badiiy-falsafiy asarlarning “ma’no” va “mazmun” birligiga ko‘ra germenevtik yondashuv orqali falsafiy bilish faoliyatining yopiq doirasini hosil qilishi borasida chiqarilgan xulosalardan Erasmus+UNICAC 598340-EPP-1-2018-1-ES-EPPKA2-CBHE-JP “University Cooperation Framework for Knowledge Transfer in Central Asia and China” xalqaro loyihasida belgilangan vazifalarni bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy universitetining 2022 yil 17 martdagi 04/11-1561-son ma’lumotnomasi). Natijada, “falsafiy qarashlar” kategoriyasini badiiy-falsafiy asarlarning yetakchi tarkibiy qismlaridan biri sifatida ajratishga erishilgan;
tarjimani baholash markerlari sifatida tarjimon faoliyatining kognitiv asoslari va ularning tarjimada verbal reprezentatsiyasi kabi tarjima strategiyalari, ekvivalentlik hamda adekvatlik kategoriyalari kabi baholash mezonlari, lisoniy, semantik, kognitiv tushunish darajalaridagi tarjima xatolarining turlarini tizimlashtirishga oid xulosalardan “O‘zbekiston-Fransiya aloqalari” xalqaro loyihasida belgilangan vazifalarni bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy universitetining 2022 yil 24 martdagi 84-01-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur loyiha doirasida amalga oshirilgan madaniyatlararo muloqot natijasi sifatida badiiy tarjimaning asosiy baholash mezonlarini aniqlashda substitutiv-transformatsion va germenevtik modellarni qo‘llash samaradorligiga erishilgan;
badiiy-falsafiy asarlarni adekvat tarjima qilishga imkon beruvchi til – tafakkur – madaniyat uchligini o‘z ichiga olgan lingvofalsafiy tahlil usuli fransuz yozuvchilari ijodida aks etgan sharq obrazi interpretatsiyasi prizmasini tavsiflashiga oid xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2016-2018 yillarda OT-F-030 “O‘zbekiston adabiyoti tarixi” ko‘p jildli monografiyani (7 jild) chop etish nomli fundamental loyihasi doirasida belgilangan vazifalarni bajarishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022 yil 4 martdagi 01/6-503-son ma’lumotnomasi). Natijada, badiiy matn tarjimasida refleksiya, tushunish, tushuntirish muammolarining o‘zaro aloqadorligi masalalari tarjimada yangicha yondashuv sifatida lingvofalsafiy tahlil usulini aniqlashga va baholashga xizmat qilgan;
badiiy-falsafiy matnlarni tarjima qilish algoritmi tarixiy, badiiy va diniy matnlarni erkin hamda so‘zma-so‘z tarjima qilish usullariga oid metodik tavsiyalar asosida asarning tarixiyligi (asar yaratilgan davr), filologik (muallif biografiyasi, asar janri, psixologiyasi, badiiy obrazlar ifodasi kabi adabiyotshunoslikka xos) jihatlarini tahlil qilish borasidagi uslubiy tavsiyalarga oid xulosalardan Erasmus+585845-EPP-1-2017-1-ES-EPPKA2-CBHT-JP «Development of the interdisciplinary master program on Computational Linguistics at Central Asian Universities: CLASS» xalqaro loyihasida belgilangan vazifalarni bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy universitetining 2022 yil 24 martdagi 04111-1632-son ma’lumotnomasi). Natijada, loyiha doirasida badiiy-falsafiy matnlarni o‘girish algoritmini qo‘llash orqali tarjima adekvatligini ta’minlashga erishilgan.