Komilov Oybek Kamilovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon  

 

I. Umumiy ma’lumotlar

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda irrigatsiya tizimi rivojlanishi va uning oqibatlari», 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Tar12.

Ilmiy maslahatchi: Murtazaeva Rahbarxon Hamidovna, tarix fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz, Tarix instituti, Qoraqalpoq ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc. 27.06.2017.Tar.01.04.  

Rasmiy opponentlar:Ergasheva Yulduz Alimovna tarix fanlari doktori, professor; Oblamurodov Naim Xalimovich tarix fanlari doktori; Ikramov Raximjon Karimovich texnika fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot:Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: 1951-1990 yillarga oid birlamchi va tarixiy manbalar asosida O‘zbekistonda irrigatsiya tizimining rivojlanishi, amalga oshirilgan sug‘orish tadbirlarining natijalari va ularning oqibatlarini ochib berishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: XX asr ikkinchi yarmida sovet hokimiyatining O‘zbekiston irrigatsiya tizimida amalga oshirgan ikkiyoqlama siyosati, uning sug‘orish sohasidagi deformatsiya jarayonlariga ta’siri xolislik tamoyili asosida ochib berilgan;

sug‘orma dehqonchilik madaniyatining o‘ziga xos an’analariga ega bo‘lgan respublikaning sovet davlati hukmronligi yillarida ham irrigatsiya va melioratsiya sohalari uchun mutaxassis kadrlar tayyorlab berish borasida tayanch maskan bo‘lganligi, shuningdek mahalliy muhandis-gidrotexniklarning Afg‘oniston, Mozambik, Suriya kabi mamlakatlarda kichik suv omborlari (barrajlar) qurishdagi ishtiroki og‘zaki tarix (Oral history) yordamida ilmiy iste’molga kiritilgan;

yangi erlarni o‘zlashtirish irrigatsiya va ijtimoiy hayot sohalaridagi ziddiyatli holatlarni keltirib chiqargani, Markaziy Farg‘ona, Mirzacho‘l, Surxon-Sherobod, Qarshi, Jizzax dashtlaridagi qo‘riq va bo‘z erlarni o‘zlashtirish uchun respublikaning aholi zich hududlaridan oilalarning ko‘chirib keltirilishi, uning urbanizatsiya jarayonlari hamda tumanlar transformatsiyasiga ta’siri asoslab berilgan;

XX asr 70-80-yillaridan boshlab hosildorlik sifatiga e’tibor berilmasdan, sug‘orma maydonlarning ekstensiv tarzda ortishi irrigatsiya-melioratsiya ishlarining kengayishi, sug‘orish tizimi konfiguratsiyasining o‘zgarishi, sug‘oriladigan erlarning yaroqsiz holatga kelishi hamda hosildorlikning kamayishiga sabab bo‘lganligi aniqlangan;

sug‘oriladigan maydonlardagi er osti hamda sizot (grunt) suvlari sathini pasaytirish maqsadida drenaj, kanal hamda nasos stansiyalarining barpo etilishi suvning tabiiy muvozanatini buzilishiga, suv resurslarining tanqisligi,  ekologik holatning izdan chiqishi hamda Orolbo‘yi genofondiga eksternal` ta’siri tarixiy dalillar asosida isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

1951-1990 yillar davriy chegarasida O‘zbekistonda irrigatsiya tizimining rivojlanishiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:

sovet hukumatining irrigatsiya tizimida amalga oshirgan siyosati ta’sirida sug‘orish inshootlarini barpo etish rivojlanib borgani to‘g‘risidagi tadqiqot xulosalari va statistik materiallar, arxiv hujjatlari hamda ma’lumotlaridan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining «Farg‘ona vodiysining magistral` kanallari va gidrotexnik inshootlari» deb nomlangan bo‘limi joriy arxivi jamg‘armalarini takomillashtirishda qo‘llanilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining 2015 yil 10 martdagi 46/84-son ma’lumotnomasi). Sun’iy sug‘orish inshootlarining barpo etilishi o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi sohasi taraqqiyotiga xizmat qilganligi, uning natijalari ikkiyoqlama xarakterga ega bo‘lganligiga oid ilmiy xulosalarni oydinlashtirgan.

sovet davlatining paxta yakkahokimligi siyosati ta’sirida sug‘orish tizimiga doir qo‘llagan chora-tadbirlari yuzasidan olingan ilmiy natijalardan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining 2014 yil 28 dekabrdagi 36/1 I/Ch-sonli buyrug‘iga muvofiq muzey ekspozisiyalarining «O‘zbekiston suv omborlari», «Orol fojiasi» nomli bo‘limlarini qayta shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2016 yil 2 noyabrdagi 3/1255-1338-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning muzey ekspozisiyalariga joriy etilishi sovet davrida sug‘oriladigan er maydonlarining ekstensiv ravishda deyarli ikki baravarga kengaytirilgani, yirik irrigatsiya inshootlari yordamida suv to‘plash imkoni qo‘lga kiritilgani, Amudaryo va Sirdaryo suv zaxiralarining me’yordan ortiq olinishi Orol dengizining halokatini muqarrar qilib qo‘ygani hamda sovetlarning «irrigatsiyani rivojlantirish - umumxalq ishi» deb nom olgan sun’iy g‘oyasini qat’iy tatbiq qilish jarayonida amalga oshirilgan majburlov-buyruqbozlik tadbirlari mohiyatini haqqoniy tarzda ochib berishga hissa qo‘shgan.

dissertatsiya ilmiy natijalaridan O‘zbekiston tarixi muzeyining «Qo‘riq va bo‘z erlarni o‘zlashtirish» bo‘limini qayta shakllantirish va ma’lumotlar bilan boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2016 yil 2 noyabrdagi 3/1255-1338-son ma’lumotnomasi). Qo‘llangan ilmiy xulosalar sovet hukmronligi davrida Markaziy Farg‘ona, Mirzacho‘l, Surxon-Sherobod, Qarshi va Jizzax cho‘llarini o‘zlashtirish maqsadida aholi zich hududlardan oilalarning ko‘chirib keltirilishi yangi shahar va tumanlarni barpo etishga turtki bo‘lganligi natijasida urbanizatsiya jarayonlarining taraqqiy etishi bo‘yicha tarixiy bilimlarni kuchaytirishga xizmat qilgan.

sovet hukmronligi davrida O‘zbekiston irrigatsiyasi tarixiga doir  materiallardanO‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi «O‘zbekistonda suv resurslaridan samarali foydalanish» bo‘limi joriy arxivining «Sug‘orish tizimida energetik inshootlardan foydalanish samaradorligini oshirish» mavzuidagi yig‘ma jildini statistik ma’lumotlar va manbalar bilan boyitishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2016 yil 13 dekabrdagi 04/30-3902-son ma’lumotnomasi). Qo‘lga kiritilgan ushbu natijalar sovet hukmronligi davri tarixini anglash va yanada chuqurroq tadqiq etishga yordam bergan.

sovet hukmronligi yillarida tabiiy suv zaxiralaridan tashqari, respublika irrigatsiyasida nasos stansiyalardan foydalanilishi, ular sonining yildan-yilga ortib borgani, ulardan asosan suv chiqmaydigan adir zonalarida barpo etilgan paxta ekin maydonlarini sug‘orishda qo‘llanganligi bo‘yicha joriy etilgan ilmiy natijalardan «Nasos stansiyalari, energetika va aloqa boshqarmasi» hujjatlari va jamg‘armalarini statistik ma’lumotlar bilan to‘ldirishda foydalanilgan (Nasos stansiyalari, energetika va aloqa boshqarmasining 2017 yil 2 noyabrdagi 03-22-8407-son ma’lumotnomasi). Nasos stansiyalaridan foydalanib borishning ortishi natijasida paxta yakkahokimligi siyosatining yanada kuchayishi, daryo suvlari resurslaridan xo‘jasizlarcha foydalanilishi oqibatida suv tanqisligi muammosining kelib chiqishi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni xolisona yoritib berishga ko‘maklashgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish