Toshtemirova Nigora Dilshodovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon


I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda onalik va bolalikni muhofaza qilish ishi tarixi”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2. PhD/Tar 487.
Ilmiy rahbar: Mo‘minova Gavhar Esonovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat universiteti. PhD.03/27.02.2021.Tar.70.05.
Rasmiy opponentlar: Qobulov Eshbolta Otamurodovich, tarix fanlari doktori, professor; Jumanov Sanjar Abdurazzakovich, tarix fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda mustaqillik sharoitida (1991-2019 yy.) ona va bola salomatligini muhofaza qilish bilan bog‘liq tarixiy jarayonlarni ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mustaqillik yillarida O‘zbekistonda “oilani rejalashtirish” siyosati natijasida onalar va bolalar kasallanish hamda o‘lim ko‘rsatkichining pasayishiga erishilgan bo‘lsada, ammo bu borada Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida ahvol og‘irligicha qolganligi, tug‘ilish ko‘rsatkichining yuqoriligi, viloyatlarda tug‘ilish ko‘rsatkichining 1991-2019 yillardagi dinamikasi ochib berilgan;
“intergenetik” intervalning qisqaligi onalar va bolalar kasallanishi hamda o‘limi dinamikasining o‘sib borishiga asos bo‘lganligi va ushbu muammoni bartaraf etish uchun O‘zbekistonda olib borilgan siyosat, xususan, onalik va bolalikni himoya qilish bo‘yicha davlat dasturlarining qabul qilinishi, ular uchun davolash muassasalari tarmog‘inini kengaytirish, onalar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha amaliy harakatlar olib borilganligi aniqlangan;
O‘zbekistonda qishloq aholisiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatining qoniqarsizligi va tibbiy savodxonlik darajasini oshirish tadbirlari ko‘lamining torligi tufayli shahar va qishloq aholisi tug‘ilish ko‘rsatkichlari o‘rtasida katta tafovut mavjudligi viloyatlar misolida ko‘rsatib berilgan;
ona va bola salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha olib borilgan oqilona davlat siyosati tufayli O‘zbekiston jahon mamlakatlari reytingida oldingi o‘rinlardan birini egallaganligi, sohada erishilgan ijobiy ko‘rsatkichlar xorijiy ekspertlar tomonidan yuqori baholanganligi va bu boradagi tajribaning boshqa davlatlardagi targ‘iboti ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekistonda onalik va bolalikni muhofaza qilish ishi tarixiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
O‘zbekistonda onalik va bolalikni muhofaza qilish tadbirlari, xususan, yangi tug‘ruq majmualari, skrining markazlari binolarining bunyod etilishi bilan bog‘liq tarixiy jarayonlarni yoritib berish, onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasi vakillari faoliyatini yoritish kabi ilmiy natijalaridan “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv qo‘llanmasini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining (237-125) 2021 yil 31 maydagi 237-son buyrugi). Bu ma’lumotlar davlatimiz sog‘liqni saqlash tizimida onalik va bolalikni muhofaza qilish ishi bugungi kunda ham dolzarb masala ekanligi haqidagi tushunchalarni talabalar ongiga etkazishga xizmat qilgan;
mustaqillik yillarida onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasining huquqiy asoslari, soha moddiy-texnik asosini mustahkamlash tadbirlari, onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasining qator yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar, bolalar davolash muassasalari, onalar va go‘daklar maslahatxonalari, tug‘ruq ishining holati, perinatal markazlarning sog‘lom bola tarbiyasidagi ahamiyati, sohasi rivojlantirishda ilm-fan va kadrlar masalasining o‘rni va bu borada xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikning rivojlanish bosqichlari tarixiy dalillar va ilmiy natijalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston tarixi” telekanalida 2021 yil 6 martda efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvining ssenariylarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O’zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat unitar korxonasining 2021 yil 11 martdagi 02-40-312-son ma’lumotnomasi). Bu esa O‘zbekistonda onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarning qanchalik muhim vazifalardan biri ekanligini ko‘rsatib berishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish